Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKA AHOLISINI QISHLOQ XO‘JALIGI HAYVONLARIDA UCHRAYDIGAN YUQUMLI KASALLIKLARDAN MUHOFAZA QILISH HAMDA GO‘SHT VA SUT MAHSULOTLARINI YETKAZIB BERISH VA SOTISH CHOG‘IDA VETERINARIYA-SANITARIYA TALABLARIGA RIOYA ETISH TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan sifatni tasdiqlash (barcha dehqon bozorlarida, shahar va qishloqlar do‘konlarida sovutilgan termik qayta ishlangan (pasterizatsiya qilingan) sutni sotish uchun) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 25-avgustdagi PQ-1604-son qaroriga asosan 2011-yilning 1-sentabridan bekor qilingan.
Respublika aholisini qishloq xo‘jaligi hayvonlarida uchraydigan yuqumli kasalliklardan muhofaza qilish, mol so‘yish, sut va sut mahsulotlari tayyorlash va sotishni tashkil etishda veterinariya-sanitariya qoidalariga qatiy rioya qilinishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbeksavdo”, “O‘zgo‘shtsutsanoat”, “O‘ztayyorlovsavdo” uyushmalari va ularning bo‘linmalari, qayta ishlovchi korxonalar, fuqarolar yig‘ini raislari:
(1-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 532-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/532/3344-son)
fuqarolar va fermerlarning mollari sanitariya talablariga to‘liq javob beradigan va mol so‘yish uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan ixtisoslashtirilgan mol so‘yish korxonalari yoki sexlarida so‘yilishini tashkil etishni ta’minlasinlar;
go‘sht veterinariya-sanitariya ekspertizasi o‘tkazilgandan keyingina so‘yilgan mol tanasiga maxsus muhr bosilgan holda korxonalarga va boshqa tashkilotlarga berilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar;
xo‘jaliklarda sog‘ilgan, fermerlar va fuqarolar tomonidan sog‘ib olingan sutni sut zavodlarida yoki sut qabul qilish punktlarida majburiy termik ishlovdan o‘tkazsinlar;
sut savdo korxonalariga, maxsus iste’molchilarga va boshqa tashkilotlarga sifati to‘g‘risida guvohnoma mavjud bo‘lgan taqdirdagina yetkazib berilishini ta’minlasinlar.
2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi barcha ishlab turgan va yangidan tashkil etilayotgan qushxonalarning ishlashi hamda mollar sanitariya talablariga to‘liq javob beradigan qushxonalarda so‘yilishiga maxsus ruxsatnoma berilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsinlar.
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-yanvardagi 48-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.01.2025-y., 09/25/48/0093-son)
1995-yil 20-oktabrdan boshlab barcha dehqon bozorlarida, shahar va qishloq do‘konlarida majburiy tartibda veterinariya-sanitariya ekspertizasidan o‘tgan, so‘yilgan mol tanasiga maxsus muhr bosilgan go‘sht sotilishi ta’minlansin. Oldindan veterinariya ko‘rigidan o‘tkazilmagan go‘sht sotilishi qat’iyan taqiqlansin.
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi veterinariya-sanitariya qoidalarini buzishga yo‘l qo‘yayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortsinlar.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-iyundagi 532-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.06.2019-y., 09/19/532/3344-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 109-moddasi.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari o‘z hududlarida joylashgan barcha go‘sht va sut do‘konlari va do‘konchalari nazoratdan o‘tkazilishini hamda go‘sht va sut mahsulotlari veterinariya-sanitariya talablariga javob beradigan joylardagina sotilishini tashkil etsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari I.H. Jo‘rabekov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1995-yil 28-sentabr,
379-son