26.01.2023 yildagi 29-son
Hujjat 26.01.2023 00 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
Madaniyat va san’at sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni muvofiqlashtirish, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslardan davlat bojini undirish hamda ularni soliqqa tortish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” 2022-yil 13-iyuldagi PF-168-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1.

Litsenziya nomi:

Litsenziya nomi:

2.

Litsenziyalanadigan faoliyatning kichik turlari:

a) yakkaxon ijrochi konserti (bir yakkaxon ijrochining konsert dasturi), bitta janrning ikki yoki undan ko‘p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi, turli janrlarning bir nechta ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi va boshqalar), ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish;

b) restoranlar, barlar, qahvaxonalar, xususiy uylarda yubiley tantanalarida xizmat ko‘rsatish, restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘ylarda (FHDYdagi marosim, “osh berish” marosimi, kechqurungi nikoh tuzish — “nikoh to‘yi” marosimi, “kelin salom” marosimi), “sunnat to‘yi” marosimiga xizmat ko‘rsatish, ko‘ngilochar tashkilotlarda — klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda xizmat ko‘rsatish (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi, didjey-ovoz operatori, ma’mur va boshqalar).

3.

Ariza beruvchilar toifasi:

Ijrochilar — jismoniy shaxslar va ijodiy jamoalar — yuridik shaxslar

4.

Litsenziyalovchi organ:

Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi

5.

Litsenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:

Yuridik shaxs litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ariza;

arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning pochta manzili, bank nomi va bankdagi hisobvarag‘i, telefon raqami, elektron pochta manzili (agar mavjud bo‘lsa), STIR, yuridik shaxs amalga oshirishni mo‘ljallayotgan litsenziyalanadigan faoliyat turi (uning qismi), ijodiy jamoa a’zolarida imtiyozga ega bo‘lgan shaxslar mavjud bo‘lsa (nogironligi bo‘lgan shaxslar, ta’lim muassasalarida o‘qiydiganlar, pensionerlar) imtiyozi to‘g‘risidagi ma’lumot, ariza to‘ldirish sababi (yangi litsenziya olish, qayta rasmiylashtirish), arizani taqdim etish joyi.

b) ijrochilarda musiqa ma’lumoti mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning (guvohnomalar, attestatlar, diplomlar) elektron nusxalari — ular mavjud bo‘lganda;

v) davlat mukofotlari, mukofotlar, sovrinlar va shu kabilar olganligini tasdiqlovchi hujjatlar elektron nusxalari — ular mavjud bo‘lganda;

g) litsenziya talabgori tomonidan tuzilgan ijrochilarning repertuari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

d) litsenziya talabgorining malakasi to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar (asarning matni, mualliflarining ismi-sharifi asarlarning nomi, mahalliy, respublika, xalqaro festivallar ishtirokchisi, respublika ko‘rik-tanlovlar ishtirokchisi ekanligini tasdiqlovchi hujjat (diplom, sertifikat kabilar) — mavjud bo‘lganda;

e) faqat birinchi marta ariza topshiruvchi xonanda uchun kamida 1 ta qo‘shiq va uning matni (agarda mavjud bo‘lsa asarga olingan videoklip) Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi huzuridagi Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhiga (keyingi o‘rinlarda — Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi) shaxsan topshiradi yoki jonli ijroda yozib olingan ijrosi Internet jahon axborot tarmog‘iga yuklangan havolasini taqdim etadi.

Jismoniy shaxs litsenziya olish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ariza;

arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

jismoniy shaxsning familiyasi, ismi, pasport seriyasi va raqami yoki ID-karta raqami, JSHSHIR, telefon raqami, jismoniy shaxs amalga oshirishni mo‘ljallayotgan litsenziyalanadigan faoliyat turi (uning qismi) ijrochi imtiyozga ega bo‘lsa (nogironligi bo‘lgan shaxs, ta’lim muassasasida o‘qiydigan, pensioner) imtiyozi to‘g‘risidagi ma’lumot, ariza to‘ldirish sababi (yangi litsenziya olish, qayta rasmiylashtirish), arizani taqdim etish joyi, litsenziya talabgorining litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishiga roziligi.

