O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y. 28-son, 321-modda, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari to‘plami, 2004-y. 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq, buyuraman:
1. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar” “O'ZKIMYOSANOATLOYINA” OAJda ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-sonli “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha choralari haqida”gi Qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 50-son, 496-modda) asosida ishlab chiqilgan.
Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalar xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavf tahlilining uslubiy tamoyillari, atamalar va tushunchalar, tahlil tartibi va natijalarni rasmiylashtirishga qo‘yiladigan umumiy talablar, shuningdek xavf-xatar va avariyalar xavfini tahlil qilishning asosiy usullarini ko‘rsatib beradi.
“Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar” (keyingi o‘rinlarda — Uslubiy ko‘rsatmalar) xavfli ishlab chiqarish obyektlarini loyihalash va ulardan foydalanish faoliyatini amalga oshiradigan tashkilotlar, ekspertiza va sug‘urta tashkilotlari mutaxassislariga, sanoat xavfsizligi deklaratsiyalarini ishlab chiquvchilar va xavf tahlili sohasidagi mutaxassislarga joriy etiladi.
Avariya — bu inshootlar va (yoki) xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qo‘llaniladigan texnika qurilmalarining buzilishi, nazorat qilib bo‘lmaydigan portlash va (yoki) xavfli moddalar ajralib chiqishidir (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 50-son, 496-modda)).
Avariya xavfi tahlili — alohida shaxslar yoki kishilar guruhi, mulk yoki atrof-muhit uchun xavfli ishlab chiqarish obyektida xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va avariya xavfini baholash jarayoni.
Avariya xavflarini identifikatsiyalash — xavfli ishlab chiqarish obyektida xavf-xatar mavjudligini aniqlash va tan olish hamda ularning xususiyatlarini aniqlash jarayoni.
Noxush hodisalar — xavfli ishlab chiqarish obyektlarda ishlatilayotgan texnik qurilmalarning to‘xtashi yoki buzilishi (shikastlanishi), texnologik jarayon (rejimi) tartibidan og‘ishi, qonunchilik hujjatlarida, shuningdek sanoat xavfsizligi sohasidagi me’yoriy-texnik hujjatlardagi talablarning buzilishi (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi).
Avariya xavfi — xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariya tufayli insonlarga, mulkka va (yoki) atrof-muhitga zarar etishi ehtimoli, xavfi. Xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariya xavflari inshootlar va (yoki) texnika qurilmalarining buzilishi, portlash va (yoki) xavfli moddalar ajralib chiqishi va oqibatda insonga, mulkka va (yoki) atrof-muhitga zarar etishi bilan bog‘liqdir.
Xavfli moddalar — alangalanuvchi, oksidlanuvchi, yonuvchi, portlovchi, zaharli, o‘ta zaharli moddalar va tabiat atrof-muhit uchun xavfni belgilovchi moddalar (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 4-moddasi).
Avariya xavfini baholash — avariya xavflarining sodir bo‘lish ehtimoli (yoki sodir bo‘lish chastotasi)ni va ularning oqibatlarining inson sog‘lig‘i, mulk va/yoki atrof-muhit uchun og‘irlik darajasini aniqlashda bajariladigan jarayon. Baholash avariya xavflarining sodir bo‘lish ehtimoli (yoki sodir bo‘lish chastotasi)ni, oqibatlarini va ularning birikuvlarini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi.
Qabul qilsa bo‘ladigan avariya xavfi — ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai-nazardan asoslangan va yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan darajadagi xavf. Obyektdan foydalanish xavfi, agar obyektdan foydalanish natijasida olinadigan foyda uchun jamiyat bunday tavakkalchilikni qabul qilishga tayyor bo‘lsa, maqbul hisoblanadi.
Sanoat xavfsizligi — shaxs va jamiyat hayotiy muhim manfaatlarining xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariyalar va noxush hodisalar hamda ularning oqibatlaridan himoyalanganlik holati (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 3-moddasi).
Avariya xavfi — xavfli ishlab chiqarish obyektida avariyaning yuzaga kelishi ehtimolini va uning oqibatlarining og‘irlik darajasini ifodalovchi xavf o‘lchovi. Quyidagilar avariya xavfining asosiy miqdor ko‘rsatkichlari hisoblanadi (1-ilova):
texnik xavf — xavfli ishlab chiqarish obyekti faoliyatining muayyan davrida texnik qurilmalarning ishlamay qolishi va buning natijasida muayyan daraja (sinf)dagi oqibatlarning yuzaga kelishi ehtimoli;
individual xavf — o‘rganilayotgan avariya xavfi omillarining ta’siri natijasida alohida kishining shikastlanish chastotasi;
potensial hududiy xavf (yoki potensial xavf) — ko‘rib chiqilayotgan hudud nuqtasida shikastlovchi avariya omillarining yuzaga chiqish chastotasi;
jamoaviy xavf — muayyan vaqt mobaynida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalar natijasida kutilayotgan shikastlanganlar soni;
ijtimoiy xavf, yoki F/N egri chizig‘i — muayyan darajada kamida N ta kishi jabrlangan G‘ hodisalarni sodir bo‘lish chastotasining shu N soniga bog‘liqligi. Xavflar yuzaga chiqishi oqibatlarining og‘irlik darajasi (halokatliligi)ni ifodalaydi;
taxmin qilinayotgan zarar — muayyan vaqt mobaynida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyadan ko‘riladigan zararning matematik miqdori.
Xavfli ishlab chiqarish obyektining tarkibiy qismlari — uchastkalar, qurilmalar, sexlar, omborxonalar yoki texnik moslamalarni birlashtiruvchi yoki texnologiya bo‘yicha ularni jamlovchi yoki ma’muriy nuqtai nazardan boshqa tarkibiy qismlariga va xavfli ishlab chiqarish obyektlari tarkibiga kiruvchilardir.
Xavf-xatar darajasi — sodir bo‘lish darajasi (yoki ehtimollilik), bu orqali sodir bo‘layotgan xavfli voqealar, hamda bu xavfli voqealarning oqibatlari (natijalari).
Sanoat xavfsizligi talablari — bu qonun hujjatlarida, shuningdek texnik hujjatlarda nazarda tutilgan shartlar, taqiqlar, cheklovlar va boshqa majburiy talablar bo‘lib, ularga rioya etilishi sanoat xavfsizligini ta’minlaydi (O‘zbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasi).
Xavf-xatar saviyasi — odamlar va mol-mulk uchun ularning atrof-muhitidagi xavfning kattaligini belgilovchi ko‘rsatkich.
Avariya tufayli yetkazilgan zarar — inson faoliyatining ishlab chiqarish va noishlab chiqarish sohalaridagi yo‘qotishlar (zararlar), xavfli ishlab chiqarish obyektida sodir bo‘lgan avariya natijasida atrof-muhitga yetkazilgan va pul ekvivalentida hisoblanadigan zarar.
2. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariya xavflarini tahlil qilish (keyingi o‘rinlarda — xavf tahlili) sanoat xavfsizligini boshqarish tizimining muhim elementi hisoblanadi. Uning yordamida ko‘rsatilgan tizimni takomillashtirish hamda avariyaviylik va travmatizm darajasini pasaytirishga erishish mumkin. Xavf tahlili xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsiz hodisalar xavfini baholash uchun barcha mavjud ma’lumotlardan sistematik foydalanishni o‘z ichiga oladi.
