O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi — M. Abdusalomovning raisligida, sudyalar A. G‘afurov, F. Kayumov, S. Koshayeva, B. Mirboboyev, G. Pirjanov va Q. Uljayevdan iborat tarkibda, katta ekspert Sh. Majidovning kotibligida, taraflar − O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F. Eshmatova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakillari adliya vazirining o‘rinbosari A. Tashkulov va Vazirlar Mahkamasining Kotibiyati mudirining o‘rinbosari J. Achilov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zosi F. Otaxonov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi, Konstitutsiyaviy sud huzuridagi ilmiy-maslahat kengashi a’zosi I. Tadjiyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili O. Sulaymonov ishtirokida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F. Eshmatovaning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2019-yil 16-noyabrdagi 911-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risida”gi nizomning 43 va 47-bandlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi murojaatiga asosan yuritilgan ishni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi.
Nizomning 43-bandiga ko‘ra, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganda, kompensatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar yoki tuman (shahar) hokimliklari tomonidan tegishli markazlashtirilgan jamg‘arma mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga beriladi.
Shuningdek, Nizomning 47-bandiga binoan olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarning 75 foizidan yozma roziligi olinganda (Kelishuv tuzilganda), biroq qolgan mulkdorlarning roziligini olish imkoni bo‘lmaganda (Kelishuvga erishilmaganda) tashabbuskor ularning ko‘chmas mulk obyektlarini majburiy sotib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Bunda, rozilik bermagan (Kelishuvga erishilmagan) mulkdorlarga beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddati sud tartibida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 53-moddasiga muvofiq mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 54-moddasida mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 18-moddasiga muvofiq yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirilganda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vujudga keladi. Boshqa hollarda esa ushbu Kodeksning 27-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga yakka tartibda uy-joy qurish va uy-joyni obodonlashtirish uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har bir oilaga 0,06 gektargacha yer uchastkalari beriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi 37-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslarining mulki bo‘lgan yer uchastkasini savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyekti yoxud turar joy hamda boshqa bino yoki binoning bir qismi bilan birga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish emas, balki qayta sotib olish mumkin bo‘ladi. Bu masala xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga yoxud O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Ikkinchidan, yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish, qayta sotib olish asoslari Yer kodeksining 37-moddasida belgilangan qoidalar bilan tartibga solinadi. Ushbu moddaga muvofiq yer uchastkasini yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga yoxud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo‘yiladi.
Konstitutsiyaviyligi tekshirilayotgan Nizomda belgilangan yer uchastkalarini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yilishi to‘g‘risidagi norma Yer kodeksining 37-moddasiga muvofiq emas degan xulosaga kelishga asos yo‘q. Chunki, ushbu modda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda ham yer uchastkasi olib qo‘yilishi mumkinligini nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 3-avgustdagi F-5491-sonli farmoyishi 7-bandida Vazirlar Mahkamasi “davlat va jamiyat ehtiyojlari, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari hamda investitsiya va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalar amalga oshirilishi doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi hukumat qarorini qabul qilsin”, deb belgilangan.
Shu bilan birga Nizomning 2-bandiga muvofiq investitsiya loyihalari — amalga oshirilishi davlat dasturlarida nazarda tutilgan, fuqarolarning yashash va maishiy sharoitlarini, shuningdek muayyan hududni rivojlantirish va arxitektura qiyofasini yaxshilash, infratuzilmani rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan obyektlarni qurishni nazarda tutuvchi loyihalardir. Bunday loyihalarni davlat dasturlarida nazarda tutilishi yer uchastkalarini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yilishini yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlarini qondirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksi 82-moddasida aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalari mavjud bo‘lmagan taqdirda yer uchastkalari aholining uy-joy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy, muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan olib qo‘yilishi mumkinligi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan Nizomning 43-bandida nazarda tutilgan yer uchastkalarini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yilishi O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Shaharsozlik kodeksining 82-moddasi qoidalariga mos keladi, degan xulosaga kelish uchun asos bo‘ladi.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksi 27-moddasiga muvofiq yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha va taraflar kelishuviga ko‘ra, uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam bo‘lmagan sahndagi, barcha qulayliklari bo‘lgan, avvalgisiga teng qimmatli boshqa turar joy mulk qilib beriladi hamda dov-daraxtlarning bozor qiymati to‘lanadi yoxud buzilayotgan uy (kvartira), boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati, shuningdek yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati to‘liq hajmda to‘lanadi.
Ushbu Kodeksning 28-moddasiga ko‘ra, yer uchastkalari davlat yoki jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar mulkida bo‘lgan uylar (kvartiralar) buzilgan taqdirda, mulkdorlarga ularning tanlovi bo‘yicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi beriladi.
