Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoyishi
Toshkent Islom universiteti maslahat kengashini tuzish toʻgʻrisida
Toshkent islom universitetining faoliyatini takomillashtirish, yurtimizdagi va xorijdagi diniy tashkilotlar, tadqiqot va taʼlim muassasalari bilan hamkorlik qilish, zamonaviy fikrlovchi hamda diniy ilmga ega mutaxassislar tayyorlash, Universitet, Islom tadqiqotlar markazi, akademik litsey faoliyati siyosatini shakllantirishda tavsiyalar berish maqsadida:
1. Toshkent islom universiteti Maslahat kengashi tuzilsin va uning tarkibi ilovadagi roʻyxatga binoan tasdiqlansin.
Maslahat kengashi raisi etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A. Mansurov tayinlansin.
Maslahat kengashining tavsiyalari Universitet oʻquv va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirishda muvofiqlashtiruvchi va uygʻunlashtiruvchi mohiyatga egaligi belgilansin.
2. Maslahat kengashining maqsad va vazifalari quyidagilar etib belgilansin:
— islom universiteti talabalarini Vatanimiz mustaqilligiga sadoqatli va fidokor, boy madaniy va maʼnaviy merosimizni chuqur oʻrgangan, zamonaviy texnologiyalar va taʼlim uslublari asosida dunyoviy hamda diniy ilmlarni uygʻun ravishda oʻzlashtirgan yetuk mutaxassislar tayyorlashda tavsiyalar berish;
— jahondagi nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlarining va oliy taʼlim muassasalarining tajribasini atroflicha oʻrganish, tahlil etish hamda diniy tashkilotlar bilan aloqa oʻrnatish va bogʻlash asosida universitet oʻquv-tarbiya jarayoni sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil etish, millatimizning buyuk ilmiy, maʼnaviy qadriyatlari asosida yetuk islomshunos mutaxassis kadrlar tayyorlashni taʼminlash;
— homiylarni, shu jumladan xorijiy sarmoyalarni jalb etish, yetakchi tadqiqot va taʼlim markazlarining oʻqitish uslubiyati, taʼlimni tashkil etish tajribasini yaqindan oʻrganish va Kadrlar tayyorlash boʻyicha Milliy dasturga mos ravishda tatbiq etish hamda xorijdan sohaning yetuk mutaxassislarini taʼlim va tadqiqotlar jarayoniga taklif etishda tavsiyalar berish;
— dunyoviy va diniy fanlarning uygʻunligini taʼminlash asosida oʻquv dasturlarini muvofiqlashtirish, darsliklar tayyorlash hamda oʻquv jarayoni oldiga qoʻyilgan vazifalarni har tomonlama takomillashtirishda Universitet Ilmiy kengashiga tavsiyalar berish;
— Universitet va uning huzuridagi Islom tadqiqotlar markazi, akademik litseyda olib boriladigan ilmiy-uslubiy tadqiqotlar yoʻnalishi va mavzulari boʻyicha hamda Manbalar xazinasini tashkil etishda tavsiyalar berish;
— Universitetning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda keng jamoatchilik bilan aloqa bogʻlash, bu borada omma afkorini shakllantirish va faoliyatiga koʻmaklashish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent islom universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 1999-yil 7-aprel Farmoni hamda “Toshkent islom universiteti faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 1999-yil 6-maydagi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Universitet Maslahat kengashining Nizomi ishlab chiqilsin va 10 kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilsin.
Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent islom universitetining Maslahat kengashi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 7-iyun,
F-1015-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 7-iyundagi F-1015 son Farmoyishiga
ILOVA
ILOVA
Toshkent islom universiteti Maslahat kengashining tarkibi
| 1. | A. Mansurov | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, Kengash raisi |
| 2. | N. Joʻrayev | Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi |
| 3. | H. Karomatov | Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, Toshkent islom universiteti rektori |
| 4. | A. Bahromov | Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy |
| 5. | A. Komilov | Tashqi ishlar vaziri |
| 6. | F. Sobirov | Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi |
| 7. | S. Gʻulomov | Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri |
| 8. | N. Ibrohimov | Toshkent davlat sharqshunoslik institutining rektori |
| 9. | A. Azimov | Imom al-Buxoriy nomidagi Toshkent islom oliy maʼhadining rektori |
| 10. | N.Komilov | Professor-islomshunos |
| 11. | M.Xayrullayev | FA Sharqshunoslik instituti direktori |
| 12. | Z.Munavvarov | Imom al-Buxoriy xalqaro jamgʻarmasi raisi |
| 13. | Y.Shokirov | Oʻzbekiston musulmonlari idorasi maslahatchisi |