O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
EKSPORT MAHSULOTI IShLAB ChIQARUVChILARNI RAG‘BATLANTIRISh BORASIDAGI QO‘ShIMChA ChORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-apreldagi PF-5398-sonli “Soliq va budjet siyosatining 2018-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Soliq va budjet siyosatining 2018-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2017-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-454-sonli Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-dekabrdagi PQ-3454-son qarori)”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Eksportga mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksport salohiyatini kengaytirish, ularni mulkchilik shaklidan qat’i nazar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, amaldagi soliq imtiyozlarini tartibga solish va eksportga mo‘ljallangan raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirishga shunday imtiyozlarning rag‘batlantiruvchi ta’sirini kuchaytirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, eksport qiluvchi korxonalar tomonidan o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olinadigan daromadlarning hisob-kitobi alohida yuritiladi.
2000-yilning 1-iyulidan boshlab mulkchilikning barcha shakllaridagi eksport qiluvchi korxonalarning o‘zi ishlab chiqargan va erkin almashtiriladigan valyutaga eksport qilingan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar)dan olingan daromadlari daromad (foyda) solig‘ini to‘lashdan ozod qilinsin.
Mazkur soliq imtiyozi yagona soliq to‘lovchilari bo‘lmish kichik korxonalarga ham joriy etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi bilan birgalikda bir hafta muddatda amaldagi hisob va hisobot tizimini tanqidiy qayta ko‘rib chiqib, unda korxonalar tomonidan o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) eksportidan olinadigan daromadlarning alohida hisob-kitobi yuritilishini ko‘zda tutsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Eksport qiluvchi korxonalar uchun 2000-yilning 1-iyulidan boshlab umumiy savdo-sotiq hajmida o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) eksporti ulushiga qarab mulk solig‘i to‘lashning quyidagi tartibi joriy etilsin:
eksport ulushi 25 foizdan 50 foizgacha miqdorda bo‘lganida — belgilangan mulk solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi;
50 va undan ko‘proq foiz bo‘lganida — mulk solig‘i undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Ushbu Farmonning 1 va 2-bandida ko‘zda tutilgan imtiyozlar eksport mahsuloti ishlab chiqaruvchi hamda uni mustaqil ravishda yoki vazirliklar, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar, uyushmalar va kompaniyalarning tarkibiy bo‘linmalari hisoblanuvchi ixtisoslashtirilgan tashqi savdo birlashmalari hamda firmalari orqali sotuvchi barcha mulkchilik shaklidagi korxonalarga tadbiq etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Mazkur imtiyozlar erkin almashtiriladigan valyutaga xomashyo mahsulotlari — paxta tolasi, ip gazlama kalavasi, lint, neft, neft mahsulotlari, gaz kondensati, tabiiy gaz, elektr energiyasi, qimmatbaho, rangli va qora metallar eksport qiluvchi savdo-vositachilik korxonalariga, shuningdek ishlab chiqarish korxonalariga tadbiq qilinmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birga bir hafta muddatda ushbu Farmonda ko‘zda tutilgan soliq imtiyozlarini qo‘llanish tartibini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. Eksport qiluvchi korxonalar uchun ilovaga* muvofiq soliq imtiyozlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
* Ilova rus tilida beriladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida takliflar;
Hukumatning ilgari qabul qilingan qarorlariga tegishli o‘zgartishlar kiritsin.
7. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 5-iyun,
PF-2613-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 174-modda; O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 1-2-son, 9-modda; 2009-y., 25-son, 282-modda; 2010-y., 52-son, 511-modda)