[
OKOZ:
1.
03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.05.00 Xo‘jalik shirkatlari va jamiyatlari / 03.03.05.04 Mas’uliyati cheklangan jamiyat. Qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyat]
[
TSZ:
1.
Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Yuridik shaxslar. Tijorat tashkilotlari. Notijorat tashkilotlari]
“TASDIQLAYMAN”
“O‘zqishloqxo‘jta’minottuzatish”
Davlat kooperativ qo‘mitasi
Raisi B. Olimjonov
4-aprel 1997-y.
“KELIShILDI”
O‘zbekiston Respublikasi
Davlat mulki qo‘mitasi
Raisining birinchi o‘rinbosari
B. Xo‘jayev
4-aprel 1997-y.
DAVLAT-AKSIYADORLIK MAShINA-TRAKTOR PARKINING
namunaviy ustavi
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1997-yil 8-aprelda 324-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur Namunaviy ustav O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2000-yil 22-sentabrda104-mh-sonli
buyrug‘iga
asosan davlat ro‘yxatidan chiqarilgan.
1-modda. Jamiyatning nomi va manzili
1.1. Jamiyatning nomi: Davlat aksiyadorlik Mashina traktor parki.
1.2. Jamiyatning manzili: O‘zbekiston Respublikasi.
1.3. “Davlat aksiyadorlik Mashina traktor parki” jamiyati keyingi o‘rinlarda “Jamiyat” deb ataladi. Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 19-mart 1997-yil 152-sonli
qaroriga
muvofiq tashkil etilmoqda.
1.4. Jamiyat qishloq xo‘jalik texnikalarida tuproqqa ishlov berish. Qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarish qilish. Hosilni yig‘ishtirib olish bilan bog‘liq bo‘lgan mexanizatsiyalashgan qishloq xo‘jalik ishlarini bajaruvchi qishloq xo‘jaligi texnikalarini tuzatuvchi, ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi, transport xizmati ko‘rsatuvchi, qishloq xo‘jaligi tashkilotlarini traktorlar qishloq xo‘jaligi mashinalari, ehtiyot qismlar va boshqa turdagi moddiy texnika resurslari bilan ta’minlovchi, xalq iste’mol mollari ishlab chiqaruvchi, chorvachilik fermalariga, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi, ijtimoiy sohalarda xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotdir.
1.5. Jamiyat yuridik shaxs bo‘lib hisoblanadi, o‘z mulkiga, yumaloq muhriga, to‘rtburchak tamg‘asiga (shtampiga), mustaqil va tugal balansiga, bank muassasalarida hisob-kitob va valyuta hisob raqamlariga ega bo‘ladi. Jamiyat o‘z nomidan mulkiy va boshqa nomulkiy, huquqlarga ega bo‘lishi, sudlarda javobgar hamda da’vogar bo‘lishi mumkin.
1.6. Jamiyat o‘z faoliyati davomida “Aksiyadorlik jamiyatlari va akdiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi, “O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar to‘g‘risida” gi, “Ijara to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga va qonun hujjatlariga asosan amal qiladi.
1.7. Jamiyat tumanlarda “O‘zqishloqxo‘jta’minottuzatish” davlat kooperativ qo‘mitasi tugatilayotgan tashkilotlarining huquqiy vorisi hisoblanadi. Ilgari tuzilgan barcha shartnomalar va majburiyatlar bo‘yicha mas’uliyatlidir.
1.8. Jamiyat Davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran yuridik shaxs huquqiga ega bo‘ladi.
1.9. Jamiyat o‘z ishlab chiqarish faoliyatini yuritish uchun O‘zbekiston Respublikasining “Ijara to‘g‘risida” gi qonuniga muvofiq jamoa shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklaridan, shirkatlar uyushmalaridan va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalaridan hamda tashkilotlaridan (bular keyingi o‘rinlarda “Xo‘jaliklar” deb ataladi) shartnoma narxi bo‘yicha keyinchalik sotib olish huquqi bilan uzoq muddatli ijaraga olingan mashina va mexanizmlar bilan, bunda sotib olinayotgan texnikalarning resursiga, texnik holatiga va ish unumiga alohida e’tibor qaratilib, shuningdek, sotib olinayotgan yangi texnika bilan butlanadi.