3. Xavf tahlili natijalaridan xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligini deklaratsiyalashda, sanoat xavfsizligini ekspertizadan o‘tkazishda, xavfsizlikni ta’minlashga doir texnik yechimlarni asoslashda, sug‘urtalashda, xavfsizlikni “qiymat — xavfsizlik — foyda” mezonlari bo‘yicha iqtisodiy tahlil qilishda, xo‘jalik faoliyatining atrof-muhitga ta’sirini baholashda va xavfsizlik tahlili bilan bog‘liq boshqa jarayonlarda foydalaniladi.
4. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalar konkret xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavf tahlilini o‘tkazish bo‘yicha uslubiy hujjatlar (sohaviy uslubiy ko‘rsatmalar, tavsiyalar, rahbarlik hujjatlari, uslubiy hujjatlar va h.)ni ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.
5. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalarda xavf tahlilini o‘tkazish zaruriyati, uning davriyligi, shuningdek maqbul xavfning konkret darajalari va mezonlari belgilanmaydi. Xavf tahliliga qo‘yiladigan konkret talablarga, zarur hollarda, xavfli ishlab chiqarish obyektlarining o‘ziga xos jihatlarini aks ettiruvchi me’yoriy hujjatlar orqali aniqlik kiritilishi mumkin.
6. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar xavfi tahlilining asosiy vazifalari qaror qabul qiladigan shaxslarga quyidagilarni taqdim etishdan iborat:
8. Xavf tahlilining mazmuni va uning har qaysi bosqichiga qo‘yiladigan talablar mazkur bobning 2-5 § larida belgilab berilgan.
9. Xavf tahlilining har qaysi bosqichi mazkur hujjatning V bobida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.
tahlil qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektini belgilab olish va uning umumiy tavsifini berish;
xavf tahlilining chuqur, to‘liq va mukammal o‘tkazilishini belgilovchi dastlabki ma’lumotlar, moliyaviy resurslar va boshqa holatlarning cheklanganligini ko‘rsatish;
11. Xavf tahlili sifatini ta’minlash uchun xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalarning yuzaga kelishi va rivojlanishi qonuniyatlariga doir bilimlardan foydalanish lozim. Agar o‘xshash xavfli ishlab chiqarish obyekti yoki xavfli ishlab chiqarish obyektida foydalaniladigan o‘xshash texnik qurilmalar uchun xavf tahlili natijalari mavjud bo‘lsa, ulardan dastlabki ma’lumot sifatida foydalanish mumkin. Lekin bunda obyektlar va jarayonlar bir-biriga aynan o‘xshashligi, mavjud farqlar esa tahlil natijalariga sezilarli ta’sir qilmasligi ko‘rsatilishi lozim.
12. Xavf tahlilining maqsad va vazifalari xavfli ishlab chiqarish faoliyati obyektining turli bosqichlarida farq qilishi va aniqlashtirilishi mumkin.
a) xavfli ishlab chiqarish obyektini joylashtirish (investitsiyalarni asoslash yoki loyihaoldi ishlarini bajarish) yoki loyihalash bosqichida xavf tahlilining maqsadi, odatda, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
xavf-xatarlarni aniqlash va shikastlovchi avariya omillarining xodimlarga, aholiga va atrof-muhitga ta’sirini hisobga olgan holda xavfni miqdoriy aprior baholash;
taklif etilgan qarorlarning maqbulligini tahlil qilish va joyning xususiyatlari, boshqa obyektlarning joylashishi va iqtisodiy samaradorlikni hisobga olgan holda xavfli ishlab chiqarish obyektini, foydalaniladigan texnik qurilmalarni, xavfli ishlab chiqarish obyekti bino va inshootlarini joylashtirishning optimal variantlarini tanlashda natijalarning hisobga olinishini ta’minlash;
yo‘riqnomalar, texnologik reglament va xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalarni lokallashtirish rejalarini ishlab chiqish uchun ma’lumotlar bilan ta’minlash;
xavfli ishlab chiqarish obyektini joylashtirish yoki texnik yechimlar bo‘yicha muqobil takliflarni baholash.
b) Xavfli ishlab chiqarish obyektini foydalanishga kiritish (foydalanishdan chiqarish) bosqichida quyidagilar xavf tahlilining maqsadi bo‘lishi mumkin:
xavf-xatarlarni aniqlash va avariya oqibatlarini baholash, xavfli ishlab chiqarish obyektining oldingi faoliyat bosqichlarida xavfga berilgan baholarni aniqlashtirish;
foydalanishga kiritish (foydalanishdan chiqarish) bo‘yicha yo‘riqnomalar ishlab chiqish va ularni aniqlashtirish.
v) Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish yoki uni rekonstruksiya qilish bosqichida quyidagilar xavf tahlilining maqsadi bo‘lishi mumkin:
asosiy xavf-xatarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish (shu jumladan sanoat xavfsizligini deklaratsiyalashda);
foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yo‘riqnomalarni, xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalarni lokallashtirish rejalarini takomillashtirish;
tashkiliy tuzilmalar, amaliy ish usullari va texnik xizmat ko‘rsatishdagi o‘zgarishlarning sanoat xavfsizligini boshqarish tizimini takomillashtirishga nisbatan samarasini baholash.
13. Xavf tahlili usullarini tanlashda tahlilning maqsadi, vazifalari, o‘rganilayotgan obyektlarning murakkablik darajasi, zarur ma’lumotlarning mavjudligi va tahlilni o‘tkazish uchun jalb qilinadigan mutaxassislarning malakasi hisobga olinishi lozim. “Sanoatkontexnazorat” Davlat inspeksiyasi yoki sanoat xavfsizligi sohasida qonunchilik asosida alohida vakolatga ega boshqa ijro etuvchi tomonidan tasdiqlangan uslubiy materiallar foydalanishda ustuvor hisoblanadi.
Boshqaruv tizimlarining asosini tashkil etadigan, xavf-xatarni aniqlash imkonini beruvchi sifatiy usullarga e’tiborni qaratgan holda, konkret obyektlar va qurilmalar uchun xavf tahlili usullarini ishlab chiqilishi lozim. Zamonaviy xavfsizlikni boshqarish tizimlarini yaratishda miqdoriy xavf tahlili ham talab etiladi (4-ilova). Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligiga doir tadbirlarning samaradorligini baholashni ehtimollik tavsiflarisiz amalga oshirib bo‘lmaydi.
14. Rejalashtirish bosqichida qabul qilinishi kerak bo‘lgan boshqaruv qarorlari, shuningdek buning uchun talab etiladigan dastlabki va tayyor ma’lumotlar belgilab olinadi.
15. Qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonini tanlash yoki belgilashga qo‘yiladigan asosiy talab — bu uning asoslanganligi va aniqligidir. Bunda qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari me’yoriy hujjatlarda berilgan bo‘lishi, xavf tahlilini rejalashtirish bosqichida va (yoki) tahlil natijalarini olish jarayonida belgilanishi mumkin. Qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari muayyan xavfsizlik talablari va xavfning miqdoriy ko‘rsatkichlarini o‘z ichiga olgan shartlar yig‘indisidan kelib chiqqan holda belgilanishi lozim. Xavfning maqbullik sharti muayyan xavfsizlik talablarini, shu jumladan miqdoriy mezonlarni, bajarish shartlari ko‘rinishida ifodalanishi mumkin.
sanoat xavfsizligi me’yorlari va qoidalari yoki tahlil qilinayotgan sohaga doir xavfsizlik bo‘yicha boshqa hujjatlar;
16. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash bosqichining asosiy vazifalari — barcha xavf manbalarini, ularning sodir bo‘lish yo‘llari (ssenariylari)ni aniqlash va puxta tavsiflash. Bu tahlilning muhim bosqichi hisoblanadi. Chunki bu bosqichda aniqlanmagan xavf-xatarlar keyinchalik o‘rganilmaydi va nazardan chetda qoladi.
