Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.08.2008
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TOShKENT DAVLAT AVIATSIYA INSTITUTINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 11avgustdagi 182-son “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent Davlat texnika universitetida kadrlar tayyorlash tarkibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2008-yil 18-iyundagi 134-son qarori)” toʻgʻrisidagi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent davlat aviatsiya institutini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1995-yil 31-maydagi Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent davlat aviatsiya instituti 1995-yilning 1-iyulidan boshlab tashkil etilsin.
Institut tarkibida Toshkent aviatsiya texnikumi va “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining oʻquv markazi negizida Toshkent aviatsiya kolleji va uchish-texnika oʻquv markazi barpo etilsin, bunda ularni mablagʻ bilan taʼminlash va faoliyat koʻrsatishning mavjud tartibi saqlab qolinsin.
2. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, “Oʻzbekkoinot” agentligi Toshkent davlat aviatsiya institutining bazaviy korxonalari etib belgilansin, oʻqitiladigan talabalarning 50 foizi ularning buyurtmanomalari boʻyicha test sinovlari yoʻli bilan reyting asosida, talabalarni oʻqitish xarajatlari toʻliq toʻlangan holda qabul qilinadi.
Bazaviy korxonalar institutga oʻzining oʻquv-laboratoriya bazasini zamonaviy asbob-uskunalar va oʻqitishning texnika vositalari, kompyuter, audio va videotexnika, tashkiliy texnika va grafika chizadigan asbob-uskunalar bilan jihozlashda muntazam yordam koʻrsatib tursinlar.
3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:
manfaatdor vazirliklar, idoralar va korxonalar bilan birgalikda bir oy muddatda institut ustavini, kollej va oʻqish-texnika oʻquv markazi toʻgʻrisida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi, Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi, “Oʻzbekkoinot” agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar hamda idoralar bilan kelishgan holda Toshkent davlat aviatsiya institutida va uning tarkibiy boʻlinmalarida kadrlar tayyorlanadigan mutaxassisliklar roʻyxatini tasdiqlasin.
4. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining aviakompaniya xodimlari uchun belgilangan imtiyozlarni Toshkent davlat aviatsiya institutining barcha oʻqituvchilari va xodimlariga joriy qilish toʻgʻrisidagi, shuningdek, oʻqituvchi-professorlar tarkibining ish haqiga aviakompaniya mablagʻlari hisobiga ustamalar berish haqidagi. taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Moliya vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida Toshkent davlat aviatsiya institutini taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
6. Toshkent shahar hokimligi Toshkent davlat aviatsiya institutini va uning boʻlinmalarini Usmon Yusupov koʻchasi, 107; Oxunboboyev koʻchasi, 12; Gogol koʻchasi, 77-uydagi binolarga va Toshkent, 167, Aeroport, uchish-texnika oʻquv markaziga joylashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Taʼlim va fan boʻlimiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 12-iyul,
269-son