Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2022-yil 15-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2022-yil 19-noyabrda maʼqullangan
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini mustahkamlashga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish orqali ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa turdagi yordam koʻrsatishga, shuningdek ularga jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor normalari va qoidalarini singdirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishning huquqiy asoslari yaratilgan.
Bugungi kunda ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalari tumanlararo maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
Tumanlararo maʼmuriy sudlar faqat viloyat markazlarida joylashganligi, hududlar geografik joylashuvi boʻyicha bir-biridan uzoqda joylashganligi va ichki ishlar organlari xodimi mazkur ish bilan shugʻullanishi davomida oʻz xizmat joyini uzoq muddat boʻsh qoldirayotganligi tufayli muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqish amaliyotini fuqarolarga qulayliklar yaratish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni koʻrib chiqishga doir normalarini Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻtkazish hamda tegishli ishlarni koʻrib chiqishni maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha tuman, shahar sudlariga oʻtkazish nazarda tutilmoqda.
Qonunda taklif etilayotgan normalar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya markaziga joylashtirish bilan bogʻliq qiyinchiliklarning va ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan 2015-XII-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, № 3, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda, № 12, 269-modda; 1996-yil, № 5-6, 69-modda, № 9, 144-modda; 1997-yil, № 2, 56-modda, № 4-5, 126-modda, № 9, 241-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda, № 5-6, 102-modda, № 9, 181-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda, № 5, 124-modda, № 9, 229-modda; 2000-yil, № 5-6, 153-modda, № 7-8, 217-modda; 2001-yil, № 1-2, 23-modda, № 9-10, 165, 182-moddalar; 2002-yil, № 1, 20-modda, № 9, 165-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda, № 9-10, 149-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda, № 9, 171-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 9, 312-modda, № 12, 413, 417, 418-moddalar; 2006-yil, № 6, 261-modda, № 9, 498-modda, № 10, 536-modda, № 12, 656, 659-moddalar; 2007-yil, № 4, 158, 159, 164, 165-moddalar, № 9, 416, 421-moddalar, № 12, 596, 604, 607-moddalar; 2008-yil, № 4, 181, 189, 192-moddalar, № 9, 486, 488-moddalar, № 12, 640, 641-moddalar; 2009-yil, № 1, 1-modda, № 9, 334, 335, 337-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 462, 468, 470, 472, 474-moddalar; 2010-yil, № 5, 175, 179-moddalar, № 6, 231-modda, № 9, 335, 339, 341-moddalar, № 10, 380-modda, № 12, 468, 473, 474-moddalar; 2011-yil, № 1, 1-modda, № 4, 104, 105-moddalar, № 9, 247, 252-moddalar, № 12/2, 365-modda; 2012-yil, № 4, 108-modda, № 9/1, 242-modda, № 12, 336-modda; 2013-yil, № 4, 98-modda, № 10, 263-modda; 2014-yil, № 1, 2-modda, № 5, 130-modda, № 9, 244-modda, № 12, 341, 343-moddalar; 2015-yil, № 6, 228-modda, № 8, 310, 312-moddalar, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 1, 2-modda, № 4, 125-modda, № 9, 276-modda, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 4, 137-modda, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda, № 10, 605-modda; 2018-yil, № 1, 1, 4, 5-moddalar, № 4, 224-modda, № 7, 430, 431, 432-moddalar, № 10, 671, 673, 679-moddalar; 2019-yil, № 1, 1, 3, 5-moddalar, № 2, 47-modda, № 3, 161, 165, 166-moddalar, № 5, 259, 261, 267, 268-moddalar, № 7, 386-modda, № 8, 469, 471-moddalar, № 9, 591, 592-moddalar, № 10, 674, 676-moddalar, № 11, 787, 791-moddalar, № 12, 880, 891-moddalar; 2020-yil, № 1, 4-modda, № 3, 203, 204-moddalar, № 7, 449-modda, № 9, 539, 540-moddalar, № 10, 593, 596-moddalar, № 11, 651-modda, № 12, 691-modda; 2021-yil, № 1, 5, 7, 12, 13, 14-moddalar, № 2, 142-modda, № 3, 217-modda, № 4, 290, 293-moddalar, 4-songa ilova, № 8, 800, 802, 803-moddalar, № 9, 903-modda, № 10, 966, 967, 968, 973-moddalar, № 11, 1066-modda; 2022-yil, № 1, 1, 2-moddalar, № 2, 80, 81-moddalar, № 3, 215, 216-moddalar, № 4, 337-modda, № 5, 464, 467-moddalar) quyidagi mazmundagi XXIII2 bob bilan toʻldirilsin:
“XXIII2 bob. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga
joylashtirish toʻgʻrisida ish yuritish
3136-modda. Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma berish
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning reabilitatsiya markaziga joylashtirilishini talab qiluvchi asoslar aniqlangan taqdirda, ichki ishlar organi bunday shaxs ichki ishlar organiga keltirilgan paytdan eʼtiboran 48 soat ichida uni reabilitatsiya markaziga oʻttiz sutkadan koʻp boʻlmagan muddatga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma yuborish uchun materiallarni tayyorlashi shart.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma va uni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligini tasdiqlovchi materiallar muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxs aniqlangan erdagi yoki reabilitatsiya markazi joylashgan erdagi jinoyat ishlari boʻyicha tuman (shahar) sudiga ichki ishlar organi tomonidan beriladi.
