LexUZ sharhi
Mazkur Bitim O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrdagi PQ-4476-sonli “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1991-yil 6-noyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari to‘g‘risidagi Shartnomaga amal qilib,
ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlikni keng qamrovli rivojlantirish zaruriyatini tan olib,
hamkorlikning dolzarb masalalarini mahalliy darajada tezkor hal qilishda hamda tarixan shakllangan aloqalarni chuqurlashtirishda mintaqalararo hamkorlikning amaliy ahamiyati va salohiyatini e’tirof etgan holda,
ikki mamlakat mintaqalari o‘rtasida faoliyatning turli sohalarida hamkorlikni ta’minlash hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rivojlanayotgan aloqalarini faollashtirishga qodir bo‘lgan mintaqalararo hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va huquqiy asoslarini mustahkamlashga intilib,
Tomonlar o‘z davlatlarining qonunchiligiga hamda davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq tenglik va o‘zaro manfaatdorlik asosida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, turizm va atrof-muhitni himoya qilish sohalarida, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan boshqa yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli bo‘lgan mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish va rivojlantirishga ko‘maklashadilar.
“mintaqalar” — O‘zbekiston tomonidan: O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari; Belarus Respublikasi tomonidan: Belarus Respublikasining ma’muriy-hududiy birliklari;
“vakolatli organlar” — Tomonlar davlatlarining mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish sohasida vakolat berilgan hokimiyat organlari;
“xo‘jalik yurituvchi subyektlar” — O‘zbekiston Respublikasi hududida yoki Belarus Respublikasi hududida ro‘yxatdan o‘tgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar.
Tomonlar, shuningdek, vakolatli organlar mintaqalararo hamkorlikni amalga oshirish va muvofiqlashtirish maqsadida quyidagilarga ko‘maklashadilar:
mazkur Bitimni amalga tatbiq qilishga yo‘naltirilgan qo‘shma tadbirlar rejalari, harakat dasturlari va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish va amalga oshirish;
mintaqalararo hamkorlikning joriy holati hamda uni takomillashtirish istiqbollarini muhokama qilish bo‘yicha zaruriyat bo‘lganda, qo‘shma ishchi guruhlar tuzish va mintaqalar darajasida muntazam maslahatlashuvlar mexanizmini yo‘lga qo‘yish;
Vakolatli organlar mintaqalarning korxona va tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli savdo va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishga ko‘maklashadilar. Mazkur maqsadlarda ular o‘z vakolatlari doirasida va o‘z davlatlari qonunchiligiga muvofiq:
korxona va tashkilotlar o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, tovar va xizmatlar yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro manfaatli kontraktlar tuzishda tadbirkorlik tuzilmalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tashabbusi bilan chiqadilar;
tadbirkor va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida uchrashuvlar, forumlar, biznes-seminarlar, konferensiyalar, simpoziumlar, ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etadilar;
o‘z mintaqalarini iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor loyihalarini amalga oshirishda, shu jumladan, xo‘jalik yurituvchi subyektlari sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydilar;
o‘z davlatlari qonunchiligidagi o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar haqida bir-birlarini muntazam xabardor qiladilar;
o‘zaro savdoni tashkil etishda vujudga kelayotgan qiyinchiliklarni tahlil qiladilar va tegishli takliflar ishlab chiqadilar.
Vakolatli organlar mintaqalar o‘rtasida bevosita turist almashinuvini tashkil qilish, mintaqalar jozibadorligini oshirishga qaratilgan turizm sohasidagi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashadilar.
Vakolatli organlar ishbilarmonlik faolligini oshirish va mintaqaga turistik oqimni ko‘paytirish maqsadida transport qatnovini yaxshilash hamda infratuzilmani rivojlantirishga ko‘maklashadilar.
Vakolatli organlar shaharlar ma’muriyatlari o‘rtasida kasbiy aloqalarning rivojlanishiga va mahalliy boshqaruvning samaradorligini oshirish maqsadida uning ilg‘or tajribalarini tarqatishga hamda o‘z oldilarida turgan o‘xshash vazifalarni hal qilishda tajriba almashishga ko‘maklashadilar.
Vakolatli organlar shaharsozlik hamda ulkan shaharsozlik loyihalarini rejalashtirish va moliyalashtirish amaliyoti bo‘yicha axborot almashish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
Vakolatli organlar atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalarida hamkorlik qiladilar va tabiatni muhofaza qilish faoliyatini boshqarish sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etishga ko‘maklashadilar.
Vakolatli organlar ichimlik suvi hamda energiya bilan ta’minlash, chiqindi suvlarni tozalash, maishiy va sanoat chiqindilarini utilizatsiya qilish, shuningdek, energiya samaradorligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
Vakolatli organlar o‘zaro yaxshiroq tushunish, hamkorlik va do‘stlikni mustahkamlashga erishish uchun tarix va madaniyat bilan o‘zaro tanishish maqsadida turli darajalarda muntazam aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydilar.
Vakolatli organlar ommaviy axborot vositalarida mintaqalarning ijtimoiy-madaniy va iqtisodiy hayotini xolisona yoritishga ko‘maklashadilar.
Vakolatli organlar millatlararo muomala, madaniyatlararo muloqot va etnik-madaniy rivojlanish madaniyatini mustahkamlash sohasida mintaqalar hamkorligini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar va boshqa tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashadilar.
Tomonlar o‘rtasida mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qo‘llash bo‘yicha yuzaga keladigan nizo hamda kelishmovchiliklar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
Tomonlarning o‘zaro kelishuviga muvofiq, mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va mazkur Bitimda belgilangan tartibda kuchga kiradigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari haqida so‘nggi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va Bitimning amal qilishi Tomonlardan biri boshqa Tomonning Bitim amal qilishini tugatish niyati to‘g‘risidagi tegishli yozma xabarnomasini diplomatik kanallar orqali olgan sanadan boshlab olti oydan so‘ng tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi u amal qilgan paytda bajarilishi boshlangan va uning amal qilishi tugatilgunga qadar bajarilmagan loyihalar bo‘yicha Tomonlarning majburiyatlariga daxl qilmaydi.
Minsk shahrida 2019-yil 1-avgustda ikki asl nusxada, har biri o‘zbek va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.