17. Identifikatsiyalash chog‘ida texnologik tizimdagi qaysi elementlar, texnik qurilmalar, texnologik bloklar yoki jarayonlar jiddiy tahlil qilinishi zarurligi va qaysilari xavfsizlik nuqtai nazaridan kamroq ahamiyatga egaligi aniqlanishi lozim.
18. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash uchun mazkur Uslubiy ko‘rsatmalarning IV bobida ko‘rsatilgan usullardan foydalanish tavsiya etiladi.
xavf manbalari, xavf omillari, nomaqbul hodisalarning yuzaga kelish va rivojlanish sharoitlari (masalan, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalar ssenariysi);
20. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash ishlari kelgusidagi faoliyat yo‘nalishini belgilash bilan yakunlanadi. Quyidagilar kelgusida bajariladigan xatti-harakat variantlari bo‘lishi mumkin:
xavf-xatarlarning jiddiy emasligi yoki olingan dastlabki baholarning yetarliligi sababli tahlilni davom ettirishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror**;
xavfni baholashda hisoblash-tahlil qilish usulini qo‘llash bilan O‘zbekiston Respublikasidagi me’yoriy hujjatlariga zid bo‘lmagan, barcha rasmiy hujjatlardagi bor hisoblash usullaridan foydalanishga ruxsat beriladi;
22. Ko‘ngilsiz hodisalarning yuzaga kelish chastotasini aniqlash uchun quyidagilardan foydalanish tavsiya etiladi:
texnologik tizimning avariyaga moyilligi va ishonchliligi bo‘yicha xavfli ishlab chiqarish obyekti spetsifikasiga yoki faoliyat turiga taalluqli statistik ma’lumotlar;
“hodisalar daraxti”, “buzilishlar daraxti”ni mantiqiy tahlil qilish usullari, inson-mashina tizimida avariyalarni yuzaga kelishining imitatsiya modellari;
23. Oqibatlarni baholash insonlar, mulk va/yoki atrof-muhitga ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan ta’sirlar tahlilini o‘z ichiga oladi. Oqibatlarni baholash uchun ko‘ngilsiz hodisalar (ishlamay qolishlar, texnik qurilmalar, bino va inshootlarning buzilishi, yong‘inlar, portlashlar, zaharli moddalar chiqindilari va h.)ning fizik ta’sirlari baholanishi, xavf yuzaga kelishi ehtimoli bo‘lgan obyektlar aniqlanishi lozim. Avariyalar oqibatlarini tahlil qilishda avariya jarayonlari modellari va o‘rganilayotgan obyektlarning buzilish, shikastlanish mezonlaridan foydalanish, qo‘llanilayotgan modellarning cheklanganligini inobatga olish lozim. Shuningdek, imkon qadar oqibatlar ko‘lami va ularni yuzaga kelish chastotasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash lozim.
24. Avariyalar xavfiga berilgan umumlashtirilgan baho (yoki xavf darajasi) xavfli ishlab chiqarish obyektida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha ko‘ngilsiz hodisalarning xavf ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda sanoat xavfsizligi holatini aks ettirishi va quyidagilarning natijalariga asoslanishi kerak:
barcha ko‘ngilsiz hodisalar (avariya ssenariylari)ning o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda ularning xavf ko‘rsatkichlarini integrallashtirish;
foydalanish sharoitlarining sanoat xavfsizligi talablari va qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlariga muvofiqligini tahlil qilish.
Xavf baholarini umumlashtirishda, imkon qadar, olingan natijalarning noaniqligi va aniqligi tahlil qilinishi lozim. Xavfni baholash bilan bog‘liq ko‘plab noaniqliklar mavjud. Odatda, uskunalarning ishonchliligi va insonlarning xatolari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning to‘liq bo‘lmasligi, qabul qilinayotgan farazlar va foydalanilayotgan avariyaviy jarayon modellariga yo‘l qo‘yish noaniqliklarning asosiy manbalari hisoblanadi. Xavfni baholash natijalarini to‘g‘ri talqin qilish uchun noaniqliklarning xususiyatini va ularning sabablarini to‘g‘ri tushunish lozim. Noaniqliklarning manbalari identifikatsiyalanishi (masalan, “inson omili”), baholanishi va natijalarda ko‘rsatilishi lozim.
25. Xavfni kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish xavf tahlilining yakunlovchi bosqichi hisoblanadi. Tavsiyalarda xavfni baholash natijalari bo‘yicha asoslangan xavfni kamaytirish choralari ko‘rsatiladi.
26. Xavfni kamaytirishga doir chora-tadbirlar texnik va (yoki) tashkiliy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Chora-tadbir turini tanlashda xavfga ta’sir ko‘rsatish choralarining amaliyligi va ishonchliligiga berilgan umumiy baho, shuningdek ularni amalga oshirish uchun sarf-xarajatlar ko‘lami hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
27. Tashkiliy choralar xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bosqichida xavfni kamaytirish bo‘yicha yirik texnik choralar qabul qilishda cheklagan imkoniyatlarning o‘rnini bosishi mumkin.
28. Xavfni kamaytirishga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqishda, resurslarning cheklanishi mumkinligidan kelib chiqqan holda, birinchi navbatda sodda va eng kam sarf-xarajat talab etiladigan tavsiyalar, shuningdek istiqboldagi chora-tadbirlar ishlab chiqilishi nazarda tutilishi lozim.
29. Ko‘p hollarda xavfsizlikni ta’minlashga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar, odatda, avariyalarni oldini olish chora-tadbirlari hisoblanadi. Tatbiq etish rejalashtirilayotgan xavfsizlik chora-tadbirlarini tanlashda quyidagilar ustuvorlikka ega:
a) avariya vaziyatlarining yuzaga kelish ehtimolini kamaytirishga doir chora-tadbirlar. Ularga quyidagilar kiradi:
noxush hodisalarning avariya vaziyatini yuzaga keltirish ehtimolini kamaytirishga doir chora-tadbirlar;
b) avariya oqibatlarini yumshatishga doir chora-tadbirlar. Ular, o‘z navbatida, quyidagi ustuvor chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi:
xavfli obyektni loyihalashda ko‘zda tutiladigan chora-tadbirlar (masalan, tutib turuvchi konstruksiyalarni, qulf armaturani tanlash);
avariyadan himoyalash va nazorat tizimlariga taalluqli chora-tadbirlar (masalan, gaz analizatorlaridan foydalanish),
foydalanuvchi tashkilotning avariya oqibatlarini lokallashtirish va bartaraf etishga tayyorligi bilan bog‘liq chora-tadbirlar.
