1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.02.00.00 Fan / 13.02.12.00 Innovatsiya. Innovatsion faoliyat. Innovatsion infratuzilma;
2.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.03.00.00 Madaniyat / 13.03.16.00 Tanlovlar. Koʻriklar. Festivallar]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Fan va ilmiy faoliyat]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Startaplarni qoʻllab-quvvatlashning kompleks ekotizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2026-yil 11-fevraldagi PQ-59-son qarori ijrosini taʼminlash hamda milliy startap ekotizimini yanada yaxshilash uchun ilgʻor xalqaro tajribani olib kirish hamda xalqaro maydonda mamlakatimizning startaplar makoni sifatida salohiyatini yanada oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy startap loyihalar va ularning taʼsischilarini Oʻzbekistonga keng jalb etish orqali innovatsiyalarni amaliyotga tatbiq etish, texnologiyalar transferini faollashtirish, respublikani mintaqaning “startaplar xabi”ga aylantirish hamda yangi iqtisodiyot imkoniyatlarini ishga solish maqsadida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan umumiy mukofot jamgʻarmasi 5 million AQSH dollari boʻlgan raqamli texnologiyalar sohasida “Startaplar makoni” (Land of Startups) tanlovi (keyingi oʻrinlarda — tanlov) joriy etilsin.
2. Quyidagilar:
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tanlovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq tegishli qarorlar qabul qilish va tanlovni oʻtkazish muddatlarini belgilash;
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ (keyingi oʻrinlarda — IT-park direksiyasi) tomonidan taqdim qilingan saralash hamda baholash mezonlarini tasdiqlab, tanlovning maxsus portalida ularning eʼlon qilib borilishini taʼminlash;
tanlovning shaffof, adolatli va yuqori saviyada oʻtkazilishini taʼminlash hamda gʻoliblarni taqdirlash marosimini tashkil etish;
gʻoliblarning startap loyihalari sohalar va iqtisodiyot tarmoqlari hamda amaliyotga joriy etilishiga, xorijiy bozorlarga chiqishiga koʻmaklashish.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
a) tanlov 2027-yil aprel oyidan boshlab har yili ushbu qarorga 1-ilova bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq 5 ta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi.
Raqamli texnologiyalar rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda Tashkiliy qoʻmita tanlovning umumiy mukofot jamgʻarmasi doirasida tanlov yoʻnalishlari va gʻoliblarning soniga oʻzgartirish kiritishi mumkin;
b) tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha tadbirlar tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda xarajatlar smetasi har yili 1-fevralga qadar IT-park direksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
v) tanlovga arizalar qabuli har yili aprel oyidan boshlanadi;
g) IT-park direksiyasi Tashkiliy qoʻmitaning ishchi organi hisoblanadi, tanlov bosqichlari shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida belgilangan tartibda axborot texnologiyalari sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi masʼul tashkilot bilan shartnoma tuziladi.
Bunda masʼul tashkilot maxsus portal orqali kelib tushgan nomzodlarning arizalarini koʻrib chiqish, tanlov ishtirokchilarini saralash va loyihalarni baholash vazifalarini bajaradi;
d) tanlov doirasida arizalarni qabul qilish, ishtirokchilarni roʻyxatdan oʻtkazish, tanlovni yoritish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq boshqa tadbirlar “Startaplar makoni” (Land of Startups) raqamlashtirilgan maxsus portali orqali IT-park direksiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
e) tanlov gʻoliblari masʼul tashkilot tomonidan aniqlanadi.
5. Belgilansinki, tanlov gʻoliblariga IT-park direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlov amalga oshiriladigan kundagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyuta ekvivalentida IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan shartnomada belgilangan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) hamda kelishuv shartlari asosida venchur moliyalashtirish (investitsiya) ajratiladi.
6. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2026-yil 28-oktabr,
593-son
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qaroriga 1-ILOVA
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — ushbu Nizomga muvofiq maxsus portal orqali tanlovda ishtirok etish uchun ariza bergan, chet elda roʻyxatdan oʻtgan yoki faoliyat olib borayotgan loyihaning huquq egasi boʻlgan jamoa;
ariza — ariza beruvchi tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun maxsus portal orqali elektron tarzda toʻldirilgan, ushbu Nizom talablariga muvofiq startapni tavsiflovchi hamda hujjatlar va taqdimotlar ilova qilingan rasmiy murojaat shakli;
jamoa — tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan hamda mazkur maqsadda maxsus portal orqali roʻyxatdan oʻtgan uch nafardan ortiq jismoniy shaxslar guruhi;
jamoaning masʼul vakili — jamoa nomidan yagona qaror qabul qiluvchi hamda jamoaning fikrlari va gʻoyalarini ifodalovchi shaxs;
ishtirokchi — tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirgan hamda ishchi organ va masʼul tashkilot tomonidan ushbu Nizom talablariga mos kelgani tasdiqlangan jamoa;
ishchi organ — “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ;
koʻmaklashuv dasturi (“Softlanding dasturi”) (keyingi oʻrinlarda — dastur) — xorijiy startaplarning Oʻzbekiston bozoriga kirishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dastur;
maxsus portal — tanlov ishtirokchilarini roʻyxatdan oʻtkazish, tanlov talablari va muddatlari haqida hamda tanlov bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar joylashtiriladigan Startap ekotizimining yagona elektron platformasida (www.startupbase.uz) (keyingi oʻrinlarda — platforma) yaratilgan alohida sahifalar;
mentor — ishtirokchilar loyihalarini ishlab chiqish, takomillashtirish boʻyicha maslahat (konsultatsiya) berish orqali rivojlantirishga yordam beruvchi mutaxassis;
raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — masʼul tashkilot) — maxsus portal orqali kelib tushgan arizalarni koʻrib chiqish, tanlov yoʻnalishlari boʻyicha ishtirokchi jamoalarni saralash va loyihalarni baholash, ishtirokchi jamoalar uchun dasturni tashkil etish va tanlov gʻoliblarini aniqlash vazifasini bajaruvchi tashkilot;
saralash hayʼati — masʼul tashkilot va hamkorlar tomonidan arizalarni baholash, tanlovda ishtirok etishga ruxsat berish, shuningdek, keyingi bosqichga oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilish maqsadida tashkil etiladigan xorijiy ekspertlar guruhi;
startap loyiha (keyingi oʻrinlarda — loyiha) — ishtirokchi jamoalar tomonidan ushbu Nizom talablariga muvofiq ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot;
tanlov — ushbu Nizomga muvofiq tashkil etiladigan hamda tegishli yoʻnalishlar boʻyicha jamoalar tomonidan amalga oshirilayotgan eng yaxshi startap loyihalarni qidirish, saralash va rivojlantirishga qaratilgan besh bosqichdan, jumladan, dastur va “Taqdimotlar kuni” (“Demo Day”) bosqichlarini oʻz ichiga olgan chora-tadbirlar majmui;
tashkiliy qoʻmita — tanlovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita;
treker — dastur doirasida startapga hamrohlik qiluvchi mutaxassis boʻlib, u jamoaga maqsadlarni belgilash, rivojlanishni kuzatish hamda biznes farazlari va ichki jarayonlar ustida muntazam ishlash orqali asosiy natijalarga erishishda yordam beradi;
eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) — tanlov gʻoliblari boʻlgan jamoalarga loyihaning rivojlanishini belgilaydigan va uni baholashga qaratilgan koʻrsatkichlar;
gʻolib — masʼul tashkilot qaroriga asosan, baholash mezonlariga koʻra eng yuqori ball toʻplagan va dastur natijalari boʻyicha tegishli yoʻnalishlarda birinchi beshta oʻrinni egallagan ishtirokchi;
hamkor — muayyan ishtirokchi mamlakat hududida tanlovni oʻtkazishga koʻmaklashish uchun jalb etiladigan yuridik yoki jismoniy shaxs, shu jumladan, biznes-inkubator, akselerator, investitsiya fondi yoki ekotizim ishtirokchisi.
3. Tanlovga tashkiliy qoʻmita umumiy rahbarlik qiladi hamda ishchi organi orqali tanlovni oʻtkazish jarayonlarini muvofiqlashtirib boradi.
4. Tashkiliy qoʻmita qarorlari tashkiliy qoʻmita yigʻilishida uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi (kvorum) ishtirok etgan holda, tegishli bayon bilan rasmiylashtiriladi.