1.10. Jamiyatni xodimlar bilan butlash asosan tumanlarda “O‘zqishloqxo‘jta’minottuzatish” davlat kooperativ qo‘mitasining tugatilayotgan tashkilotlari mexanizatorlari va mutaxassislari hisobiga amalga oshiriladi.
2-modda. Jamiyatning asosiy vazifalari
2.1. Jamoa, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari, shirkatlar birlashmalari, chorvachilik Fermalari bilan tuzilgan shartnomalar asosida mexanizatsiyalashgan qishloq xo‘jalik ishlarini belgilangan muddatlarda bajarish.
2.2. Xo‘jaliklar bilan tuzilgan shartnomalar asosida traktorlarni va qishloq xo‘jaligi texnikalarini tuzatish, ularga texnik, transport xizmati ko‘rsatish, moddiy texnika resurslari bilan ta’minlash, xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish.
2.3. Jamoa chorvachilik Fermalari, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarining buyurtmalariga ko‘ra qurilish ishlarini shartnomalar asosida amalga oshirish.
2.4. Ta’mirlash ustaxonalaridan, xo‘jaliklardan ijaraga, o‘z balansiga olingan texnikalar, avtotransportlar va boshqa asosiy vositalardan foydalanish samaradorligini oshirish.
2.5. Ta’mirlash ustaxonalari, texnikalarga xizmat ko‘rsatish bazasini mustahkamlash, Fan va texnika yangiliklarini ishlab chiqarishga muntazam joriy qilib borish.
2.6. Mexanizatsiyalashgan ishlarning har bir gektariga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasini ta’mirlash va saqlab turish uchun ketadigan xarajatlarni kamaytirish.
3-modda. Jamiyatning bajaradigan ishlari
3.1. Xo‘jaliklar bilan texnologik xaritalarga muvofiq mexanizatsiyalashgan qishloq xo‘jaligi ishlarining turlari, hajmlarini va bajarish muddatlarini belgilab, qilinadigan ishlarni o‘z vaqtida agrotexnik muddatlarda bajarish.
3.2. Tuproqqa ishlov berish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarish qilish, hosilni yig‘ishtirib olish va boshqa xizmatlarda mexanizatsiyalashgan ishlarni shartnomaviy narxlarda bajarish.
3.3. Andoza (standart)lar talabiga muvofiq ravishda qishloq xo‘jaligi texnikalarini tuzatish, ularga texnik xizmat ko‘rsatish va saqlashni tashkil qilish.
3.4. Transport vositalari bilan jamoa, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga, shirkatlar uyushmalariga transport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish.
3.5. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtiruvchi mayda tovar ishlab chiqaruvchilarga, jamoa, shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklariga shirkatlar uyushmalariga ularning buyurtmanomalari bo‘yicha texnik hamda servis xizmati ko‘rsatish, traktorlar, qishloq xo‘jaligi mashinalari, ehtiyot qismlar va boshqa turdagi moddiy texnika resurslari bilan ta’minlash.
3.6. Iste’molchilarni talablariga javob bera oladigan xalq iste’moli mollarini ishlab chiqarish va sotish.
3.7. Ishdan chiqqan ehtiyot qismlarni ta’mirlash, yangilarini ishlab chiqarish va sotish.
3.8. Yangi qishloq xo‘jaligi texnikalarini sotib olish.
3.9. Qimmatbaho qog‘ozlar chiqarish va ular bilan ishlash, shu jumladan Fond birjalari orqali sotish.
3.10. Ishlab chiqarish texnika bazasini rivojlantirish.
3.11. Ijtimoiy sohalarda xizmat ko‘rsatish (qurilish materiallarini ishlab chiqarish sartaroshxonalar ochish va boshqa turdagi xizmatlar).
3.12. Maxsus litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari bilan Jamiyat tegishli litsenziya olganidan so‘ng shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.