30. Xavfni kamaytirish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlarni asoslash va ularning samaradorligini baholash zarur bo‘lganda ularni optimallashtirishning ikkita muqobil maqsadi ko‘zda tutilishi tavsiya etiladi:
1) berilgan vositalar yordamida xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish xavfini maksimal kamayishini ta’minlash;
2) minimal sarf-xarajatlar bilan xavfni qabul qilsa bo‘ladigan darajagacha kamaytirishni ta’minlash.
ajratilgan vositalar yoki resurslarning cheklanganligi sharoitida xavfni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarning bajarishdagi ustuvorligini aniqlash uchun quyidagilar bajarilishi lozim:
belgilangan moliyalashtirish hajmlari doirasida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan chora-tadbirlar majmuini aniqlash;
31. Xavf tahlilini o‘tkazish usullarini tanlashda obyektning faoliyat bosqichlari (loyihalash, foydalanish va h.), tahlil maqsadlari, qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezonlari, tahlil qilinadigan xavfli ishlab chiqarish obyektining turi va xavf-xatarning xususiyatlari, tahlilni o‘tkazish uchun resurslarning mavjudligi, bajaruvchilarning tajribasi va malakasi, zarur ma’lumotlarning mavjudligi va boshqa omillar hisobga olinishi lozim.
Masalan, xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va xavfni dastlabki baholash bosqichida* xavfni tahlil qilish va baholashning puxta o‘ylangan tartibi, maxsus yordamchi vositalar (anketalar, blanklar, so‘rovnomalar, yo‘riqnomalar) va bajaruvchilarning amaliy tajribasiga tayanadigan sifat usullaridan foydalanish tavsiya etiladi.
Amaliyotdan ma’lumki, murakkab miqdoriy usullardan foydalanish ko‘p hollarda murakkab texnik tizimlar uchun aniqligi uncha yuqori bo‘lmagan xavf ko‘rsatkichlari qiymatini beradi. Shuning uchun xavfni to‘liq miqdoriy baholash xavf-xatar manbalari yoki xavfsizlik chora-tadbirlarining turli variantlarini (masalan, obyektni joylashtirishda) taqqoslash uchun obyektning xavfsizlik darajasi to‘g‘risida xulosa tayyorlashga nisbatan samarali hisoblanadi. Shu bilan birga, xavfni miqdoriy baholash usullari barcha holatlarda juda foydali, ba’zi hollarda esa, jumladan, turli xususiyatdagi xavf-xatarlarni taqqoslash, yirik avariyalar oqibatlarini baholash va natijalar chiqarishning yagona yo‘li hisoblanadi.
Zarur ma’lumotlar bilan ta’minlash xavf tahlilini o‘tkazishning muhim shartidir. Statistik ma’lumotlarning yetarli emasligi tufayli amaliyotda miqdoriy tahlilning soddalashtirilgan usullariga asoslangan ekspert baholash va xavfni ajratish usullaridan foydalanish tavsiya etiladi. Bu yondashuvlarda ko‘rib chiqilayotgan hodisalar yoki elementlar, odatda, xavf ehtimoli kattaligi, oqibatlarning og‘irlik darajasi bo‘yicha bir nechta, masalan, xavf darajasi yuqori, oraliq, past yoki sezilarsiz bo‘lgan guruhlar (yoki toifalar, darajalar)ga ajratiladi. Bunday yondashuvda yuqori xavf darajasi (obyektning spetsifikasiga qarab) qabul qilib bo‘lmaydigan (yoki maxsus ko‘rib chiqish talab etiladigan) daraja hisoblanadi, oraliq xavf darajasi xavf darajasini kamaytirish bo‘yicha ishlar dasturi bajarilishini talab etadi, past darajani qabul qilsa bo‘ladi, sezilarsiz xavf darajasi esa umuman ko‘rib chiqilmasligi mumkin (2-ilova).
32. Xavf tahlili usullarini tanlash va qo‘llashda quyidagi talablarga rioya qilinishi tavsiya etiladi:
usul xavf-xatarlarni yuzaga kelish shaklini yaxshi tushunish va xavfni kamaytirish yo‘llarini belgilash imkonini beruvchi natijalarni berishi kerak;
33. Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash bosqichida quyidagi xavf tahlili usullarining bir yoki bir nechtasidan foydalanish tavsiya etiladi:
Xavf tahlili usullari to‘g‘risida qisqacha ma’lumotlar va ularni qo‘llashga doir tavsiyalar 2, 3-ilovalarda keltirilgan.
34. Xavf tahlili natijalari asoslangan bo‘lishi va bajarilgan hisob-kitoblar va xulosalarni dastlabki tahlilda ishtirok etmagan mutaxassislar tomonidan tekshirish va takrorlash imkoniyatidan kelib chiqqan holda rasmiylashtirilishi kerak.
35. Xavf tahlili jarayoni hujjatlashtirilishi lozim. Tahlil natijalarini o‘z ichiga olgan hisobot hajmi va shakli o‘tkazilgan xavf tahlilining maqsadlariga bog‘liq. Hisobotda quyidagilar kiritilishi tavsiya etiladi (agar me’yoriy huquqiy hujjatlarda, masalan, sanoat xavfsizligi deklaratsiyalarini rasmiylashtirishga doir hujjatlarda, boshqa talablar belgilanmagan bo‘lsa):
qo‘llaniladigan tahlil usullari, avariya jarayonlari modellarining tavsifi va ulardan foydalanish asoslari;
dastlabki ma’lumotlar va ularning manbalari, shu jumladan uskunalarning avariyaga moyilligi va ishonchliligiga doir ma’lumotlar;
36. Ushbu Uslubiy ko‘rsatmalar O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmalarining Markaziy Kengashi, “O‘zGEOTEXLITI” ilmiy-tekshirish va loyiha instituti va “O‘zkimyosanoat” Davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
1-ILOVA
1-ILOVA
Avariyalar xavfini har tomonlama baholash avariyalarni yuzaga kelish sabablari (texnik qurilmalarning buzilishi, xodimlarning xatolari, tashqi ta’sirlar) va ularning rivojlanish sharoitlari, ishlab chiqarish xodimlari va aholining shikastlanishi, foydalanuvchi tashkilot mulkiga va uchinchi shaxslarga, atrof-muhitga yetkaziladigan zarar tahliliga asoslanadi. “O‘lchanadigan” kattalik to‘g‘risida gap borayotganligini ta’kidlash uchun xavf darajasi tushunchasi ishlatiladi. Foydalanish jarayoni ko‘plab xavf-xatarlar bilan bog‘liq bo‘lgan xavfli ishlab chiqarish obyektida avariyalar xavfi darajasi tegishli xavf ko‘rsatkichlarini hisobga olish asosida aniqlanadi. Umumiy holatda xavf ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilayotgan ko‘ngilsiz hodisalar oqibatlarining ehtimoli (yoki chastotasi) va og‘irlik darajasi majmui (kombinatsiyasi) ko‘rinishida ifodalanadi.
1. Texnik qurilmalarning buzilib qolishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni tahlil qilishda texnik xavf ajratiladi. Texnik xavf ko‘rsatkichlari tegishli ishonchlilik nazariyasi usullari yordamida aniqlanadi.
2. Xavf-xatarlarning eng ko‘p ishlatiladigan tavsiflaridan biri individual xavf hisoblanadi. Individual xavf — o‘rganilayotgan xavf-xatar omillari ta’siri natijasida alohida individuum (inson)ning shikastlanish chastotasi. Umumiy holatda miqdor (son) jihatdan individual xavf muayyan vaqt mobaynida jabrlangan insonlar sonining xavf ostida bo‘lganlarning umumiy soniga nisbati bilan ifodalanadi. Obyekt atrofidagi hudud bo‘ylab xavfning taqsimlanishini hisoblash (“xavfni xaritalash”)da individual xavf potensial hududiy xavf (quyiga qaralsin) va insonning xavfli omillar ta’siri hududida bo‘lishi ehtimoli bilan aniqlanadi. Individual xavf ko‘pincha individuumning malakasi va uning xavfli vaziyatda xatti-harakatlarga tayyorligi va himoyalanganligi bilan belgilanadi. Individual xavf, odatda, har bir kishi uchun emas, balki turli xavfli hududlarda taxminan bir xil vaqt mobaynida bo‘ladigan va bir xil himoya vositalaridan foydalanadigan kishilar guruhi uchun aniqlanishi lozim. Individual xavfni obyekt xodimlari va tutash hudud aholisi uchun, yoki, zarur hollarda, tor doiradagi guruhlar, masalan, turli ixtisosdagi ishchilar uchun alohida-alohida baholash tavsiya etiladi.