5. Masʼul tashkilot ishchi organ tomonidan quyidagi mezonlar asosida aniqlanadi:
startaplarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tanlovlarni oʻtkazish, startaplarni rivojlantirish hamda akseleratsiya dasturlarini ishlab chiqish yoʻnalishida 3 yildan ortiq amaliy tajribaga ega boʻlishi;
rivojlangan chet el davlatlarida yuridik shaxs tashkil etgan va kamida 5 ta startapni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan boʻlishi;
venchur jamgʻarmalar va investorlar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlishi;
xalqaro inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan hamda kamida 5 ta 100 million AQSH dollaridan yuqori baholashga yetgan startaplardan boʻlishi;
texnologik tadbirkorlik, venchur moliyalashtirish va AT-konsalting yoʻnalishlarida kamida ikki yil ish stajiga ega boʻlgan xalqaro ekspertlar va mentorlar mavjudligi.
Bunda tashkiliy qoʻmitaga ushbu mezonlarga qoʻshimchalar kiritish huquqi beriladi.
6. Maxsus portal orqali roʻyxatdan oʻtish jarayonida jamoa aʼzolari tanlov ofertasini akseptlash orqali tanlov shartlariga rozilik bildiradi. Bu jamoa aʼzolarining ushbu Nizom shartlariga toʻliq rozi ekanligini va ularni qabul qilganini anglatadi.
7. Maxsus portalda roʻyxatdan oʻtgan har bir jamoaga maxsus identifikatsiya raqami biriktiriladi.
Maxsus portaldagi tanlov ofertasining jamoa aʼzolari tomonidan qabul qilinishi ishtirokchilar aʼzolarining Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq shaxsga doir maʼlumotlariga ishlov berilishiga yozma rozilik berganini ifodalaydi.
8. Tanlovning oflayn tadbirlari Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladi.
9. Tanlovda ishtirok etish uchun toʻlov undirilmaydi.
2-bob. Tanlov yoʻnalishlari
10. Tanlov quyidagi beshta yoʻnalish boʻyicha oʻtkaziladi:
sunʼiy intellekt texnologiyalari — sunʼiy intellekt texnologiyalariga asoslangan turli xil sohalar uchun yechimlar;
ijtimoiy yoʻnalishda raqamli texnologiyalar — taʼlim, sogʻliqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohada operatsion jarayonlarni raqamlashtirish, davlat xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish yoki ijtimoiy sohalarda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalar;
moliyaviy texnologiyalar — tadbirkorlik subyektlari va xoʻjalik birlashmalari uchun elektron tijorat, korporativ yechimlar va moliya texnologiyalarini yaratishga qaratilgan loyihalar;
kreativ industriya hamda kompyuter va mobil oʻyin dasturlari — kompyuter va mobil qurilmalar uchun oflayn yoki onlayn oʻyinlar ishlab chiqish, jarayonlarni geymifikatsiya qilish, turizm, dizayn va media kabi sohalarda innovatsiyalar yaratishga qaratilgan loyihalar;
B2B va industriya yoʻnalishida yechimlar — sanoat tarmoqlari uchun moʻljallangan, shu bilan birgalikda, ilmiy-tadqiqot natijalariga asoslangan innovatsion yuqori texnologik yechimlar.
Bunda tashkiliy qoʻmita tanlovning mukofot jamgʻarmasi doirasida tanlov yoʻnalishlari va gʻoliblari soniga oʻzgartirish kiritishi mumkin.
11. Tanlov ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq besh bosqichda tashkil etiladi.
3-bob. Tanlov bosqichlari va ularni oʻtkazish tartibi
12. Birinchi bosqichda tashkiliy qoʻmita tomonidan har yili 1-aprelga qadar tanlov eʼlon qilinadi va targʻibot ishlari olib boriladi.
13. Ikkinchi bosqichda har yili 30-iyunga qadar jamoaning masʼul vakili tomonidan ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda toʻldirilgan ariza va unga ilova qilingan materiallar maxsus portal orqali taqdim etiladi.
14. Belgilangan muddatda taqdim etilmagan loyihalar koʻrib chiqilmaydi.
Axborotni ochish yoki oʻqish imkoniyati mavjud boʻlmagan taqdirda, shuningdek, hujjatlarning toʻliq toʻplami taqdim etilmagan hollarda, ishchi organ arizaning ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq emasligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqli.
15. Ishtirokchilar ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq barcha maʼlumot va materiallarni ingliz tilida taqdim etishlari mumkin.