3.13. Mexanizator kadrlar, mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
4-modda. Jamiyatga beriladigan huquqlar
4.1. Mulk egasining roziligiga binoan qishloq xo‘jaligi texnikasini, binolarni, inshootlarni, dastgohlarni, transport vositalarini sotib olish va qayta ijaraga berish O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan nazarda tutilgan hollarda amalga oshiriladi.
4.2. Qurilishning umumiy tartib qoidalariga rioya qilgan holda o‘z mablag‘lari va olingan qarzlar hisobiga ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan va noishlab chiqarish yo‘nalishidagi zarur binolar, shu jumladan turar joylar qurish.
4.3. Ijarachi ijaraga olingan mulkni ijaraga beruvchining ruxsati bilan yaxshilagan bo‘lsa, shartnoma muddati tugagach va shartnoma bekor qilinganida, basharti shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, ijarachi ishlab chiqarish maqsadida qilingan barcha xarajatlarning o‘rnini to‘ldirishni talab qilishga haqli.
4.4. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda o‘ziga tegishli turdosh korxonalar, agentliklar va vakolatxonalar, shuningdek chet ellik sheriklar ishtirokida qo‘shma korxonalar ochish huquqiga ega.
5-modda. Jamiyatning ustav jamg‘armasi
5.1. Jamiyatning ustav jamg‘armasini tashkil etish maqsadida aksiyadorlar qo‘shadigan mulkiy va pul mablag‘lari sifatidagi ulush miqdorida Ustav jamg‘armasi hosil etiladi. Jamiyatning ustav jamg‘armasi unga kiruvchi har bir jamiyatning hozirgi kundagi asosiy Fondlarining qiymatiga teng bo‘ladi.
5.2. Jamiyat aksiyalari quyidagi tartibda birlamchi joylashtirish nazarda tutilsin.
davlat ulushi ustav jamg‘armasining 35 (o‘ttiz besh) foizini tashkil qiladi;
jamoa ulushi ustav jamg‘armasining 15 (o‘n besh) foizini tashkil qiladi:
qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida joylashtirish ustav jamg‘armasining 30 (o‘ttiz) foizini tashkil qiladi:
erkin sotish, shu jumladan chet el investorlariga ustav jamg‘armasining 20 (yigirma) foizini tashkil qiladi.
5.3. Ilgari chiqarilgan aksiyalar nominal qiymatida qoldirilishi mumkin yoki ular aksiyadorlardan olinib o‘rniga yangi chiqariladigan aksiyalar berilishi ham mumkin.
5.4. Aksiyaga yozilishda qatnashayotgan shaxslar Jamiyat ro‘yxatga olingandan keyin bir yil ichida aksiyalarni sotib olishlari lozim. Aksiyalarni sotib olish muddati tugagach, jamiyat ularni mustaqil tarzda sotib yuborishga haqlidir.
5.5. Oddiy aksiyalar jamiyat aksiyalarining asosiy qismini tashkil etadi. Imtiyozli aksiyalar jamiyat ustav jamg‘armasining 20 (yigirma) foizdan ortiqroq qiymatda chiqarilishi mumkin emas. Imtiyozli aksiyalar egalariga dividentlarni olishda afzal huquq hamda jamiyat tugatilgan taqdirda uning mol mulkini taqsimlashda ustunlik bilan ishtirok etish huquqini beradi.
5.6. Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividendlar jamiyat joriy yilda olgan foydasidan qat’iy nazar, ularning belgilangan nominal qiymatidan 20 (yigirma) foizdan kam va 100 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lanadi.
5.7. Aksiyador umumiy yig‘ilishi belgilangan muddatlarda, lekin jamiyatning ro‘yxatga o‘tgan davridan boshlab bir yildan kechiktirmay aksiyalarni to‘laligicha sotib olishi lozim. Sotib olinmagan aksiyaga dividend hisoblanadi, ammo to‘lanmaydi. Bu summa jamiyat ixtiyorida qoladi.
6-modda. Ustav jamg‘armasini ko‘paytirish va kamaytirish tartibi
6.1. Jamiyatning Ustav jamg‘armasi, uning faoliyati natijasida olingan foyda hisobiga yoki aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi qaroriga asosan qo‘shimcha ulushlar qo‘shish hisobiga ko‘paytirilishi mumkin.