3. Xavfning obyekt va yaqin atrofdagi hudud bo‘yicha taqsimlanishini ifodalovchi boshqa kompleks xavf ko‘rsatkichi potensial hududiy xavf hisoblanadi. Potensial hududiy xavf — bu hududning ko‘rib chiqilayotgan nuqtasida shikastlovchi omillarning yuzaga kelish chastotasidir. Potensial hududiy, yoki potensial xavf ta’sir obyekti (masalan, inson)ning shu joyda bo‘lishiga bog‘liq emas. Obyektning ta’sir doirasida bo‘lishi shartli ehtimoli 1 ga teng deb olinadi (ya’ni ko‘rib chiqilayotgan butun vaqt mobaynida ushbu joyda inson bo‘ladi). Potensial xavf xavfli obyekt odam ko‘p joyda yoki odamsiz sahroda joylashganligiga qaramaydi va keng interval doirasida o‘zgarishi mumkin. Potensial xavf, nomidan kelib chiqqan holda, ushbu joyda joylashgan konkret ta’sir obyektlari (retsipiyentlar) uchun mumkin bo‘lgan maksimal xavf potensialini ifodalaydi. Odatda, potensial xavf yirik avariyalarda ijtimoiy va individual xavflarni baholash uchun foydalaniladigan oraliq xavf o‘lchovi hisoblanadi. O‘rganilayotgan hududda potensial xavf va aholining taqsimlanishi aholi uchun ijtimoiy xavfni miqdoriy baholash imkonini beradi. Buning uchun har bir ssenariyda har qaysi xavf-xatar manbasidan shikastlanganlar soni aniqlanishi va shundan keyin u yoki bu darajada jabrlangan insonlar soni belgilangani (N)ga nisbatan ko‘p bo‘lgan hodisalar chastotasi (F)ning ushbu belgilangan insonlar soniga bog‘liqligi aniqlanishi kerak (ijtimoiy xavf).
4. Ijtimoiy xavf avariyalarning ko‘lami va ehtimoli (chastotasi)ni tavsiflaydi va yo‘qotishlar (zarar)ni taqsimlash funksiyasi yordamida aniqlanadi. Ushbu funksiya F/N-egri chizig‘i (Farmer egri chizig‘i) deb ataladi. Umumiy holatlarda, tahlil vazifalaridan kelib chiqqan holda, N ostida jabrlanganlarning umumiy soni ham, o‘lar holatda jarohatlanganlar soni ham yoki oqibatlarning boshqa og‘irlik ko‘rsatkichi ham tushuniladi. Shunday ekan, qabul qilsa bo‘ladigan xavf mezoni alohida hodisa uchun son bilan emas, balki turli avariyalar ssenariylari uchun ularning ehtimolligini hisobga olgan holda tuzilgan egri chiziq yordamida aniqlanadi. Hozirgi vaqtda xavfning qabul qilsa bo‘lishini aniqlash uchun ikkita egri chiziqdan foydalanish usuli keng tarqalgan. Bunda logarifmik koordinatalarda qabul qilsa bo‘ladigan va qabul qilib bo‘lmaydigan o‘lar holatda jarohatlanish xavflarning F/N-egri chiziqlari belgilangan. Ushbu egri chiziqlar o‘rtasidagi soha oraliq xavf darajasi sifatida belgilanadi va uni kamaytirish masalasi ishlab chiqarish spetsifikasi va hududiy sharoitlardan kelib chiqqan holda hal qilinishi lozim.
5. Obyekt xavfining boshqa miqdoriy integral o‘lchovi — bu jamoaviy xavfdir. Jamoaviy xavf muayyan vaqt mobaynida obyektda avariyalar natijasida taxmin qilinayotgan jabrlanganlar sonini belgilab beradi.
6. Sanoat xavfsizligini iqtisodiy tartibga solish va sug‘urtalash maqsadlari uchun qiymat yoki natural ko‘rsatkichlardagi statistik taxmin qilinayotgan zarar xavfning muhim ko‘rsatkichi hisoblanadi (zararning matematik taxmini yoki muayyan davr ichida zarar yetkazilishi ehtimollarining ushbu zararlarning tegishli o‘lchamlariga ko‘paytmalari yig‘indisi).
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
2-ILOVA
2-ILOVA
1. “Tekshiruv varaqasi” va “Agar....., nima bo‘ladi?” usullari yoki ularning kombinatsiyasi obyektdan foydalanish sharoitlari yoki loyihaning sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini o‘rganishga asoslangan xavf-xatarlarni sifatiy baholash usullari guruhiga kiradi.
Xavfli ishlab chiqarish obyektining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risidagi savol va javoblar hamda ularni ta’minlashga doir ko‘rsatmalar tekshiruv varaqasining natijasi hisoblanadi. Tekshiruv varaqasi “Agar....., nima bo‘ladi?” usulidan dastlabki ma’lumotlarni va xavfsizlik qoidalarining buzilishlari oqibatlari to‘g‘risida natijalarni ko‘proq taqdim etilishi bilan farq qiladi.
Bu usullar ancha sodda (ayniqsa ularni tahlilni o‘tkazish va natijalarni taqdim etishni yengillashtiruvchi yordamchi shakllar, birxillashtirilgan blankalar bilan ta’minlashda), ko‘p mehnat talab qilmaydi (natijalar bitta mutaxassis tomonidan bir kun ichida olinishi mumkin) va tanish texnologiyali obyektlar xavfsizligini tekshirishda samarali hisoblanadi.
2. “Buzilish turi va oqibatlari tahlili” (BTOT) ko‘rib chiqilayotgan texnik tizim* xavfining sifatiy tahlili uchun qo‘llaniladi. Ushbu usulning muhim jihati shundaki, bunda har bir apparat (qurilma, blok, buyum) yoki tizim (element)ning tarkibiy qismi u qanday nosoz holga kelganligi (buzilish turi va sababi) va buzilish texnik tizimga qanday ta’sir ko‘rsatishi bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Buzilish turi va oqibatlari tahlilini miqdoriy buzilish turi, oqibatlari va kritikligi tahlili (BTOKT)gacha kengaytirish mumkin. Bu holda har qaysi buzilish turi kritiklikning ikki tarkibiy qismi — oqibatlarning ehtimoli (yoki chastotasi) va og‘irlik darajasini hisobga olgan holda ajratiladi. Kritiklik parametrlarining belgilanishi tavsiyalar ishlab chiqish va xavfsizlik chora-tadbirlarining ustuvorligini belgilash uchun kerak bo‘ladi.
Tahlil natijalari uskunalar ro‘yxati, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan buzilishlar turi va sabablari, chastotalari, oqibatlari, kritikligi, nosozliklarni aniqlash vositalari (signalizatorlar, nazorat asboblari va h.) va xavfni kamaytirishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan jadvallar ko‘rinishida taqdim etiladi.
