OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SANITARIYA QOIDALARI, MEʼYORLARI VA GIGIYENIK NORMATIVLARI
18 yoshdan kichik boʻlgan qizlar va ayollar uchun ogʻir yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda ruxsat etilgan yuklama meʼyorlari
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh Davlat sanitariya vrachining 12.11.2018-yildagi 0364-18-sonli
buyrugʻi bilan tasdiqlangan va joriy qilingan.
1. Sanitariya meʼyorlari “Aholini sanitar-epidemiologik farovonligi toʻgʻrisida”gi OʻZR qonunini amalda roʻyobga chiqarishga qaratilgan. Sanitariya meʼyorlari barcha vazirliklar, idoralar, tashkilotlar (mulk shaklidan qatʼi nazar) va Oʻzbekiston respublikasi hududida ishlovchi 18 yoshdan kichik boʻlgan qizlar va ayollar mehnat sharoitini sanitariya nazoratini amalga oshiruvchi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlari uchun majburiydir.
2. Ushbu sanitariya meʼyorlarining talablari meʼyoriy-texnik hujjatlarda inobatga olinishi lozim: qurilish meʼyorlari va qoidalarida, texnik sharoitlarda, yoʻriqnomalarda, uslubiyatlar va hokazolarda, ishlab chiqarish obyektlarida, texnologik va foydalanish talablarida, texnologik va injenerlik uskunalariga, ishlab chiqarish meʼyorlarini hisoblab chiqishda, ishchi kuchiga ehtiyoj boʻlganda, texnologik xarita va jarayonlarni ishlab chiqishda, barcha oʻquv muassasalari uchun majburiy hisoblanadi.
3. Avval amalda boʻlgan № 0115-01 sonli SanQvaM lari oʻz kuchini yoʻqotgan hisoblansin.
18 yoshdan kichik boʻlgan qizlar uchun ogʻir yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan yuklamalarining ruxsat etilgan meʼyorlari
1. 18 yoshdan kichik boʻlgan qizlarni yuklarni koʻtarishi va tashishi quyida keltirilgan meʼyorlardan oshib ketmasa va ular doimiy bajaradigan ishi bilan bogʻliq boʻlsa va ish vaqtining uchdan bir qismidan iborat boʻlganda ruxsat etiladi.
2. 18 yoshdan kichik boʻlgan qizlarni faqat 4,1 kg dan ogʻir boʻlgan yuklarni koʻtaradigan ishlarga jalb etishga ruxsat etilmaydi
3. 18 yoshdan kichik boʻlgan qizlar uchun yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish massasi 7 kg dan oshmasligi kerak (1 jadval).
4. 18 yoshdan kichik boʻlgan qizlarga toklarni bir gʻildirakli zambilgʻaltakda va ikki gʻildirakli aravachada tashishga ruxsat etilmaydi.
5. Ogʻir yuklarni uch va toʻrt gʻildirakli aravachalarda tashishda yukning chegaraviy vazni 52 kg oshmasligi kerak, bunda tekis tozada tashishga chegaraviy koʻtarish koʻrsatkichi 0,01 boʻlgan holda ruxsat etiladi.
6. Ogʻir yuklar vagonetkalarda tashilganda yukning chegaraviy vazni 224 kg dan oshmasligi kerak, bunda koʻtarish koʻrsatkichi 0.01 dan oshmagan holda faqat relslarda harakatlanishga ruxsat etiladi.
7. 14-15 yoshdagi qizlar uchun yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish alohida holatlarda ruxsat beriladi, bunda 3 bandda qayd qilingan hamma meʼyoriy yuklamalar 2 baravar kamaytiriladi.
8. 14-15 yoshdagi qizlar uchun yuklarni aravachalarda, zambillarda va vagonetkalarda tashishga ruxsat berilmaydi.
1-jadval |
|
18 YOSHDAN KICHIK BOʻLGAN QIZLAR UCHUN OGʻIR YUKLARNI QOʻLDA KOʻTARISH VA TASHISHDA YUKLAMALARNING CHEGARAVIY MEʼYORLARI |
|
Tashish turi | Yukning chegaraviy vazni | Chegaraviy koʻtarish meʼyori* va tashish sharoiti |
Qoʻlda | 7 kg gacha | 0,01 dan oshmasligi kerak |
Bir gʻildirakli arava | ruxsat etilmaydi | - |
Ikki gʻildirakli aravacha | ruxsat etilmaydi | |
Uch va toʻrt gʻildirakli arava | 52 kg | Tekis yuzada 0.02 dan oshmagan holda harakatlanishga ruxsat etiladi |
Vagonetka | 224 | 0.01 dan oshmagan xolda faqat relslarda harakatlanishga ruxsat etiladi |
Ayollar uchun ogʻir yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan yuklamalarning ruxsat etilgan meʼyorlari
9. Boshqa ishlarga almashlab ishlash sharti bilan yukni koʻtarish va koʻchirishda uning vazni 9 kg dan ortmasligi lozim. (2-jadval).
10. Ish smenasi davomida doimiy ravishda koʻtariladigan yukning vazni 6 kg dan oshmasligi kerak.
11. Ish smenasining har bir soatida ishchi yuzadan koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 300 kg dan oshmasligi kerak.
12. Ish smenasining har bir soatida poldan koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 150 kg dan oshmasligi kerak.
13. Ish smenasi davomida ishchi yuzadan koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 2500 kgdan oshib ketmasligi kerak.
