Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish, hududiy boshqaruv organlariga yuklangan funksional vazifalarning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek qishloq tumanlari hokimliklari tuzilmasini maqbullashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi hududiy organlari tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida” 2004-yil 5-yanvardagi 2-son qarori bilan belgilangan (7g-ilova) boshqaruv xodimlari soni doirasida 1-ilovaga muvofiq ayrim qishloq tumanlari hokimliklari tuzilmasiga hokimning birinchi o‘rinbosari — shahar hokimi qo‘shimcha lavozimi kiritilsin.
2. Qo‘rg‘ontepa, Romiton, Zomin, Nishon, Sirdaryo, Xazorasp va Sariosiyo tumanlari hokimliklari boshqaruv apparatining 2-ilovaga muvofiq namunaviy tuzilmasi tasdiqlansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
T/r | Qishloq tumanlari nomi | Kiritilayotgan lavozim |
1. | Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Qorasuv shahri hokimi |
2. | Buxoro viloyatining Romiton tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Gazli shahri hokimi |
3. | Jizzax viloyatining Zomin tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Dashtobod shahri hokimi |
4. | Qashqadaryo viloyatining Nishon tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Talimarjon shahri hokimi |
5. | Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Baxt shahri hokimi |
6. | Xorazm viloyatining Hazorasp tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Pitnak shahri hokimi |
7. | Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani | Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari — Sharg‘un shahri hokimi |