6.2. Jamiyat aksiyadorlarining Ustav jamg‘armasidagi ulushi ushbu Namunaviy Ustav qoidalariga binoan ko‘paytirilishi yoki kamaytirilishi mumkin.
6.3. Ustav jamg‘armasini ko‘paytirish masalasi bo‘yicha aksiyadorlarga quyidagi ma’lumotlar yuborilishi lozim:
ustav jamg‘armasining minimal oshirish miqdori, usuli va maqsadi;
ustav jamg‘armasining ko‘payishi munosabati bilan jamiyat ustaviga kiritiladigan o‘zgartirishlar loyihasi;
qo‘shimcha ravishda chiqariladigan aksiyalarga nisbatan aksiyadorlarning huquqi;
qo‘shimcha chiqariladigan aksiyalarga yozilish muddati.
6.4. Agarda ilgari chiqarilgan aksiyalar o‘zining nominal qiymatidan past bo‘lmagan bahoda to‘langan bo‘lsa, bu xollarda jamiyat ustav jamg‘armasini ko‘paytirish huquqiga egadir. Ustav jamg‘armasiga mol mulkining natura shaklida kirgizilishi bundan mustasno. Ustav jamg‘armasini ko‘paytirish evaziga chiqarilgan qo‘shimcha aksiyalar shartnomaviy baholarda sotiladi.
6.5. Ustav jamg‘armasini ko‘paytirish yoki kamaytirish to‘g‘risidagi qapop aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi 3/4 tomonidan qabul qilinadi hamda belgilangan tartibda e’lon qilinganidan keyin kamida uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
7-modda. Jamiyatning fondlari
7.1. Jamiyat o‘z faoliyati natijasida topgan va faqat o‘zi to‘liq tasarruf qilishi mumkin bo‘lgan sof foyda hisobidan quyidagi fondlarni tashkil qilish huquqiga ega:
moddiy rag‘batlantirish va iste’mol fondi;
ishlab chiqarishni kengaytirish fondi;
zaxira fondi;
ijtimoiy rivojlanish fondi;
dividendlar to‘lov fondi;
7.2. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi qarori bilan sof foydani taqsimlash miqdorlari o‘zgartirilishi yoki bo‘lmasa yangi fondlar tashkil qilishi mumkin.
7.3. Jamiyatda Ustav Fondining kamida 15 (o‘n besh) foizi miqdorida zaxira fondi tashkil etiladi. Zaxira fondi u aytilgan miqdorga yetgunga qadar yillik daromaddan ajratmalar ajratib berish yo‘li bilan tarkib toptiriladi. Zaxira Fondiga har yilgi ajratmalar miqdori 5 (besh) foizdan kam bo‘lmasligi lozim. Jamiyatni faoliyat ko‘rsatishi hamda xodimlarni ijtimoiy himoya qilish uchun boshqa Fondlar ham tashkil etiladi.
7.4. Jamiyatning sof foydasi hisobidan tashkil etilgan fondlar faqat jamiyatning o‘ziga tegishli bo‘lib boshqa tashkilot va idora organlari tomonidan olib qo‘yilishi yoki qaytadan taqsimlanishi mumkin emas.
7.5. Jamiyatning zaxira Fondi qurilgan zararni qoplash jamiyat obligatsiyalarini muomaladan chiqarish imtiyozli aksiyalar bo‘yicha dividendlar to‘lash va ushbu Ustavga muvofiq aksiyalarni sotib olishni talab qilish huquqiga ega bo‘lgan aksiyadorlarning talabiga binoan aksiyalarni sotib olish uchun mo‘ljallanadi. Zaxira fondidan boshqa maqsadlarda foydalanish mumkin emas.