Buzilishlarni sodir bo‘lish oqibatlarining ehtimoli-og‘irlik darajasi mezonlari bo‘yicha tasniflash tizimi har qaysi obyekt yoki texnik qurilma uchun ularning spetsifikasini hisobga olgan holda konkretlashtirilishi lozim.
Quyida (1-jadval) misol sifatida buzilishlarning sodir bo‘lish ehtimoli va oqibatlarining og‘irlik darajasi bo‘yicha kritiklik ko‘rsatkichlari (indekslari) va mezonlari keltirilgan. Tahlil uchun buzilishlar zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan to‘rtta guruh ajratilgan: xodimlar, aholi, mulk (uskunalar, inshootlar, binolar, mahsulot va h.), atrof-muhit.
halokatga olib keluvchi buzilish — insonlarning o‘limiga, mulkka jiddiy ziyon etishiga olib keladi, atrof-muhitga o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi,
kritik (nokritik) buzilish — insonlarning hayotiga xavf tug‘diradi (xavf tug‘dirmaydi), mulkka, atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazadi (zarar yetkazmaydi),
uncha katta bo‘lmagan oqibatlarga olib keluvchi buzilish — oqibatlariga ko‘ra yuqorida sanab o‘tilgan uchta toifaning hech biriga taalluqli bo‘lmagan buzilish.
“A” — miqdoriy xavf tahlili o‘tkazilishi shart yoki maxsus xavfsizlikni ta’minlash choralari talab etiladi;
“V” — miqdoriy xavf tahlili o‘tkazilishi maqsadga muvofiq yoki muayyan xavfsizlik choralari qabul qilinishi talab etiladi;
“S” — sifatiy xavf tahlili o‘tkazilishi yoki ba’zi xavfsizlik choralari qabul qilinishi tavsiya etiladi;
BTOT, BTOKT usullari, odatda, murakkab texnik tizimlar loyihalari yoki texnik yechimlarni tahlil qilish uchun qo‘llaniladi. 3 — 7 kishidan tashkil topgan turli ixtisosdagi mutaxassislar (masalan, texnologiya, kimyoviy jarayonlar bo‘yicha mutaxassis, muhandis-mexanik) guruhi tomonidan bir necha kun, hafta mobaynida bajariladi.
Buzilishning yuzaga kelish chastotasi 1 yil | Buzilish oqibatlarining og‘irlik darajasi | ||||
halokatga olib keluvchi buzilish | kritik buzilish | nokritik buzilish | uncha katta bo‘lmagan oqibatlarga olib keluvchi buzilish | ||
Tez-tez sodir bo‘ladigan buzilish | > 1 | A | A | A | C |
Ehtimol buzilish | 1 — 10-2 | A | A | V | C |
Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan buzilish | 10-2 — 10-4 | A | V | V | C |
Kam sodir bo‘ladigan buzilish | 10-4 — 10-6 | A | V | S | D |
Sodir bo‘lishi ehtimoldan yiroq buzilish | <10-6 | V | S | S | D |
3. “Xavf-xatar va ishlash imkoniyati tahlili” (XIQT) usulida texnologik parametrlarning (harorat, bosim va h.) reglament rejimlardan chetga chiqishlari ta’siri xavf yuzaga kelishi mumkinligi nuqtai-nazaridan o‘rganiladi. XIQT murakkabligi va natijalar sifatiga ko‘ra BTO, BTOKT darajasiga to‘g‘ri keladi.
Tahlil jarayonida xavfli ishlab chiqarish obyekti yoki texnologik blokning har bir tarkibiy qismi uchun mumkin bo‘lgan chetga chiqishlar, ularning sabablari va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar belgilanadi. Chetga chiqishlarni tavsiflashda “yo‘q”, “ko‘p”, “kam”, “shuningdek”, “boshqacha”, “qaraganda boshqacha”, “teskari” va h. singari kalit so‘zlar qo‘llanilishi lozim. Kalit so‘zlarning qo‘llanilishi bajaruvchilarga mumkin bo‘lgan barcha chetga chiqishlarni aniqlashda yordam beradi. Bu so‘zlarning texnologik parametrlar bilan konkret birikmasini ishlab chiqarish spetsifikasi belgilab beradi.
“KO‘P (KAM)” — rejimli o‘zgaruvchan miqdorlar (harorat, bosim, sarf)ning belgilangan parametrlarga nisbatan oshishi (kamayishi);
“BOShQAChA” — odatdagi ishdan farq qiluvchi holat (ishga tushirish, to‘xtatish, unumdorlikni oshirish va h.);
“QARAGANDA BOShQAChA” — jarayonning to‘liq o‘zgarishi, ko‘zda tutilmagan hodisa, uskunalarning, germetiklikning buzilishi;
Tahlil natijalari maxsus texnologik listlar (jadvallar)da taqdim etiladi. Chetga chiqishlarning xavf darajasi ko‘rib chiqilayotgan vaziyat oqibatlarining ehtimoli va og‘irligini BTOKT usulidagi kabi kritiklik mezonlari bo‘yicha baholash yo‘li bilan miqdor jihatdan aniqlanishi mumkin (1-jadval).
XIQT usuli BTOKT singari xavf-xatarlarni identifikatsiyalash va ularni ajratishdan tashqari xavfsizlik bo‘yicha yo‘riqnomalardagi noaniqliklar va xatoliklarni aniqlash imkonini beradi va kelgusida ularni takomillashtirishga yordam beradi. Usullarning kamchiligi - avariyaga olib kelgan hodisalar kombinatsiyalarini tahlil qilish uchun ulardan foydalanish qiyinchiliklar yuzaga kelishidadir.
4. Amaliyotdan ma’lumki, yirik avariyalar, odatda, avariya yuzaga kelishi va rivojlanishining turli bosqichlarida har xil chastotalarda sodir bo‘ladigan kutilmagan hodisalar (uskunalarning ishlamay qolishi, inson xatosi, hisobga olinmagan tashqi ta’sirlar, buzilish, moddalarning otilib chiqishi, oqib ketishi, sochilishi, alangalanish, portlash, intoksikatsiya va h.) kombinatsiyasi bilan tavsiflanadi. Ushbu hodisalar o‘rtasidagi sabab-oqibatli bog‘liqlikni aniqlash uchun “buzilishlar daraxti” va “hodisalar daraxti” tahlilining mantiqiy-grafik usullaridan foydalaniladi.
“Buzilishlar daraxti” tahlili (BShT)da asosiy hodisa (avariya vaziyati)ga olib keluvchi uskunalarning buzilishlari (nosozliklari), noxush hodisalar, xodimlarning xatolari va hisobga olinmagan tashqi (texnogen, tabiiy) ta’sirlar kombinatsiyalari aniqlanadi. Usul avariya vaziyati yuzaga kelishining mumkin bo‘lgan sabablarini tahlil qilish va uning chastotasini (dastlabki hodisalar chastotalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida) hisoblash uchun qo‘llaniladi. Buzilish (avariya)lar daraxti tahlilida hodisalarning avariyalarni yuzaga kelishi yoki yuzaga kelmasligini belgilab beruvchi minimal qo‘shilmalarini (minimal o‘tkazuvchi va ajratib qo‘yuvchi qo‘shilmalar, mos ravishda — 3-ilova 2 misol) aniqlash tavsiya etiladi.
