Toshkent shahrida 1997-yil 3-mayda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi va Italiya Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani nazarda tutgan holda, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga yangi turtki berish zaruratini e’tiborga olib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati ikki ishchi guruhi tuzish haqida qaror qabul qildilar.
Iqtisodiy, umumiy masalalar va almashish bo‘yicha ishchi guruhi va savdo, iqtisodiy va sanoat hamkorligi hamda eksport kreditlari masalalari bo‘yicha ishchi guruhi zarur muvofiqlashtirish va rag‘batlantirishni ta’minlash bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor bergan holda ikki tomonlama hamkorlikning umumiy mavzulari bilan shug‘ullanadi. Birinchi guruhga o‘zbek tomonidan Vazirlar Mahkamasi Investitsiya dasturlari departamentining vakili va italyan tomonidan Tashqi ishlar vazirligining vakili boshchilik qiladilar.
Ikkala davlatning ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar sohasidagi vakolatli barcha davlat organlarining vakillari va, zarur holda, Tomonlardan har biri tanlagan ekspertlar ishtirokida yig‘iladigan bu guruhlar, har safar ikki hukumatning kelishilgan qarori bo‘yicha, ham ikki tomonlama xarakterdagi, ham o‘zaro qiziqish uyg‘otuvchi va Evropa Ittifoqi (yoki Evropa Ittifoqi muassasalari) hamda mintaqaviy hamkorlik organlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihalar ko‘rinishidagi iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ikki tomonlama forum shakliga ega bo‘ladi.
Savdo, iqtisodiy va sanoat hamkorligi hamda eksport kreditlari masalalari bo‘yicha ishchi guruhi tegishli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishga ko‘maklashib, shuningdek ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bahslarning oldini olish va hal etish uchun eng to‘g‘ri keladigan qarorlarni ishlab chiqish yo‘li bilan iqtisodiy, sanoat hamda texnikaviy hamkorlikni, shuningdek tegishli almashishlarni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi. Bu guruh o‘zbek tomonidan Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining vakili va italyan tomonidan Tashqi savdo vazirligining vakili boshchiligida bo‘ladi va o‘z tarkibida asosan korxonalar va tarmoq sanoat assotsiatsiyalarining vakillariga ega bo‘ladi.