8-modda. Aksiyadorning huquq va majburiyatlari
8.1. Aksiyador:
aksiyani jamiyat tegishli ravishda davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng bir yil ichida o‘z ulushlari hisobidan sotib olish;
jamiyat ustavidan kelib chiqadigan talablarni va uning faoliyatiga tegishli bo‘lgan boshqaruv idorasi qarorlarini bajarish;
jamiyatning o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish, tegishli zarur bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etish;
jamiyat faoliyati to‘g‘risida maxfiy axborotni oshkor etmaslik;
jamiyat Ustavida nazarda tutilgan tartibda jamiyat ishlarini bajarishda ishtirok etish va rivojlantirishga yordam ko‘rsatish majburiyatini oladi;
olgan dividentini erkin tasarruf etish;
davlat tomonidan qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish va muvofiqlashtirish yuzasidan vakolat berilgan organda, shuningdek, sudda o‘z huquqlarini himoya qilish;
o‘z manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalar va boshqa jamoat tashkilotlariga birlashish;
aksiyadorlar o‘rtasida umumiy yig‘ilish belgilab qo‘ygan tartibda tushadigan foydaning (dividendning) bir qismini olish;
jamiyat aksiyadorlari umumiy yig‘ilishida bevosita ishtirok etish;
jamiyat aksiyadorlari (umumiy yig‘ilish) belgilagan tartibda jamiyat boshqaruv idoralaridan faoliyatga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni, shu jumladan buxgalterlik hisob-kitob va hisoboti, hamda o‘zga hujjatlar bilan tanishish;
jamiyatning boshqaruv va nazorat idoralariga saylash va saylanish;
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bayonnomalari bilan tanishish;
aksiyadorlar tarkibidan belgilab qo‘yilgan tartibda chiqish;
jamiyat ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni xarid qilib olishda, ko‘rsatayotgan xizmatlardan imtiyozli ravishda foydalanish huquqiga ega.
8.2. Aksiyador O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan va ushbu Ustavda ko‘zda tutilgan boshqa huquq va majburiyatlarga ega bo‘lishi mumkin.
8.3. Agarda jamiyat aksiyadori muntazam ravishda o‘z majburiyatlarini bajarmasa yoki o‘zining harakatlari bilan jamiyat maqsadlarini bajarishga to‘sqinlik qilsa, u holda jamiyat umumiy yig‘ilishining yakdil ovoz qaroriga muvofiq aksiyadorlar tarkibidan chiqarilishi mumkin. Bu holatda ushbu aksiyador ovoz berishda ishtirok etmaydi.
8.4. Agarda jamiyat aksiyadorlari davlat boshqaruv idorasi bo‘lsa, u holda mazkur qatnashchi foydaning (dividendning) bir qismini u tomonidan o‘zining ijtimoiy taraqqiyotiga hamda ushbu jamiyatni boshqarish bilan bog‘liq maqsadlarga ishlatishi mumkin.
8.5. Jamiyat o‘z majburiyati bo‘yicha o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha mol-mulk bilan, aksiyadorlar esa jamiyatning majburiyati bo‘yicha ularga tegishli bo‘lgan aksiyaning qiymati hisobida javobgar hisoblanadilar.
9-modda. Jamiyatning mulki va mablag‘lari
9.1. Jamiyatning mulki asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar va boshqa turdagi boyliklardan iborat bo‘lib, ularning qiymati mustaqil balansda aks ettiriladi. Jamiyat mulkining vujudga kelish manbalari quyidagilardan iborat:
tumanlarda “O‘zqishloqxo‘jta’minottuzatish” davlat kooperativ qo‘mitasining tugatilayotgan tashkilotlarining asosiy vositalari;
mahsulot sotish, ish bajarish va xizmat ko‘rsatish evaziga shuningdek xo‘jalik faoliyatining boshqa turlari hisobiga olinadigan daromadlar;
banklar va tashkilotlarning bergan kreditlari;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
Ustav Fondi aksiyadorlik jamiyatining aksiyalarini chiqarish asosida tashkil qilinadi.
9.2. Jamiyat belgilangan tartibda banklar kreditlaridan foydalanishi mumkin.
9.3. Jamiyatda uning faoliyati uchun zarur bo‘lgan ustav fondi va boshqa fondlar vujudga keltiriladi.
9.4. Jamiyat O‘zbekiston Respublikasidagi korxonalar, tashkilotlar uchun belgilab qo‘yilgan me’yorlar va tartiblarda amortizatsiya uchun mablag‘lar ajratadi.
