O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Keksa avlod vakillarining bilim va tajribasidan foydalangan holda oilalarni kambag‘allikdan chiqarish tizimini joriy etish hamda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish jarayoniga faol nuroniylarni jalb etish va ularning imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida:
1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining (keyingi o‘rinlarda — “Nuroniy” jamg‘armasi) mahallalarda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli uch nafar faol nuroniyni beshta kambag‘al oilaga biriktirish orqali ularni kambag‘allikdan chiqarishga ko‘maklashish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga mahallalarda faol bo‘lgan nuroniylarni tanlab olish hamda ularga kambag‘al oilalarni biriktirish jarayonlariga ko‘maklashsin.
2. Quyidagilar faol nuroniylarning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
a) oilalarni kambag‘allikdan chiqarish yo‘nalishida:
xonadon tomorqasidan samarali foydalanish, tomorqada yuqori daromadli ekin turlari ekilishini tashkil etish, ekinlarni parvarishlash ko‘nikmasini shakllantirish hamda yetishtirilgan mahsulotlarning realizatsiya qilinishiga ko‘maklashish;
oilani daromadli qilish uchun ko‘chma do‘kon, kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordamlashish;
kambag‘al oila farzandlarini, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib, mahallalardagi hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish, shuningdek, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarini o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash, ularning qo‘shimcha darslar va to‘garaklarga qatnashishini tashkil etish;
oilaning ijtimoiy shartnomadagi majburiyatlarini bajarishi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini tashkil etish;
b) mahallalarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yo‘nalishida:
mahallada piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish;
xonadonlarning sanitariya holatini yaxshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishga chaqirish;
keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek, sport tadbirlarida qatnashish bilan bog‘liq xarajatlarni, jumladan transport xarajatlarini qoplab berishni tashkil etish;
v) har bir mahallada “Nuroniylar va ota-onalar kengashi”ni tashkil etish orqali mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitning barqarorligini ta’minlash yo‘nalishida:
oilalarda ahillik va milliy qadriyatlarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro hamjihatlik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirish;
nogironligi bo‘lgan, profilaktik hisobda turgan va kam ta’minlangan shaxslarni mahallalardagi jamoat tadbirlariga jalb qilish;
muammoli va boqimondalik kayfiyatiga tushib qolgan oilalar bilan ishlash.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
a) faol nuroniylarga kambag‘al oilalar olti oy muddatga biriktiriladi hamda “mahalla yettiligi” oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilashda faol nuroniylarga yaqindan yordam beradi;
b) faol nuroniylar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida rag‘batlantirib boriladi;
v) faol nuroniylarning tavsiyasiga muvofiq quyidagi xarajatlar “Nuroniy” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:
kambag‘al oila farzandlarining ta’lim olishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlarini xarid qilish xarajatlari;
mahallada yashovchi keksa yoshdagi fuqarolar uchun sport tadbirlarini tashkil etish va ularning sport tadbirlarida qatnashishlari bilan bog‘liq transport xarajatlari;
g) keksa yoshdagi fuqarolarni sportga jalb qilish uchun “Nuroniy” jamg‘armasi hisobidan har bir mahallaga yiliga 10 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi;
d) “Nuroniylar va ota-onalar kengashi” tarkibi tuman (shahar) hokimlari tomonidan “Nuroniy” jamg‘armasi va O‘zbekiston mahallalari uyushmasi tavsiyasi asosida tasdiqlanadi;
e) faol nuroniylar “Obod mahalla”, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” va “Yashil makon” dasturlari doirasida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlarning natijadorligi hamda ijtimoiy masalalarning holati yuzasidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini tashkil etadi.
4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu qarorda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2025-yil uchun Davlat budjeti parametrlarida “Nuroniy” jamg‘armasiga 504 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin hamda keyingi yillarda zarur mablag‘larni ajratib borsin.
Bunda “Nuroniy” jamg‘armasining xarajatlari va daromadlari to‘liq g‘azna ijrosi orqali amalga oshirilishini nazarda tutsin.
5. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga faol nuroniylar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarni mahallalarda amalga oshirish bilan bog‘liq muammolar va ularning yechimi, shuningdek, jamoatchilik nazoratida aniqlangan masalalar bo‘yicha tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining axborotini eshitib borish amaliyotini joriy etish tavsiya etilsin.
6. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibini tasdiqlasin.
7. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish choralarini ko‘rsin.
8. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov belgilansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 25-noyabr,
PQ-405-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 26.11.2024-y., 07/24/405/0970-son)