“Hodisalar daraxti” tahlili (HShT) — bu asosiy hodisa (avariya vaziyati)dan kelib chiquvchi hodisalar ketma-ketligini tuzish algoritmidir. Avariya vaziyatining rivojlanishini tahlil qilishda qo‘llaniladi. Har qaysi avariya vaziyati rivojlanish ssenariysining chastotasi asosiy hodisa chastotasini pirovard hodisaning shartli ehtimoliga ko‘paytirish yo‘li bilan hisoblanadi (masalan, yonuvchan modda solingan uskuna germetikligining buzilishi bilan kechadigan avariyalar sharoitga qarab modda alangalanib ham, alangalanmasdan ham rivojlanishi mumkin).
5. Xavfning miqdoriy tahlil usullari, odatda, 1-ilovada ko‘rsatilgan bir nechta xavf ko‘rsatkichlarini hisoblash orqali amalga oshiriladi va yuqorida ko‘rsatilgan usullarning bir yoki bir nechtasini o‘z ichiga olishi (yoki ularning natijalaridan foydalanilishi) mumkin. Miqdoriy tahlil o‘tkazishda yuqori malakali bajaruvchilar, uskunaning avariyaviyligi, ishonchliligi bo‘yicha katta hajmda ma’lumotlar, ekspertiza ishlarini bajarilishi, atrof-muhitning o‘ziga xos jihatlari, ob-havo sharoitlari, odamlarning xavfli hududlarda bo‘lish vaqti va boshqa omillarni hisobga olish talab etiladi.
Xavfning miqdoriy tahlili turli xavf-xatarlarni yagona ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholash va taqqoslash imkonini beradi. Ushbu usul quyidagi hollarda yuqori samara beradi:
bir turdagi texnik qurilmalar (masalan, magistral quvur o‘tkazgichlar)ga ega xavfli ishlab chiqarish obyektlarida yirik avariyalar xavfini baholashda;
6. Turli faoliyat turlari va xavfli ishlab chiqarish obyektining faoliyat bosqichlari uchun xavf tahlili usullarini tanlashga doir tavsiyalar quyida (2-jadval) keltirilgan.
Usullar alohida-alohida yoki bir-biriga qo‘shimcha ravishda qo‘llanilishi, chunonchi sifatiy tahlil usullari miqdoriy xavf mezonlarini (asosan, ekspert baholari bo‘yicha, masalan, “sodir bo‘lish ehtimoli - oqibatlarning og‘irlik darajasi” matritsasidan foydalangan holda) ham o‘z ichiga olishi mumkin. Xavfning to‘liq miqdoriy tahlilida xavflarning sifatiy tahlil natijalaridan imkon qadar foydalanilishi kerak.
Usul | Faoliyat turi | ||||
Joylashtirish (loyiha oldi ishlar) | Loyihalash | Foydalanishga kiritish /foydalanishdan chiqarish | Foydalanish | Rekonstruksiya | |
“Agar...., nima bo‘ladi?” tahlili | 0 | + | ++ | ++ | + |
Tekshiruv varaqasi usuli | 0 | + | + | ++ | + |
Xavf-xatar va ishlash imkoniyati tahlili | 0 | ++ | + | + | ++ |
Buzilish turlari va oqibatlar tahlili | 0 | ++ | + | + | ++ |
Buzilishlar va hodisalar daraxti tahlili | 0 | ++ | + | + | ++ |
miqdoriy xavf tahlili | ++ | ++ | 0 | + | ++ |
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
3-ILOVA
3-ILOVA
3-jadvalda sovutish-kompressor qurilmalari sexining xavf-xatarlar va ishlash imkoniyati tahlili natijalaridan namuna berilgan. Tahlil jarayonida har bir qurilma, ishlab chiqarish liniyasi yoki blok uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan chetga chiqishlar, ularning sabablari aniqlanadi va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tavsiyalar belgilanadi. Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har qaysi chetga chiqish holatlarini tavsiflashda “yo‘q”, “ko‘p”, “kam”, “shuningdek”, “boshqacha”, “qaraganda boshqacha”, “teskari” va h. singari kalit so‘zlar qo‘llaniladi. Shuningdek, jadvalda ko‘rib chiqilayotgan chetga chiqishning yuzaga kelish ehtimoli V, oqibatlarning og‘irlik darajasi T va kritiklik ko‘rsatkichi K=V+T ga berilgan balli ekspert baholari ko‘rsatilgan. V va T ko‘rsatkichlar 4 balli shkalada belgilangan (4 ball maksimal xavfga to‘g‘ri keladi).
Kritiklik qiymati yuqori bo‘lgan chetga chiqishlar keyinchalik, shu jumladan avariya vaziyatlari ssenariylarini ishlab chiqishda va xavfni miqdoriy baholashda, yanada batafsilroq ko‘rib chiqilgan.
Kalit so‘z | Chetga chiqish | Sabablar | Oqibatlar | V | T | K | Tavsiyalar |
KAM | MODDA OQIMI YO‘Q | 1. Quvur o‘tkazgichning yorilishi | Ammiakning chiqib ketishiga olib keladi | 2 | 4 | 6 | Avariya signalizatsiyasi o‘rnatilishi kerak |
2. Elektr ta’minoti tizimidagi buzilishlar | Xavf yo‘q | 3 | 1 | 4 | Zaxiralash tizimi ishonchliligini oshirish kerak | ||
KO‘P | KOMPRESSOR HAYDASh BOSIMINING OShIShI | 3. Haydaydigan ventil yopiq | Kompressorning buzilishi va ammiakning chiqib ketishiga olib keladi | 1 | 2 | 3 | Bosim relesi, saqlovchi va teskari klapanlar almashtirilishi kerak |
4. Kondensatorga suv umuman yoki yetarli darajada berilmayapti | 3-banddagi kabi | 1 | 2 | 3 | |||
5. Kondensatorda ko‘p miqdorda havo mavjud | Portlash xavfi bo‘lgan aralashma hosil bo‘ladi | 1 | 3 | 4 | |||
HAYDAYDIGAN KOMPRESSOR HARORATINING OShIShI | 6. Kompressorning sovutiladigan qobig‘i orqali suv o‘tmayapti | Kompressorning buzilishi va ammiakning chiqib ketishiga olib keladi | 1 | 2 | 3 | IB va TB kompressorlarida harorat relelari o‘rnatish kerak | |
7. So‘riladigan ammiak bug‘larining haddan ortiq qizib ketishi | 6-banddagi kabi | 1 | 2 | 3 | |||
KAM | SURISh BOSIMINING KAMAYIShI | 8. Kompressorning yuqori unumdorligi | Xavf yo‘q | 1 | 1 | 2 | Bosim relesi tekshirilishi kerak |
Neftni qayta ishlash qurilmasida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan turli avariyalarning ssenariylarini miqdoriy tahlil qilish uchun hodisalar daraxti namunalari 2-rasmda berilgan. Hodisa nomining yonidagi raqamlar ushbu hodisa yuzaga kelishining shartli ehtimolini ko‘rsatadi. Bunda qo‘zg‘atuvchi hodisa (rezervuardan neftning to‘kilishi)ning yuzaga kelish ehtimoli 1 teng deb qabul qilingan. Alohida hodisa yoki ssenariyning yuzaga kelish chastotasi qiymati qo‘zg‘atuvchi hodisaning yuzaga kelish chastotasini avariyaning aniq ssenariy bo‘yicha rivojlanishning shartli ehtimoliga ko‘paytirish yo‘li bilan qayta hisoblanadi.