3137-modda. Iltimosnomaning shakli va mazmuni
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma sudga yozma shaklda beriladi va ichki ishlar organining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
Iltimosnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
1) iltimosnoma berilayotgan sudning nomi;
2) ichki ishlar organining nomi va joylashgan eri (pochta manzili);
3) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
4) iltimosnomaga asos boʻlgan holatlar;
5) berilgan iltimosnomaning asoslarini tasdiqlovchi dalillar;
6) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimos, joylashtirish muddatini koʻrsatgan holda;
7) ilova qilinayotgan hujjatlarning roʻyxati.
Iltimosnomada ichki ishlar organining telefon, faks raqamlari, elektron manzili koʻrsatilishi mumkin.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida ushbu moddada nazarda tutilgan talablarni buzgan holda berilgan iltimosnoma ichki ishlar organiga qaytariladi.
3138-modda. Iltimosnomaga ilova qilinadigan hujjatlar
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
1) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni aniqlagan mansabdor shaxsning muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida sudga iltimosnoma kiritish toʻgʻrisida tegishli tuman (shahar) ichki ishlar organi boshligʻi tomonidan tasdiqlangan qarori;
2) yashash manzillari (manzillar boʻyicha byuro) haqida maʼlumotlar beruvchi organning maʼlumotnomasi, shuningdek muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼlum boʻlgan oxirgi yashash joyini tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumot;
3) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning tushuntirishi yoki bunday shaxs tomonidan tushuntirish berish rad etilganligi toʻgʻrisida tegishli tarzda tuzilgan dalolatnoma;
4) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish natijalari toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma;
5) muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsning huquqlari, shu jumladan advokatning yuridik yordamidan foydalanish huquqi va oʻz yaqinlariga telefon orqali qoʻngʻiroq qilish huquqi tushuntirilganligi haqidagi bayonnoma.
Iltimosnomaga bildirilgan iltimosnomani asoslovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
3139-modda. Iltimosnomaning sud tomonidan koʻrib chiqilishi
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma taqdim etilgan paytdan eʼtiboran 24 soat ichida sudya tomonidan yopiq sud majlisida yakka tartibda koʻrib chiqiladi.
Oʻziga nisbatan reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs va ichki ishlar organining vakili sud majlisida ishtirok etishi shart. Sud majlisida advokat ishtirok etishi mumkin.
Iltimosnomani koʻrib chiqish ichki ishlar organi vakilining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish zarurligi va joylashtirish muddati asoslab beriladigan maʼruzasi bilan boshlanadi. Soʻngra oʻziga nisbatan iltimosnoma koʻrib chiqilayotgan shaxs, agar sud majlisida ishtirok etayotgan boʻlsa, advokat, sudga kelgan boshqa shaxslar eshitiladi, taqdim etilgan materiallar tekshiriladi.
Qaror sudya tomonidan alohida xonada chiqariladi.
Iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha sud quyidagi qarorlardan birini chiqaradi:
iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida;
iltimosnomani qanoatlantirishni rad etish haqida.
Iltimosnomani qanoatlantirish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida yoki qanoatlantirishni rad etish haqidagi qaror oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va darhol ijro etilishi lozim.
Qaror ijro etish uchun darhol ichki ishlar organi vakiliga, agar sud majlisida ishtirok etgan boʻlsa, advokatga va oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxsga topshiriladi.
Muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani koʻrib chiqish natijalari boʻyicha chiqarilgan qaror ustidan ushbu qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran uch kun ichida oʻziga nisbatan qaror chiqarilgan shaxs, uning qonuniy vakili va advokat apellatsiya tartibida shikoyat berishi, prokuror esa apellatsiya protesti keltirishi mumkin.
Apellatsiya instansiyasi sudining sudyasi qaror ustidan berilgan shikoyatni (protestni) u kelib tushgan kundan eʼtiboran uch kun ichida yakka tartibda koʻrib chiqib, uning natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini chiqaradi:
qarorni oʻzgarishsiz, shikoyatni (protestni) esa qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida;
muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisidagi iltimosnomani qanoatlantirish haqidagi qarorni bekor qilish va shaxsni reabilitatsiya markazidan ozod qilish haqida;
iltimosnomani qanoatlantirmasdan qoldirish haqidagi qarorni bekor qilish va muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxsni reabilitatsiya markaziga joylashtirish toʻgʻrisida”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 25-yanvarda qabul qilingan OʻRQ-462-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018-yil, 1-songa 3-ilova, № 10, 672-modda; 2019-yil, № 5, 261-modda, № 9, 592-modda, № 11, 791-modda, № 12, 880-modda; 2020-yil, № 1, 1-modda, № 3, 198-modda; 2021-yil, № 1, 9-modda, 4-songa ilova, № 8, 800, 803-moddalar, № 9, 903-modda) 24-bobi chiqarib tashlansin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 16-dekabr,
OʻRQ-810-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2022-y., 03/22/810/1095-son)