|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 07.06.1994
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING PUL TIZIMI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 6-maydagi 1086-XII-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi pul tizimining va bu tizim amal qilishining huquqiy asoslarini belgilab beradi.
1-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining pul tizimi – rasmiy pul birligini, pul muomalasini tashkil etish va boshqarib borishni oʻz ichiga oladi.
2-modda.
Oʻzbekiston Respublikasining rasmiy pul birligi (valyutasi) sifatida Rossiya Federatsiyasining valyutasi – rubldan foydalaniladi, u Rossiya Federatsiyasining Markaziy banki tomonidan muomalaga chiqariladi. Bir rubl 100 kopeykadan iborat.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida boshqa pul birliklarini kiritish hamda soxta pullar chiqarish man etiladi.
3-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalaga chiqarilgan rubllar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki balansida aks ettiriladi.
4-modda.
Rublning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa davlatlar pul birliklariga nisbatan rasmiy kursini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki har hafta Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki belgilaganidek eʼlon qilib boradi.
5-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tashqi iqtisodiy faoliyat olib borish hamda oʻzining pul daromadini Oʻzbekiston Respublikasidan chet el valyutasida olib chiqib ketish huquqiga ega boʻlgan mijozlarning joriy ehtiyojlarini qondirish uchun Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki belgilaydigan kurs boʻyicha Rossiya rublini erkin muomaladagi chet el valyutasiga moneliksiz almashtirilishini taʼminlaydi.
6-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida naqd pulni tarkib toptirish, muomalaga chiqarish va yigʻib olishni faqat Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki respublika hududida muomala vositasi sifatida rubldan foydalanish bilan bogʻliq oʻzaro majburiyatlar va talablar toʻgʻrisida Rossiya Federatsiyasi bilan tuzilgan Bitimga muvofiq ravishda amalga oshiradi.
7-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki muomalaga chiqargan pullar Rossiya Federatsiyasi muomalaga chiqargan bank biletlari (banknotlari) va metall tangalardan iborat boʻladi.
Yangi namunadagi banknotlar va tangalar muomalaga chiqarilishi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinadi.
8-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki oʻz hisobidagi pullar hajmining oʻzgarishiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan kelib chiqibgina Oʻzbekiston Respublikasi hududida muomalada boʻlgan pul massasini oʻzgartiradi.
9-modda.
Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki muomalaga chiqargan banknotlar va tangalar Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida barcha turdagi toʻlovlarda, hisoblarga, jamgʻarmaga, akkreditivlarga oʻtkazish uchun, shuningdek pul oʻtkazish operatsiyalari uchun amaldagi qiymati boʻyicha qabul qilinishi shart.
10-modda.
Rublning kredit emissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki bilan kelishilib belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
11-modda.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida hisob-kitoblar, qonunlarda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, rubllarda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasida hisob-kitob qilish tartibi va shartlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki belgilaydi.
12-modda.
Pul oʻtkazish yoʻli bilan hisob-kitob qilish shakllari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki joriy etadigan qoidalar bilan belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida pul oʻtkazish yoʻli bilan hisob-kitob qilishda foydalaniladigan toʻlov hujjatlarining namunalarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tasdiqlaydi.
13-modda.
Yuridik shaxslar oʻrtasidagi, shuningdek jismoniy shaxslar bilan yuridik shaxslar oʻrtasidagi toʻlovga doir hisob-kitoblar summasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab qoʻyadigan miqdorlardan oshib ketgan taqdirda faqatgina pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
14-modda.
Shikast topgan va yaroqsiz holga keltirilgan banknotlar hamda tangalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan va u vakolat bergan banklar tomonidan qabul qilinadi va yangilariga almashtiriladi.
15-modda.
Qalbaki banknotlar va metall tangalar yasash va ularni gʻayriqonuniy tayyorlash, shuningdek ushbu Qonun talablarini boshqa yoʻsinda buzish qonunlarga muvofiq javobgarlikka tortishga sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 6-may,
835-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 1993-y., 5-son, 219-modda)