10-modda. Jamiyatning boshqarish organlari
10.1. Jamiyatning boshqarish organlari quyidagilardan iboratdir:
aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi;
aksiyadorlik jamiyatining Nazorat Kengashi;
boshqaruv;
taftish komissiyasi.
11-modda. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi
11.1. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi jamiyatning eng yuqori organi hisoblanadi. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining mutloq vakolatiga quyidagilar kiradi:
jamiyat faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash, uning rejalarini va rejalarning bajarilishga doir hisoblarini tasdiqlash;
jamiyatning Ustavini o‘zgartirish va to‘ldirish;
jamiyatni kuzatuvchi kengashini boshqaruv va taftish komissiyasining a’zolarini saylash, chaqirib olish hamda ularning faoliyat tartibini belgilash;
jamiyat faoliyatining, shu jumladan uning turdosh korxonalari va vakolatxonalarining yillik natijalarini, taftish komissiyasining hisobotlarini va xulosalarini, daromadni, dividendni taqsimlash, zararni qoplash va boshqa me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash;
jamiyatning ichki tartib qoidalarini, tashkiliy tuzilmalarini belgilash;
mansabdor shaxslarni mulkiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida qarorlar chiqarish;
jamiyatning Ustav Fondini ko‘paytirish;
jamiyatning Ustav Fondini kamaytirish;
o‘z aksiyalarini qaytarib sotib olish;
umumiy yig‘ilish reglamentini tasdiqlash;
jamiyat faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilish, tugatish komissiyasini tayinlash, tugatish balansini tasdiqlash.
11.2. Jamiyat Ustavini o‘zgartirish va to‘ldirish, uning faoliyatini to‘xtatish, turdosh korxonalar, vakolatxonalar ochish va ularning faoliyatini tugatish, ustav jamg‘armasini o‘zgartirish masalalarini hal eta olishi uchun yig‘ilishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning 3/4 qismidan iborat ko‘pchilik, ovoz talab etiladi. Boshqa barcha masalalar yuzasidan qarorlar yig‘ilishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
11.3. Umumiy yig‘ilish, basharti unda jamiyat ustaviga muvofiq ovozlarning 60 (oltmish) foizdan ziyodrog‘iga ega bo‘lgan aksiyadorlar ishtirok etsa, qonuniy kuchga ega hisoblanadi. Jamiyat umumiy yig‘ilishida ovoz berish, bitta aksiya bir ovoz qoidasi asosida o‘tkaziladi.
Barcha aksiyadorlar, umumiy yig‘ilish ochilishiga 30 kunlik muddat qolganga qadar vaqt ichida kun tartibiga o‘z takliflarini kiritishlari mumkin.
11.4. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi navbatdagi va navbatdan tashqari bo‘lishi mumkin. Navbatdagi umumiy yig‘ilish, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi vakolati doirasida, jamiyatning yillik hisoboti va balansini ko‘rib chiqish va taqsimlash, faoliyatning asosiy yo‘nalishlarini belgilash, daromadni taqsimlash va boshqa masalalar bo‘yicha, bir yilda kamida bir marta chaqiriladi.
11.5. Jamiyat kuzatuvchi Kengashi, Boshqaruvi, taftish komissiyasi yoki aksiyadorlarning eng kamida 30 (o‘ttiz) foizga ega bo‘lganlarning talabi bilan navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi o‘tkaziladi.
11.6. Agarda aksiyador aksiyani to‘liq sotib olmagan bo‘lsa, u holda aksiyaning to‘la qiymatini to‘lagandan so‘ng, yig‘ilishda ishtirok etishi mumkin.
11.7. Aksiyadorlar jamiyatining boshqaruvchisi, agarda u umumiy yig‘ilishda qatnasha olmagan taqdirda, jamiyat Boshqaruvi a’zolaridan biri umumiy yig‘ilishni olib borish uchun rais qilib saylanadi.
11.8. Aksiyadorlar ishonchnoma qog‘oziga asosan o‘z ovozini o‘zining vakiliga yoki umumiy vakilga berishi mumkin. Aksiyadorlarning vakili doimiy yoki belgilangan muddatga tayinlanishi mumkin. Aksiyadorlarning vakili jamiyat Boshqaruvi belgilab qo‘ygan tartibga asosan ro‘yxatga olinadi va aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
12-modda. Aksiyadorlik jamiyatining nazorat kengashi
12.1. Aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishlari oralig‘idagi davrda aksiyadorlar manfaatlarini ko‘zlab ish yuritishda mazkur Ustav hamda O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda Kengash oldiga qo‘ygan vazifalarni bajaradi.