b) ijrochida musiqa ma’lumot mavjudligini tasdiqlaydigan hujjatlarning (guvohnomalar, attestatlar, diplomlar) elektron nusxalari — ular mavjud bo‘lganda;

v) davlat mukofotlari, mukofotlar, sovrinlar va shu kabilar olganligini tasdiqlovchi hujjatlarning elektron nusxalari — ular mavjud bo‘lganda;

g) litsenziya talabgori tomonidan tuzilgan ijrochining repertuari to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;

d) litsenziya talabgorining malakasi to‘g‘risidagi qo‘shimcha ma’lumotlar (asarning matni, mualliflarining familiyasi, ismi va otasining ismi, asarlarning nomi, mahalliy, respublika, xalqaro festivallar ishtirokchisi, respublika ko‘rik-tanlovlar ishtirokisi ekanligini tasdiqlovchi hujjat (diplom, sertifikat kabilar) — mavjud bo‘lganda;

e) faqat birinchi marta ariza topshiruvchi xonanda uchun kamida 1 ta qo‘shiq va uning matni (agarda mavjud bo‘lsa asarga olingan videoklip) Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhiga shaxsan topshiradi yoki jonli ijroda yozib olingan ijrosi Internet jahon axborot tarmog‘iga yuklangan havolasini taqdim etadi.

6.

Arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori:

bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari

7.

Litsenziya berilganligi uchun davlat boji miqdori:

a) yakkaxon ijrochi konserti (bir yakkaxon ijrochining konsert dasturi), bitta janrning ikki yoki undan ko‘p ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi, turli janrlarning bir nechta ijrochisi ishtirokidagi konsert dasturi (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi va boshqalar), ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish:

I reyting guruhi ijrochilari — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari;

II reyting guruhi ijrochilari — bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari;

b) restoranlar, barlar, qahvaxonalar, xususiy uylarda yubiley tantanalarida xizmat ko‘rsatish, restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘ylar (nikohni qayd etish, osh berish, kechqurungi nikoh to‘yi, “kelin salom”), “sunnat to‘yi” tadbirlariga xizmat ko‘rsatish, hordiq chiqarish muassasalari, klublar, diskotekalar, restoranlar, barlar va qahvaxonalarda xizmat ko‘rsatish (yakkaxon xonanda, sozanda, raqqosa, boshlovchi, qiziqchi, didjey-ovoz operatori, ma’mur va boshqalar):

III reyting guruhi ijrochilari — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari.

Davlat boji quyidagi tartibda taqsimlanadi:

30 foizi — O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga;

0,5 foizi — Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasining elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotning idoralararo loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisobvarag‘iga;

qolgan mablag‘lar — litsenziyalovchi vakolatli organ hisobvarag‘iga.

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun faoliyat turiga qarab davlat boji bir jismoniy shaxsga bir yil hisobidan to‘lanadi.

Yuridik shaxs tashkil etgan ijodiy jamoalardan davlat boji yagona litsenziya bo‘yicha undiriladi.

Bunda, litsenziyada ijodiy jamoa a’zolari to‘liq ko‘rsatiladi va ulardan litsenziya uchun davlat boji qo‘shimcha ravishda undirilmaydi, ijodiy jamoa a’zosi mustaqil ijrochi sifatida ijod qilgan hollar bundan mustasno.

Ijodiy jamoa uning barcha a’zolari davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan shaxslardan tarkib topgan taqdirdagina davlat boji to‘lashdan ozod qilinadi.

Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun davlat boji to‘lashdan ozod etiladigan shaxslar guruhi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunida belgilanadi.

8.

Arizani ko‘rib chiqish muddatlari:

15 kun

9.

Litsenziya talablari va shartlari:

a) litsenziatlar tomonidan aholiga konsert-tomosha xizmatlarini qat’iy ravishda ushbu pasportda ko‘rsatilgan aholiga konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatish huquqi bo‘yicha amalga oshirish;

I reyting guruhlarining mezonlari:

kamida 3 yil mobaynida muntazam ravishda yakkaxon ijrochi konsertlari o‘tkazish;

ijodiy faoliyat davomida kamida 3 ta albom chiqarish; “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” va boshqa faxriy unvonlari mavjudligi;

respublika va xalqaro darajadagi tanlovlar, ko‘riklar g‘olibi diplomlari, ular mavjud bo‘lganda;

konsert-tomosha faoliyati sohasida ijrochilar yoki ijodiy jamoalarga talab darajasi.

Litsenziatlarning aholiga konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatishga huquqlari:

O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida yakkaxon ijrochi konsertini tashkil etish;

bitta janrning ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida, turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida qatnashish;

ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish.