Ariza beruvchi maxsus portal orqali ariza taqdim etishda shaxsiy kabinetda roʻyxatdan oʻtish bosqichida elektron shakldagi “Tanlovda ishtirok etish qoidalariga roziman” elementini belgilash orqali:
ishchi organ, masʼul tashkilot va hamkorlarga ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan har qanday maʼlumot va materiallardan, ariza beruvchi va uning jamoasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan, shuningdek, ariza beruvchining tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi), logotipi, firma nomi, tanlovning saralash tadbirlari doirasida olingan foto va videomateriallardan, jumladan, ularni maxsus portal va internet tarmogʻiga joylashtirish, reklama va PR-materiallarda foydalanish orqali tanlov va uning natijalari toʻgʻrisida axborot berish maqsadida foydalanishga;
ishchi organ va hamkorlarga loyihalar tavsifining parchalaridan axborot nashrlari va maqolalarda foydalanishga, shuningdek, ularni muallif va (yoki) ariza beruvchi nomi koʻrsatilgan holda toʻliq eʼlon qilishga rozilik beradi;
arizaga ilova qilingan maʼlumot va materiallar maxfiy emasligini, shu jumladan, tijorat siri hisoblanmasligini hamda nou-hau belgilariga ega emasligini;
tanlovning saralash jarayonida ishtirok etish davomida va uning yakunlari boʻyicha ariza beruvchi tomonidan tayyorlangan ariza materiallari, taqdimotlar va boshqa materiallarda mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan mahsulot va mulk obyektlariga nisbatan ishchi organ va hamkorlarga hech qanday huquqlarni oʻtkazmasligini tasdiqlaydi.
16. Uchinchi bosqichda ishchi organ, masʼul tashkilot va hamkorlar vakillari har yili 1-iyuldan 20-iyulga qadar maxsus portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini tekshiradi.
Ular ariza va unga ilova qilingan materiallarni ushbu Nizom talablari asosida onlayn tarzda jamoa ishtirokisiz baholaydi va har bir yoʻnalish boʻyicha kamida 25 ta jamoani saralaydi.
Bunda har yili 25-iyulga qadar ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtgani yoki oʻtmagani haqida arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili va (yoki) maxsus portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
17. Har yili 1-avgustga qadar ishtirokchi jamoalar uchun onlayn tarzda umumiy uchrashuv va Oʻzbekiston qonunchiligiga moslashish uchun moliyaviy va yuridik maslahatlar olish maqsadida tadbir tashkil etiladi.
Ishtirokchilar koʻmaklashuv dasturi boshlanishidan oldin Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtishi lozim.
Kech qolgan ishtirokchilarga dastur boshlanganidan soʻng qoʻshimcha besh kun berilishi ishchi organ tomonidan maxsus portal orqali eʼlon qilinishi sharti bilan, alohida qaror qabul qilinishiga ruxsat beriladi.
18. Toʻrtinchi bosqichda dastur masʼul tashkilot tomonidan har yili 20-avgustdan 1-noyabrga qadar onlayn va oflayn shaklda oʻtkaziladi.
Dasturda ishtirokchining asoschisi yoki kamida bitta hamasoschisi (co-founder) toʻliq (onlayn/oflayn) ishtirok etishi lozim.
19. Ushbu bosqichda ishtirokchilar tasdiqlangan baholash mezonlari asosida har hafta baholanadi hamda natijalar asosida ularning reyting koʻrsatkichlari shakllantiriladi.
20. Dasturning oxirida har yili masʼul tashkilot tomonidan 15-noyabrga qadar barcha yoʻnalishlar boʻyicha reytingda birinchi 5 ta oʻrinni egallagan (jami 25 ta) jamoalar roʻyxati shakllantiriladi.
Agar bir yoʻnalish boʻyicha bir nechta jamoa teng ball toʻplab, bir xil oʻrinni egallasa, masʼul tashkilot tomonidan qoʻshimcha pitch-sessiya oʻtkaziladi hamda mazkur jamoalar orasidan eng yaxshi 5 ta startap loyiha saralab olinadi.
21. Beshinchi bosqichda xorijiy mehmonlar, venchur jamgʻarmalar va korxonalar ishtirokida har yili 15-dekabrga qadar “Taqdimotlar kuni” (“Demo Day”) tashkil etilib, gʻoliblar loyihalari boʻyicha natijalarini taqdimot qilishadi.
“Taqdimotlar kuni” yakunida tanlov gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etiladi.
22. Saralab olingan 25 ta ishtirokchi jamoaga tanlov gʻolibi maqomi beriladi hamda ular bilan alohida kelishuv asosida IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan “chuqur oʻrganish” (“due diligence”) jarayoni oʻtkazilganidan soʻng investitsiya shaklida mukofot mablagʻlari ajratiladi.
23. Tanlov bosqichlari oʻtkaziladigan muddatlar va sanalarga tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin. Bunda tanlov boshlanishidan bir hafta oldin maxsus portalda bu haqida eʼlon joylashtiriladi.
24. Tashkiliy qoʻmita har yili tanlovni oʻtkazish boʻyicha qaror qiladi. Bunda tashkiliy qoʻmitaning barcha aʼzolarining yakdil ovoziga asosan ularning qaroriga koʻra tanlovni har ikki yilda bir marotaba oʻtkazish mumkin.
4-bob. Tanlovda ishtirok etish uchun qoʻyiladigan talablar va tanlovdan chetlashtirish tartibi
25. Jamoa tarkibiga jamoaning masʼul vakili murojaati asosida tashkiliy qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
26. Tanlovda ishtirok etish uchun bir nafar ariza beruvchi faqat bir yoʻnalish boʻyicha ariza yuborishiga ruxsat etiladi.
27. Tanlov doirasida mentor yoki boshqa tashkiliy jihatlar bilan bogʻliq ishni bajarayotgan shaxslar ishtirokchi jamoalar tarkibida ishtirok etishi taqiqlanadi. Ushbu talab buzilgani aniqlanganda, jamoa holat aniqlangan vaqtdan boshlab bir kun ichida ishchi organ tomonidan tanlovdan chetlashtiriladi.
28. Jamoa aʼzolari tomonidan quyidagi xatti-harakatlar amalga oshirilgani aniqlanganda, mazkur jamoa tanlovdan chetlashtiriladi:
masʼul tashkilotning faoliyatiga xalaqit bersa;
platforma va maxsus portal texnik faoliyatiga xalaqit bersa;
tanlov doirasida arizada koʻrsatilmagan, yaʼni jamoaning aʼzosi boʻlmagan shaxslarni jalb qilsa;
oʻz xohishi bilan tanlovda ishtirok etishni davom ettirishdan voz kechsa;
tanlov shartlarini buzsa;
ushbu Nizomda va ofertada keltirilgan talablarga rioya qilmasa;
jamoa dasturda faol ishtirok etmasa hamda maxsus portal orqali eʼlon qilingan tashkiliy qoʻmita qarorlarida belgilangan talablarga rioya etmasa;
tanlov doirasida mentor, treker yoki boshqa tashkiliy jihatlar bilan bogʻliq ishlarni bajarayotgan shaxslar ishtirokchi jamoalar tarkibida ishtirok etsa.
Ushbu bandda keltirilgan xatti-harakatlar sodir etilgani aniqlangan taqdirda jamoa holat aniqlangan vaqtdan boshlab bir kun ichida ishchi organ tomonidan tanlovdan chetlashtiriladi. Bunda masʼul tashkilot tomonidan jamoa aʼzolarini tanlovdan chetlashtirish boʻyicha ishchi organga taklif kiritiladi.
29. Ishchi organ jamoani tanlovdan chetlashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va qaror qabul qilinganidan soʻng bir ish kuni ichida jamoaning arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili va (yoki) maxsus portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma yuboradi.
Xabarnoma yuborilgan vaqtdan boshlab chetlashtirilgan jamoa bu haqda xabardor qilingan hisoblanadi.
Tanlov davomida tarkibi uch nafardan kam boʻlgan jamoaning masʼul vakili bir kun muddatda tashkiliy qoʻmitaga oʻz jamoasi qayta shakllantirilgani haqida ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq maʼlumotlarni maxsus portal orqali kiritishi lozim.
Roʻyxatdan oʻtish muddatlari tugagandan soʻng jamoa tarkibini qayta shakllantirish zarurati vujudga kelganda, ishchi organ bilan aloqa sahifasida xabar qoldirish orqali qayta shakllantirish amalga oshiriladi.
Aks holda ushbu jamoa tanlovdan chetlashtiriladi.
30. Tanlovda ishtirok etishdan chetlashtirilgan jamoa ishtiroki qayta tiklanmaydi, shuningdek, ishchi organ tomonidan uni tiklash yuzasidan berilgan ariza va (yoki) apellyatsiyalar koʻrib chiqilmaydi.