Nizomning 41-bandiga binoan mulkdorlarga quyidagilar kompensatsiya qilib beriladi:
Nizomning 42-bandiga muvofiq mulkdorlarga beriladigan kompensatsiyaning turlari quyidagilardan iborat:
Mazkur Nizomning 47-bandiga ko‘ra, olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlarning 75 foizidan yozma roziligi olinganda (Kelishuv tuzilganda), biroq qolgan mulkdorlarning roziligini olish imkoni bo‘lmaganda (Kelishuvga erishilmaganda) tashabbuskor ularning ko‘chmas mulk obyektlarini majburiy sotib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Bunda, rozilik bermagan (Kelishuvga erishilmagan) mulkdorlarga beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddati sud tartibida belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 53-moddasi mulkdorning faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkinligini nazarda tutadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 166-moddasiga ko‘ra ham mulkdorning mol-mulkini olib qo‘yishga, shuningdek uning huquqlarini cheklashga faqat qonunlarda nazarda tutilgan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. Ushbu Kodeksning 197-moddasiga muvofiq mulk huquqi mulkdorning ixtiyoriy suratda majburiyatni bajarishi, mulkdorning mol-mulk taqdirini hal qiladigan bir tomonlama qaror qabul qilishi, sud qarori asosida mol-mulkni olib qo‘yish (sotib olish) yo‘li bilan, shuningdek mulk huquqini bekor qiluvchi qonun hujjatlariga asosan bekor bo‘ladi.
Biroq, Nizomning 47-bandida qo‘llanilgan “majburiy sotib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilish” tushunchasi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilanmagan. Tashabbuskor sudga bunday da’vo bilan emas, balki mulkdorga beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddatini sud tartibida belgilab berishni so‘rab murojaat qilishga haqli.
Shularni inobatga olib Nizomning 47-bandida belgilangan hollarda yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdori tomonidan uning mulkini olib qo‘yilishiga rozilik berilmagan (Kelishuvga erishilmagan hollarda) mulkdorlarga beriladigan kompensatsiya miqdori, turlari va muddati sud tartibida belgilanishi Fuqarolik kodeksining 197-moddasi asosida amalga oshiriladi va bu holat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga zid emas.
Shuningdek, Nizomning 1-bandida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, hududlarni kompleks rivojlantirish, shu jumladan, muayyan hududning arxitektura qiyofasini o‘zgartirish va yaxshilashga qaratilgan davlat dasturlari hamda investitsiya va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni (keyingi o‘rinlarda investitsiya loyihalari deb ataladi) amalga oshirish doirasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini olib qo‘yish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishgan holda amalga oshirilishining belgilanishi Konstitutsiyaning normalariga muvofiqdir.
Nizomning 45-bandidagi “Agar olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati kompensatsiya qilib berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan past bo‘lsa, ushbu farq yer uchastkasiga bo‘lgan huquq egasi tomonidan qaytarilishi talab etilmaydi” degan qoida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasi qoidalariga muvofiq emas. Ushbu moddaga muvofiq berilayotgan uy-joyning yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati buzilayotgan uyning (kvartiraning) yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan ortiq bo‘lgan taqdirda, bu farq uy-joy berilgan yoki yer uchastkasiga bo‘lgan huquq berilgan paytdan e’tiboran besh yil ichida mulkdor tomonidan kompensatsiya qilinishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.
Ko‘rsatilgan masala yuzasidan Nizomning 45-bandidagi qoida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasi qoidasiga qaraganda ko‘proq demokratik xaraktyerga ega bo‘lib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq egasining huquqini himoya qilishga qaratilgan.
Yuqorida bayon qilinganlarga asosan Nizomning 43 va 47-bandlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53 va 54-moddalariga muvofiq emas deb hisoblash uchun asos mavjud emas.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 24-maydagi KQ-225-IV-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq Toshkent viloyatida yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning kafolatlari ta’minlanishi holatini o‘rganish natijasi haqida”gi qarorida qayd etilganidek, davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan yer maydonlari yoki buzilgan turar-joylar uchun kompensatsiya to‘lovlarining to‘lanishida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, mahalliy hokimliklarning 67 mlrd. so‘mlik 268 ta obyektni buzish to‘g‘risidagi qarorlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi 911-sonli qarori talablariga asosan hududiy jamg‘armaning kuzatuv kengashi hamda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida muhokama qilinmagan.
Yuqorida bayon qilinganlardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13 va 109-moddalariga, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonunning 4, 69, 72 va 82-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 27-moddasiga olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati kompensatsiya qilib berilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymatidan past bo‘lgan hollarda, ushbu farq yer uchastkasiga bo‘lgan huquq egasi tomonidan qaytarilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish tavsiya etilsin.