II reyting guruhlarining mezonlari:

kamida 1 ta qo‘shig‘ining mavjudligi;

konsert-tomosha faoliyati sohasida ijrochilar yoki ijodiy jamoalarga talab darajasi.

Litsenziatlarning aholiga konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatishga huquqlari:

bitta janrning ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida, turli janrlar yo‘nalishlarining bir nechta ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida qatnashish;

ommaviy axborot vositalarida qo‘shiqlar va videokliplarni taqdim etish.

III reyting guruhlarining mezonlari:

o‘ziga xos iste’dodi, talantining mavjudligi.

Litsenziatlarning aholiga konsert-tomosha xizmatlari ko‘rsatishga huquqlari:

to‘ylarda, yubileylarda va boshqa tantanalarda konsert xizmati ko‘rsatish (restoranlarda, barlarda, qahvaxonalarda va xususiy uylarda to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalarga konsert xizmatlari ko‘rsatish), jumladan, hordiq chiqarish tashkilotlarida (klublarda, diskotekalarda, restoranlarda, barlarda va qahvaxonalarda) konsert xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, sozanda, raqqos(a), bek-vokal, (xonandalardan tashqari) bitta janrning ikki va undan ko‘p ijrochilari ishtirokidagi konsert dasturida qatnashish va ularda qatnashish;

b) konsert-tomosha tadbirlarida, to‘ylar va boshqa tantanalarda artistning odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati, tashqi ko‘rinish madaniyatiga zid bo‘lgan xatti-harakatlar qilishini hamda ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi va tomoshabinlarning his-tuyg‘ularini haqorat qiluvchi, axloqsizlik g‘oyalarini targ‘ib qilishni istisno etgan holda qo‘shiqlarni va ular bo‘yicha yaratilgan videokliplarni ijro etish;

v) litsenziya olish uchun birinchi marta ariza topshirgan, III reyting guruhiga kirmaydigan, ijrochi hamda ijodiy jamoalar litsenziyalovchi organning taklifiga asosan ijro mahoratini jonli eshitish uchun Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining yig‘ilishiga shaxsan yoki masofaviy ishtirok etish yoxud jonli ijroda yozib olingan ijrosi Internet jahon axborot tarmog‘iga yuklangan havolasini taqdim etish;

g) ko‘rsatilgan konsert-tomosha xizmatlarini qat’iy ravishda shartnoma asosida amalga oshirish;*

d) jismoniy shaxslar yillik faoliyati yakunidan kelib chiqib, soliq qonunchiligida belgilangan tartibda daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani to‘ldirish;*

e) O‘zbekiston Respublikasi tashqarisida konsert-tomosha tadbirlarini amalga oshirish to‘g‘risida litsenziyalovchi organning hududiy bo‘limlarini xabardor qilish;*

j) Konsert-tomosha faoliyatida u yoki bu dinni targ‘ib etmaslik;

z) Litsenziyalovchi organning hududiy bo‘limlari litsenziya talablari hamda shartlariga rioya etilishini belgilangan tartibda nazorat tadbirlari o‘tkazilganda turli noo‘rin xatti-harakatlar qilmaslik.

10.

Litsenziya berishda kelishiladigan organlar:

mavjud emas

11.

Litsenziyaning amal qilish muddati:

cheklanmagan

12.

Izoh.

Ushbu pasportning 2-bandi “a” kichik bandida belgilangan litsenziyalanadigan faoliyat turining kichik turi uchun litsenziyaga ega bo‘lgan shaxslarda “b” kichik bandda belgilangan litsenziyalanadigai faoliyat turining kichik turi bilan ham shug‘ullanish huquqi mavjud.

Litsenziya berish yoki uni berishni rad qilish haqidagi qaror talabgorning ijro mahoratini jonli eshitish yakuni bo‘yicha Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining xulosalari asosida qabul qilinadi. Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhining majlisi o‘n kunda kamida bir marta o‘tkaziladi.

Ijodiy ko‘maklashuvchi vakillar guruhi litsenziya talabgorlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqish jarayonida malaka (professional) sifatlarni baholaydi va har bir ijrochini ushbu pasportning 9-bandiga muvofiq malaka talablariga binoan aniq reyting guruhiga kiritadi.

* Qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanadigan talab va shartlar.

.