Idishlarga yoqilg‘i quyishda avariya vaziyatlarining sodir bo‘lishi sabablarini tahlil qilish uchun qo‘llaniladigan buzilishlar daraxti* namunasi 3-rasmda keltirilgan. Buzilishlar daraxtining tuzilmasi sababli zanjirlar (avariyalar ssenariylari)ni hosil qiluvchi tegishli quyi hodisalar (xatolar, buzilishlar, noqulay tashqi ta’sirlar) to‘plami bilan bog‘langan bitta asosiy hodisa (avariya, noxush hodisa)ni o‘z ichiga oladi. Hodisalarni o‘zaro bog‘lash uchun daraxtlarning “tugunlari”da “VA” va “YoKI” belgilari ishlatiladi. “VA” mantiqiy belgisi yuqorida turuvchi hodisa quyi hodisalarning bir vaqtda yuzaga kelishi bilan sodir bo‘lishini bildiradi (yuqorida turuvchi hodisa ehtimolini baholash uchun ularning ehtimollarini ko‘paytirilishiga to‘g‘ri keladi). “YoKI” belgisi yuqorida turuvchi hodisaning quyi hodisalardan birining yuzaga kelishi natijasida sodir bo‘lishini bildiradi.
Shunday qilib, 3-rasmda ko‘rsatilgan daraxtda oraliq hodisalar (to‘g‘ri burchaklar) mavjud, uning pastki qismida esa raqamli doiralar bilan faraz qilinayotgan dastlabki hodisa-sabablar ko‘rsatilgan bo‘lib, ularning nomlari va raqamlari 4-jadvalda keltirilgan.
Hodisalar yoki model holatlarining nomi | Hodisa ehtimoli Pi | |
1 | Avtomatik doza berish tizimi (ADBT) o‘chirilmagan (dastlabki holatni nazorat qilishdagi xato) | 0,0005 |
2 | Doza hajmi datchiklaridan signallarni uzatish zanjiri uzilgan | 0,00001 |
3 | Doza berish signali to‘siqlar (hisobga olinmagan tashqi ta’sirlar) tufayli zaiflashgan | 0,0001 |
4 | Doza berish signali kuchaytirgich-o‘zgartirgichi buzilgan | 0,0002 |
5 | Sarfo‘lchagich buzilgan | 0,0003 |
6 | Sath datchigi buzilgan | 0,0002 |
7 | Operator ADBT ning nosozligi to‘g‘risidagi yorug‘lik indikatori signalini payqamadi (operatorning xatosi) | 0,005 |
8 | Operator ADBT ning buzilganligi to‘g‘risidagi tovush signalini eshitmadi (operatorning xatosi) | 0,001 |
9 | Operator berilgan vaqt tugashi bilan nasosni o‘chirish zarurligini bilmaydi | 0,001 |
10 | Operator belgilangan yoqilg‘i quyish vaqti tugaganligi to‘g‘risidagi xronometr indikatori signalini payqamadi | 0,004 |
11 | Xronometr buzilgan | 0,00001 |
12 | Nasos elektr uzatmasining avtomat o‘chirgichi buzilgan | 0,00001 |
13 | Nasos uzatmasini boshqarish zanjiri uzilgan | 0,00001 |
Buzilish daraxti tahlili signalning asosiy hodisaga (3-rasmda ular uchta) o‘tish tarmoqlarini belgilash, shuningdek ular bilan bog‘liq bo‘lgan:
Minimal o‘tkazuvchi qo‘shilmalar — bu yuzaga kelishi (bir vaqtda) asosiy hodisa (avariya)ning sodir bo‘lishi uchun yetarli bo‘lgan dastlabki hodisa-sabablar (raqamlar bilan belgilangan) to‘plami. 3-rasmda tasvirlangan “daraxt” uchun bunday hodisalar va/yoki qo‘shilmalar quyidagilardir: {12}, {13}, {1·7}, {1·8}, {1·9}, {1·10}, {1·11}, {2·7}, {2·8}, {2·9}, {2·10}, {2·11}, {3·7}, {3·8}, {3·9}, {3·10}, {3·11}, {4·7}, {4·8}, {4·9}, {4·10}, {4·11}, {5·6·7}, {5·6·8}, {5·6·9}, {5·6·10}, {5·6·11}.
Minimal ajratib qo‘yuvchi qo‘shilmalar — bu tarkibidagi birorta ham hodisa yuzaga kelmaganda asosiy hodisaning sodir bo‘lmasligini kafolatlovchi dastlabki hodisalar to‘plami: {1·2·3·4·5·12·13}, {1·2·3·4·6·12·13}, {7·8·9·10·11·12·13}.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida xavflilik darajasini tahlil qilish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalarga
4-ILOVA
4-ILOVA
Har qanday ishlab chiqarishning asosiy maqsadi — foyda olishdir. Ishlab chiqarish faoliyati davomida ushbu ko‘rsatkichni pasaytiruvchi omillar aniqlanadi. Avariya va baxtsiz hodisalarga olib keluvchi turli xavf-xatarlar shular jumlasiga kiradi (4-rasm).
Avariya uskunaning to‘xtab qolishi yoki ishlab chiqishiga sabab bo‘lishi, baxtsiz hodisa esa xodimning mehnat qobiliyatini yo‘qotishi yoki o‘limiga olib kelishi mumkin. Natijada avariya ham, baxtsiz hodisa ham korxonaga zarar keltiradi va foydaning kamayishiga olib keladi.
Xavf-xatarlarni identifikatsiyalash, xavfni baholash va tahlil qilish, uni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish orqali xavf darajasiga ta’sir ko‘rsatib avariyalar va baxtsiz hodisalar yetkazadigan zararni qoplash uchun ketadigan xarajatlarni kamaytirish mumkin.
Shuningdek xodimlarni, texnik xizmat ko‘rsatishni, texnologiya va mehnat intizomini boshqarish jarayoni orqali, uskunaning ishonchliligini ta’minlash yo‘li bilan xavfga ta’sir ko‘rsatish mumkin (5-rasm).
Xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, yuqori avariyaviylikning sabablaridan biri — bu korxonani boshqarish tizimi, shu jumladan uning tarkibiy qismi bo‘lgan mehnat xavfsizligini boshqarish tizimi faoliyatining yetarli darajada samarali emasligidir.
Xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanuvchi tashkilot travmatizm va avariyalarning oldini olishni ta’minlaydigan mehnat xavfsizligini boshqarish tizimini ishlab chiqishi va joriy etishi kerak. Bunday tizim doirasida xodimlarning mehnat xavfsizligi sohasidagi huquq va javobgarliklari aniq belgilab berilishi, samarali ishlab chiqarish nazorati tashkil etilishi, xavf omillarini bartaraf etish yoki kamaytirish bo‘yicha tashkilot rahbariyati darajasida optimal va o‘z vaqtida qarorlar qabul qilish uchun ma’lumotlar olish va ularni tahlil qilish ta’minlanishi kerak.
Mehnat xavfsizligini boshqarish tizimini barpo etishning muhim shartlaridan biri — bu ushbu tizimning hozirgi zamon respublika talablari va xalqaro sifat, xavfsizlik va salomatlikni boshqarish tizimlari standartlariga muvofiq bo‘lishidir.
Ushbu tizimning ishlab chiqilishi korxonaga quyidagi imkoniyatlarni beradi: Barcha tuzilmaviy bo‘linmalardagi haqiqiy holat hamda sanoat xavfsizligi va mehnat xavfsizligi ko‘rsatkichlarini pasaytiruvchi omillar mavjudligi to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish.