Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGI DAVLAT AVTOMOBIL NAZORATI XODIMLARINING MASʼULIYATINI OShIRIShGA QARATILGAN ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi 321-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 10-apreldagi PF-5005-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soʻnggi paytlarda Davlat avtomobil nazorati xodimlari tomonidan xizmat vazifalarini bajarish paytida yoʻllarda harakatlanish ishtirokchilariga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlish, ularning huquqlarini buzish, oʻz vakolatlari doirasidan chetga chiqish kabi holatlar kuzatilmoqda.
Mazkur nuqsonlarni bartaraf etish, ichki ishlar idoralarining Davlat avtomobil nazorati tizimi xodimlarining madaniyatini oshirish, ular tomonidan xizmat intizomiga va qonunchilikka ogʻishmay rioya etilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga (Z.A. Almatov):
Respublika ichki ishlar idoralari DAN tizimi shaxsiy tarkibini uch oy muddatda navbatdan tashqari attestatsiyadan oʻtkazish vositasida uning saflarini malakali, xizmat burchiga sadoqatli, yuqori madaniyatli xodimlar bilan toʻldirish;
DAN xizmatiga ichki ishlar idoralarining boshqa xizmatlarida kamida bir yil mobaynida oʻzini ijobiy koʻrsatgan, tegishli mutaxassisligi boʻlgan xodimlarni oʻtkazishni yoʻlga qoʻyish;
bir oy muddatda IIV Akademiyasi tarkibida DAN xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish kulliyotini ochish haqida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish;
Ichki ishlar vazirligi tegishli tezkor tarmoqlari Milliy xavfsizlik idoralari xodimlari bilan hamkorlikda DAN xodimlarining xizmat faoliyati ustidan muntazam norasmiy tekshiruvlar oʻtkazishini yoʻlga qoʻyish;
ichki ishlar idoralarining boshqa xizmatlari xodimlarini DAN tizimiga yuklangan vazifalarni bajarishga jalb etish zarurati tugʻilganda faqat Respublika Ichki ishlar vazirining ruxsati bilan amalga oshirish;
joylardagi ichki ishlar idoralarida DAN xodimlarining muomala madaniyatini oshirish, xizmat kiyimlari va belgilarini oʻrnatilgan tartibda tutishlarini taʼminlash yuzasidan tadbirlar amalga oshirish topshirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (Z. A. Almatov) Respublika Prokuraturasi (B. M .Mustafoyev), Adliya vazirligi (S. M. Mirsafoyev), Davlat bojxona qoʻmitasi (Oʻ. T. Komilov) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (B. E. Qosimov) bilan birgalikda bir oy ichida DAN xodimlarining vakolat doirasi, ular tomonidan avtomototransport vositalarini toʻxtatish, yoʻllarda harakatlanishni cheklash yoki taqiqlash masalalarini tartibga soluvchi Nizom loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
mazkur Nizom Respublika Hukumati tomonidan tasdiqlangandan soʻng uni har bir DAN xodimi diqqatiga yetkazsin va unga aniq, ogʻishmay rioya etilishini taʼminlasin;
Nizomda koʻzda tutilmagan holatlarda DAN xodimlari tomonidan avtomototransport vositalarini toʻxtatishni, yoʻllarda qatnovni cheklashni yoʻllarda harakatlanish xavfsizligiga zarar keltirish va xizmat intizomini buzish deb baholasin, aybdorlarga ichki ishlar idoralaridan boʻshatishgacha boʻlgan qatʼiy choralar koʻrsin.
3. DAN xodimlari tomonidan haydovchilar va yoʻlovchilarga nisbatan qoʻpollik qilish holatlari vakolatdan chetga chiquvchi, xizmat etikasiga zid va “Ichki ishlar idoralari xodimi” nomini badnom qiluvchi holat deb belgilab qoʻyilsin.
4. “Oʻzavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi (Q. M. Sidiqnazarov), “Vatanparvar” jamiyati (A. A. Abduqahhorov) haydovchilar va tinglovchilar orasida ularning huquqlari, DAN xodimlari vakolatlarini tushuntirish ishlarini tashkil qilsinlar.
5. Ommaviy axborot vositalariga DAN xodimlari va yoʻllarda harakatlanish ishtirokchilari oʻrtasidagi oʻzaro hurmat, belgilangan qoidalarga rioya etish kabi masalalarga oid muammolarni keng yoritish taklif qilinsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (S. M. Mirsafoyev) va Ichki ishlar vazirligi (Z. A. Almatov) bir oy ichida tegishli meʼyoriy hujjatlarga oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan taklif bersinlar.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U. Ch. Xudoyqulov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 14-noyabr,
474-son