[
OKOZ:
1.
07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.03.00.00 Pul tizimi va pul muomalasi. Inflyatsiya / 07.03.02.00 Naqd pul emissiyasi, pul muomalasini tashkil qilish va tartibga solish. Inflyatsiya]
[
TSZ:
1.
Moliya / Pul tizimi. Hisob-kitoblar]
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
NAQD PUL MUOMALASINI MUSTAHKAMLASh
ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z ahamiyatini yo‘qotgan ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘z ahamiyatini yo‘qotgan qonunchilik hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi
qaroriga
asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, 1994-yil 1-yanvardan boshlab “So‘m-Kuponlar” O‘zbekiston Respublikasi hududida yagona qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi.
1994-yil 1-yanvardan boshlab SSSR Davlat bankining 1961—1992-yillar namunasidagi barcha qiymatdagi pullari muomalada bo‘lishi butunlay taqiqlansin.
2. Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha savdo tashkilotlari, o‘zga tashkilotlar, bank muassasalari 1994-yil 1-yanvardan boshlab aholidan mollar va xizmatlarga, to‘lovlarning barcha turlariga haq to‘lash uchun, hisob-kitob schyotlariga o‘tkazish, omonatlarga va akkreditivlarga qabul qilish hamda respublika hududida pul jo‘natish uchun faqat “So‘m-Kuponlar”ni qabul qilsinlar.
Savdo tashkilotlari va o‘zga tashkilotlar xodimlari tomonidan Rossiya bankining 1993-yil namunasidagi pullari qabul qilinishi valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi amaldagi qonunchilikni buzish deb baholansin va ular shunga muvofiq jazolansin.
Ichki ishlar vazirligi valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi qoidalarni buzgan mansabdor shaxslar va fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortish xususida amaldagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
3 “O‘zbeksavdo” davlat uyushmasiga, “O‘zbekbirlashuv”ga, savdo tarmog‘iga ega bo‘lgan vazirliklar va idoralarga alohida tashkil etilgan savdo nuqtalarida Rossiya bankining 1993-yil namunasidagi pullariga xalq iste’mol mollarini sotishga ruxsat etilsin. Mazkur tashkilotlar shunday savdo korxonalari tarmoqlari, ularning joylashtirilishi va savdo qilish tartibi to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
Vazirlar Mahkamasi “Rossiya rubli”ga savdo qilishning tartibini uch kun muddatda tasdiqlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Jamg‘arma banki muassasalari 1994-yil 1-yanvardan boshlab naqd “So‘m-Kuponlar” bilan ta’minlanishiga qarab, foyda to‘lanmaydigan alohida maxsus schyotlarga qabul qilingan puldan tashqari, qo‘yilgan omonatlarni to‘lasin.
5. 1994-yil 1-yanvardan boshlab yangi tuzilayotgan xo‘jalik subyektlarini ro‘yxatga olish hamda bank muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yangi schyotlar ochish qayta tiklansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish respublika komissiyasi (A.M. Mutalov)ga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 30-dekabr,
613-son