31. Masʼul tashkilot vazifalari tashkiliy qoʻmita qaroriga asosan u bilan imzolanadigan shartnoma shartlariga koʻra belgilanadi hamda xizmatlar uchun toʻlovning oʻttiz foizini bir yil ichida toʻlab berish nazarda tutiladi.
Bunda ushbu toʻlov IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasining tanlov gʻoliblari tomonidan eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilganligi boʻyicha kiritgan maʼlumoti asosida tashkiliy qoʻmita qarori asosida toʻlab beriladi.
5-bob. Tanlovni moliyalashtirish va tanlov gʻoliblarini taqdirlash
32. Tanlov gʻoliblariga IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan “chuqur oʻrganish” (“due diligence”) oʻtkazilganidan soʻng shartnomada belgilangan KPI va kelishuv shartlari asosida venchur moliyalashtirish (investitsiya) ajratiladi.
33. Tanlov gʻoliblari reyting asosida ushbu Nizomda belgilangan va (yoki) tashkiliy qoʻmita qarorlariga muvofiq har bir yoʻnalish boʻyicha yakuniy bosqichga oʻtgan ishtirokchiga 200 ming AQSH dollarigacha (jami 5 million AQSH dollari) investitsiya kiritiladi.
Bunda investitsiya ulush evaziga, konvertatsiya qilinadigan qarz shaklida yoki qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa shakllarda taqdim etilishi toʻgʻrisidagi qaror IT-park huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan “chuqur oʻrganish” (“due diligence”) natijalari asosida qabul qilinadi.
34. Tanlov gʻoliblariga pul mukofotlari Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining toʻlovlar amalga oshiriladigan kundagi rasmiy kursi boʻyicha milliy valyutada oʻtkazib beriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
35. Ishchi organ masʼul tashkilot bilan hamkorlikda tashkiliy qoʻmitaga:
tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar hamda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan har oyda kamida bir marotaba batafsil axborot kiritib boradi;
tegishli davlat organlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali tanlov gʻoliblari loyihalarining natijadorligini oshirish va ular hisobdorligini taʼminlash nuqtai nazaridan har chorakda maʼlumot taqdim etadi.
36. Tanlovda ishtirok etayotgan barcha taraflar tanlov doirasida korrupsiya va manfaatlar toʻqnashuvi holatlari aniqlangan taqdirda, zudlik bilan tashkiliy qoʻmitani xabardor qilishlari shart.
Bunda qoidalarni buzgan jismoniy va yuridik shaxslar tanlovdan chetlashtiriladi.
Tanlovning shaffofligi va ochiqligini taʼminlash maqsadida taqdimotlar ishchi organ va masʼul tashkilot tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hamda maxsus dasturiy taʼminotlardan foydalangan holda jonli efirga uzatilishi mumkin.
Tanlov natijalari yuzasidan ishtirokchi jamoalar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda murojaat yuborishga haqli.
37. Tanlovni oʻtkazishda korrupsiya, manfaatlar toʻqnashuvi va boshqa qonunbuzilish holatlari aniqlangan va isbotlangan taqdirda, tegishli yoʻnalish yoki tanlov gʻolibining tanlov natijalari sud yoki tashkiliy qoʻmita qarori asosida bekor qilinishi mumkin.
38. Ishchi organ tanlovning har bir bosqichida shaffoflik, ochiqlik va haqqoniylikni taʼminlash maqsadida ishtirokchi jamoalarning xatti-harakatlarini oʻrganib chiqish, tahlil qilish va ular boʻyicha masʼul tashkilot bilan birgalikda tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritish huquqiga ega.
39. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etish sxemasi
Bosqich
Subyektlar
Chora-tadbirlar
Bajarish muddati
1-bosqich
Tashkiliy qoʻmita,
ishchi organ
Barcha yoʻnalishlar boʻyicha maxsus portalda eʼlon joylashtiradi.
Har yili 1-aprelga qadar
2-bosqich
Ariza beruvchilar
Ariza va unga ilova qilingan materiallar Nizomga 2-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq maxsus portal orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.
Har yili 30-iyunga qadar
3-bosqich
Ishchi organ,
masʼul tashkilot
1. Maxsus portal orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan materiallarning toʻliqligini hamda Nizom talablari asosida onlayn tarzda jamoa ishtirokisiz baholaydi va har bir yoʻnalish boʻyicha kamida 25 ta jamoani saralaydi.