12.2. Nazorat Kengashi tarkibi bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylanadi. Nazorat Kengashi a’zolarining tarkibi, tuzilishi va ish tartibi aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida belgilab qo‘yilgan tartibga asosan qabul qilinadi.
12.3. Nazorat Kengashi kengash a’zolaridan, uning raisi va kotibidan tarkib topadi.
12.4. Nazorat Kengashi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
jamiyat aksiyadorlari umumiy yig‘ilish qarorlarining bajarilishi ustidan nazorat qilish;
12.5. Nazorat Kengashi o‘z a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qarorlar qabul qiladi va ularni Nazorat Kengashi raisi va kotibi imzosi bilan bayonnoma orqali rasmiylashtiradi. Nazorat Kengashi a’zolari o‘z ichida majburiyatlarni taqsimlashni amalga oshiradi.
12.6. Nazorat Kengashi o‘z yig‘ilishlarini zarur bo‘lgan hollarda har chorakda kamida bir marta o‘tkazadi. Nazorat Kengashiga qo‘yiladigan masalalar, Kengash a’zolari, Boshqaruv va taftish, komissiyasi tomonidan kiritilishi mumkin. Nazorat Kengashi a’zolari aksiyadorlar jamiyatining boshqaruv organining a’zosi bo‘la olmaydilar.
13-modda. Jamiyatni boshqaruvi
13.1. Umumiy yig‘ilishlar orasidagi davrda jamiyatning oliy ijroiya idora rahbarligini olib borish uchun Jamiyat Boshqaruvi saylanadi. Jamiyat Boshqaruvi a’zolarining miqdori umumiy yig‘ilish tomonidan belgilanadi.
13.2. Jamiyatning boshqaruvchisi bir vaqtning o‘zida jamiyat Boshqaruvining raisi ham hisoblanadi. Jamiyatning boshqaruvchisi “O‘zqishloqxo‘jta’minottuzatish” Davlat kooperativ qo‘mitasi tomonidan belgilangan tartibda tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.
13.3. Jamiyat Boshqaruv raisi mazkur Ustav va O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asoslangan holda quyidagi vakolatlarni amalga oshiradi:
aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi oralig‘ida jamiyatga rahbarlikni amalga oshiradi va jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi;
umumiy yig‘ilish va kuzatuv kengash qarorlarini o‘z buyruqlari orqali ijro etadi va amalga oshiradi;
jamiyatning ishlab chiqarish moliyaviy ta’minot va boshqa faoliyatlariga rahbarlik qiladi;
jamiyatning umumiy yig‘ilishi qarorlari bilan belgilangan tartibda jamiyat mulkiga, moddiy vositalarga va pul mablag‘lariga egalik qiladi;
jamiyat oldida turgan vazifalardan kelib chiqqan holda bank muassasalarida hisob-kitob varaqlari ochadi va ulardagi mablag‘larni tasarruf etadi, cheklarga, to‘lov topshiriqnomalariga imzo chekadi, banklardan kreditlar oladi va qonun hujjatlari bilan ko‘zda tutilgan boshqa ishlarni amalga oshiradi;
jamiyat zimmasidagi vazifalarning bajarilishini ta’minlovchi shartnomalar tuzadi;
o‘z vakolati doirasida Jamiyat xodimlarini lavozimlarga tayinlaydi va vazifasidan ozod etadi, buyruqlar chiqaradi:
davlat, sud organlarida va boshqa tashkilotlarda ishonchnomasiz Jamiyat nomidan ish ko‘radi.
13.4. Aksiyadorlar jamiyatining Boshqaruvi jamiyat ishini uyushtiradi, hamda umumiy yig‘ilishga o‘z faoliyatining yakunlari to‘g‘risida yillik hisobot taqdim etadi.