Har yili 20-iyulga qadar
Ishchi organ,
masʼul tashkilot,
ishtirokchilar
2. Ariza beruvchilarning keyingi bosqichga oʻtgani (oʻtmagani) haqida elektron pochta manziliga xabar (portaldagi shaxsiy kabinetiga xabarnoma) yuboriladi hamda keyingi bosqichga oʻtgan jamoalarga “ishtirokchi” maqomi beriladi.
Har yili 25-iyulga qadar
Ishtirokchilar
3. Ishtirokchilar koʻmaklashuv dasturi boshlanishidan oldin Oʻzbekistonda yuridik shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtadi.
Har yili 19-avgustga qadar
(ayrim holatlarda — 25-avgustga qadar).
4-bosqich
Masʼul tashkilot
1. Masʼul tashkilot tomonidan koʻmaklashuv dasturi oʻtkaziladi.
Dasturda ishtirokchining asoschisi yoki kamida bitta hamasoschisi (co-founder) toʻliq (onlayn/oflayn) ishtirok etishi lozim.
Har yili 1-noyabrga qadar
2. Dastur natijasida tanlovning har bir yoʻnalishi boʻyicha reytingda birinchi 5 ta oʻrinni egallagan (jami 25) jamoalar roʻyxati shakllantiriladi.
Har yili 15-noyabrga qadar
5-bosqich
Tashkiliy qoʻmita,
ishchi organ,
masʼul tashkilot,
ishtirokchilar
1. “Taqdimotlar kuni” (“Demo Day”) tashkil etilib, gʻoliblar oʻz natijalarini taqdim etadi hamda tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi tashkil etiladi.
Natijalar tantanali taqdirlash marosimida eʼlon qilinadi hamda ular eʼlon qilinganidan soʻng ikki kun ichida maxsus portalga ham joylashtiriladi.
Har yili 15-dekabrga qadar
Tashkiliy qoʻmita,
ishchi organ,
masʼul tashkilot,
IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma,
gʻoliblar
2. IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarma tomonidan investitsiya ajratish shartlarini shakllantiradi.
3. IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi va tanlov gʻoliblari bilan shartnoma tuziladi va investitsiya ajratiladi.
Investitsiya ajratish shartlari IT-park direksiyasi huzuridagi venchur jamgʻarmasi tomonidan “chuqur oʻrganish” (“due diligence”) jarayoni oʻtkazilganidan soʻng shakllantiriladi.
Har yili taqdirlash marosimidan soʻng 3 oy ichida
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Startaplar makoni” (Land of Startups) xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun topshiriladigan ariza
SHAKLI
1. Jamoa haqida maʼlumot
1. Startap nomi
2. Jamoa vakilining F.I.O.
3. Jamoa vakilining telefon raqami va elektron pochta manzili
4. Asosiy jamoa aʼzolarining (co-founder) telefon raqami va elektron pochta manzili
5. Asosiy jamoa aʼzolarining (co-founder) roli
6. Startap yaratilgan mamlakat (yoki asosiy bosh ofisi roʻyxatdan oʻtkazilgan mamlakat)
2. Loyiha haqida maʼlumot
1. Loyiha yoʻnalishi:
sunʼiy intellekt texnologiyalari;
ijtimoiy yoʻnalishda raqamli texnologiyalar;
moliyaviy texnologiyalar;
kreativ industriya hamda kompyuter va mobil oʻyin dasturlari;
B2B va industriya yoʻnalishida yechimlar.
2. Loyiha tavsifi
3. Rivojlanish bosqichi
4. Oldingi hisobot davri uchun umumiy daromad
5. Mazkur yilning birinchi choragi uchun daromad
6. Startap faoliyat olib boradigan mamlakatlar
7. Loyihani tavsiflovchi videolavhaga havola (3 daqiqagacha boʻlgan)
8. Loyihaning “GitHub” platformasidagi havolasi
9. Loyiha taqdimoti (PDF)
10. Minimal ishlaydigan mahsulot (MVP) (havola)
11. Logotip (.svg/.png)
Izoh. Tanlov yoʻnalishlari har yili tashkiliy qoʻmita tomonidan belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qaroriga 2-ILOVA
“Startaplar makoni” (“Land of Startups”) xalqaro tanlovini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
1.
Sh.X. Shermatov
—
raqamli texnologiyalar vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi
2.
A.O. Sultonov
—
raqamli texnologiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari
3.
A.Z. Saʼdullayev
—
Yoshlar ishlari agentligi direktori, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari
4.
Lavozimi boʻyicha
—
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼul xodimi (kelishuvga asosan)
5.
T.A. Ishmetov
—
Markaziy bank raisi
6.
D.A. Vahobov
—
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi
7.
O.B. Yuldashev
—
taʼlim va ilm-fan vazirining birinchi oʻrinbosari
8.
O.S. Imamov
—
sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari
9.
I.I. Norqulov
—
iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari
10.
A.X. Muxitdinov
—
“Sunʼiy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti direktori
11.
A.O. Karamatov
—
“Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJ bosh direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Zarur hollarda, Tashkiliy qoʻmita tarkibiga ekspertlar, xalqaro tashkilotlar hamda boshqa vazirlik va idoralar mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-oktabrdagi 593-son qaroriga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 589-son qarori bilan tasdiqlangan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
2. 3-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“raqamli texnologiyalar sohasidagi eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, Texnopark rezidentlarining xizmat va mahsulotlarini jahon bozorlariga olib chiqishga koʻmaklashish”.
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Texnopark rezidentlarining mahsulot va xizmatlarini jahon bozorida ilgari surish hamda IT-sektorini rivojlantirishga qaratilgan xalqaro tadbirlarda (koʻrgazmalar, yarmarkalar, konferensiyalar, “davra suhbatlari” va seminarlar) ishtirok etadi va tashkil etadi”;
“yuridik shaxs qayta tashkil etilganligi (qayta tuzishdan tashqari), bunda yuridik shaxsning huquqiy vorisi Texnopark rezidenti boʻlsa, tatbiq etilmaydi va Texnopark rezidentiga biznes reja taqdim etish majburiyati yuklatiladi”;
“Raqamli startaplar” dasturi ishtirokchisi maqomi bekor qilinganda (“Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etishdan oldin Texnopark rezidenti maqomini olgan yuridik shaxslar bundan mustasno)”.
“eksport qilingan tovar (xizmat)larning hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshganda 25 foizga, 20 million AQSH dollaridan oshganda 50 foizgacha ushbu kalendar yilda Direksiyaga har oy oʻtkaziladigan ajratmalar miqdorini pasaytirish”;
“v) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2040-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda jami daromadi tarkibida eksport hajmi 50 foizdan ortiq boʻlgan Texnopark rezidentlari taʼsischilarining (ishtirokchilarining) — Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarning dividendlar tarzidagi daromadlariga nisbatan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hamda foyda soligʻi Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha tatbiq etiladi”;
v) quyidagi mazmundagi “g” va “d” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“g) 2025-yil 1-fevraldan boshlab 2030-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar (Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikkiyoqlama soliq solishning oldini olish toʻgʻrisida bitim tuzgan davlatlarning soliq rezidentlari bundan mustasno) eksport xizmatlari hajmi kalendar yil davomida 10 million AQSH dollaridan oshgan Texnopark rezidentlariga axborot texnologiyalari sohasidagi xizmatlarni koʻrsatishdan olgan (shu jumladan, royalti toʻlanadigan) daromadlari qismida foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi;
d) mazkur bandning “a” kichik bandida nazarda tutilgan imtiyoz roʻyxatning 31-bandi doirasida eksportga realizatsiya qilingan ishlar va xizmatlarga nisbatan qoʻllaniladi, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyoz bundan mustasno”.
a) 21-band “faoliyati” soʻzidan keyin “yoki ushbu sohadagi startap loyihalarga investitsiya kiritishga qaratilgan yuridik shaxs maqomiga ega “Biznes farishtalar klublari” faoliyati” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
b) quyidagi mazmundagi 31-band bilan toʻldirilsin:
“31. Eksportga yoʻnaltirilgan quyidagi yuqori texnologik faoliyat turlari:
a) dasturiy-apparat qurilmalarini, jumladan, “IoT” va AI qurilmalari, intellektual elektronika, mikro-, opto- va nanoelektronika, mikrosxemalar hamda boshqa texnologik yechimlarni ishlab chiqish va ularni realizatsiya qilish;
b) intellektual robotlarni, shu jumladan, ular uchun elektron platalar, mikroprotsessor modullari, sensor tizimlari va boshqa komponentlarni ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish”.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2026-y., 09/26/593/1097-son)