13.5. Jamiyat Boshqaruvi umumiy yig‘ilish mutloq vakolatiga kiradigan masalalardan boshqa jamiyat faoliyatiga doir barcha masalalarni hal etadi. Jamiyat Boshqaruvi aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga hisobot beradi va uning qarorlari ijrosini ta’minlaydi.
14-modda. Taftish komissiyasi
14.1. Jamiyatning moliya xo‘jalik, faoliyati ustidan nazoratni umumiy yig‘ilishda aksiyadorlar tarkibidan bir yilga saylab qo‘yiladigan taftish komissiyasi amalga oshiradi. Taftish komissiyasining a’zolari aksiyadorlardan saylanadi va jamiyat Boshqaruvi tarkibiga kirishlari mumkin emas. Jamiyat Boshqaruvi yig‘ilishlarida taftish komissiyasining a’zolari maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.
14.2. Jamiyat o‘zining moliyaviy xo‘jalik faoliyati ustidan bir yilda kamida bir marta taftish qilishi shart. Taftish komissiyasi ichki auditni olib boradi. Yillik axborot va moliyaviy hisobotni tekshirish va ma’qullash uchun jamiyat o‘z hisobidan maxsus auditorlarni jalb qilgan xolda nazoratni (tashqi auditni) tashkil etishi mumkin.
14.3. Taftish komissiyasi jamiyat moliya xo‘jalik faoliyatini umumiy yig‘ilish topshiriqlariga ko‘ra o‘z tashabbusi bilan yoki jamiyki qo‘shganda ovozlarning 10 (o‘n) foizdan ortiqrog‘iga ega bo‘lgan aksiyadorlar talabi bilan tekshirishi mumkin.
14.4. Taftish komissiyasi o‘zi o‘tkazgan tekshiruv natijalari to‘g‘risida umumiy yig‘ilishga ma’lumot beradi. Yillik hisobot va balans xulosasini taftish komissiyasi tuzadi. Taftish komissiyasining xulosasisiz aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi jamiyatning yillik balansini tasdiqlashga haqli emas.
14.5. Agarda jamiyat manfaatlariga ham tug‘ilganda yoki jamiyat mansabdor shaxslari tomonidan suiste’mollik aniqlaganda, taftish komissiyasi navbatdan tashqari aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini chaqirish talabiga haqlidir.
15-modda. Jamiyatning hisobi va hisoboti
Jamiyatda operativ buxgalteriya hamda statistika hisob va hisobotlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda yuritiladi.
16-modda. Jamiyatning mas’uliyati
16.1. Jamiyat shartnoma majburiyatlarini, kredit, hisob-kitob va soliq intizomini, texnikani ta’mirlaganda, mexanizatsiya yordamida ish bajarganda ishning sifatiga bo‘lgan talablarni o‘z faoliyatini yuritishning boshqa tartib qoidalarini buzca O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ko‘zda tutilgan mulkiy javobgarlikka tortiladi.
16.2. Jamiyat atrof muhitni ifloslantirishdan muhofaza qilish va boshqa zararli ta’sirlar ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan talablarga rioya qilmaslik, ishlarning xavfsizligi qoidalarini, sanitariya gigiyena me’yorlarini, xodimlar salomatligini saqlash talablarini buzganligi oqibatida yetkazilgan ziyonning o‘rnini to‘ldirishga O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ko‘zda tutilgan miqdorda jarima to‘lashga majbur.
17-modda. Jamiyat faoliyatini nazorat qilish
O‘zbekiston Respublikasining qonun maqomidagi hujjatlari bilan Jamiyat faoliyatining ayrim tomonlarini tekshirish vazifasi zimmasiga yuklangan soliq va boshqa davlat organlari bunday tekshiruvlarni zaruratiga qarab o‘z vakolatlari doirasida o‘tkazadilar.
18-modda. Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish
Jamiyatni qayta tashkil etish va tugatish, qo‘shish, ajratish jamiyatning umumiy yig‘ilishi qarori asosida amalga oshiriladi.
19-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi “O‘zqishloqxo‘jtaminottuzatish” davlat kooperativ qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 21-fevral 1997-yil 307 raqam bilan ro‘yxatga olingan
Nizom
o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.