14. Smena davomida poldan koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 1250 kgdan oshib ketmasligi kerak.
15. Ikki kishi birgalikda zambilda tashiladigan yuklarning chegaraviy vazni 22 kg (3-jadval) dan oshib ketmasligi kerak. Barcha ishlarda oyoqchali zambillaridan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16. Bitta gʻildirakli aravada ogʻir yuklarni koʻchirishda yukning chegaraviy vazni 25 kg dan oshmasligi kerak. Bitta gʻildirakli aravada ogʻir yuklarni tashishga faqat sirpanchiq yogʻochda bajarilgandagina yoʻl qoʻyiladi. Bunda chegaraviy koʻtarish (eng yuqori balandlikning yoʻlning uzunligiga nisbati) 0,02 dan oshib ketmasligi lozim.
17. Ogʻir yuklarni uch va toʻrt gʻildirakli aravachalarda tashishda yukning chegaraviy vazni 50 kg dan oshmasligi kerak, bunda notekis yuzada tashishga chegaraviy koʻtarish koʻrsatkichi 0,01 boʻlgan holda ruxsat etiladi.
18. Ogʻir yuklarni ikki gʻildirakli qoʻl aravachada tashilganda yukning chegaraviy vazni 60 kg dan ortmasligi kerak, bunda polning tekis yuzasida tashishga chegaraviy koʻtarish koʻrsatkichi 0,02 boʻlgan holda, notekis tuproq yoki tosh yoʻlda chegaraviy koʻtarish koʻrsatkichi 0,01 dan oshmagan holda ruxsat etiladi.
19. Ogʻir yuklar vagonetkalarda tashilganda yukning chegaraviy vazni 300 kgdan oshmasligi kerak. Bunda koʻtarish koʻrsatkichi 0.01 dan oshmagan holda faqat relslarda harakatlanishga ruxsat etiladi.
2-jadval |
|
Ayollar uchun ogʻir yuklarni koʻtarish va tashishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chegaraviy yuklamalarning meʼyorlari |
|
Ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirishning xususiyatlari | Yukning yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chegaraviy vazni, kg |
1. Ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirish va koʻchirishni boshqa ishlar bilan almashilgan holda bajarish | 9 |
2. Doimiy ravishda butun ish smenasi davomida ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirish | 6 |
3. Ish smenasining har bir soati davomida koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni: | |
ishchi yuzadan | 300 |
poldan ortib ketmasligi kerak | 150 |
4. Ish smenasi davomida koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni: | |
ishchi yuzadan | 2500 |
poldan ortib ketmasligi kerak | 1250 |
3-jadval |
|
Ayollar uchun ogʻir yuklarni tashish va koʻchirishning chegaraviy meʼyorlari |
|
Tashish turi | Yukning chegaraviy vazni, kg | Tashish sharoiti va chegaraviy koʻtarish meʼyori |
Koʻlda (1 kishiga) | 9 | Tekis yuzada |
Zambilda (2 kishiga) | 22 | Tekis yuzada |
Bir gʻildirakli arava | 22 | 0,02 oshmagan holda faqat taxtadan yumalatish |
Uch va toʻrt gʻildirakli arava | 50 | Notekis yuzada 0,01 dan oshmagan holda |
Ikki gʻildirakli qoʻl aravacha | 60 | Tekis yuzada 0,02 dan oshmagan holda Notekis yuzada 0.01 dan oshmagan xolda |
Vagonstkalar | 300 | 0,01 dan oshmagan holda faqat relslarda |
Homilador ayollar uchun ogʻir yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan yuklamalarning ruxsat etilgan meʼyorlari
20. Homilador ayollar bel sohasidan yuqori boʻlgan mehnat predmetlarini koʻtarish bilan. poldan koʻtariladigan mehnat predmetlari, oyoq mushaklarini va qorin atrofi mushaklarini pressini statik zoʻriqishini paydo boʻlishi bilan, majburiy ish holatida turish (choʻkkalab oʻtirish, tizzasi bilan oʻtirish, egilgan holatda turish, qorni va koʻkragi bilan asbob-uskunalarga hamda mehnat predmetlariga tayangan holda turish), tanani 15 darajaga burgan holatda turish bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish operatsiyalarini bajarishlari mumkin emas.
21. Homilador ayollar uchun oyoq pedalidan foydalanib boshqariladigan asbob-uskunalarda ishlaydigan ishlar, asab-emotsional zoʻriqish bilan kechadigan konveyrdagi majburiy ritmdagi ishlar mustasno qilinadi.
22. Boshqa ishlarga almashlab ishlash sharti bilan yukni koʻtarish va koʻchirishda uning vazni (1 soatda 2-martadan) 2,5 kg dan ortmasligi lozim. (4-jadval).
23. Ish smenasi davomida doimiy ravishda koʻtariladigan va tashiladigan yukning vazni 1,25 kg dan oshmasligi kerak.
24. Ish smenasining har bir soatda ishchi yuzadan 5 metrgacha boʻlgan masofaga koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 60 kg dan oshmasligi kerak, poldan koʻtarishga ruxsat etilmaydi.
25. 8 soatlik ish smenasida ishchi yuzadan koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni 480 kg dan oshmasligi kerak.
4-jadval |
|
Homilador ayollar uchun ogʻir yuklarni koʻtarish va tashishda yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chegaraviy yuklamalarning meʼyorlari |
|
Ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirishning xususiyatlari | Yukning yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan chegaraviy vazni, kg |
1. Ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirishda boshqa ishlar bilan almashilgan holda bajarish | 2,5 |
2. Doimiy ravishda butun ish smenasi davomida ogʻir yuklarni koʻtarish va koʻchirish | 1.25 |
Ish smenasining har bir soati davomida koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni | |
ishchi yuzadan | 60 |
poldan ortib ketmasligi kerak | yoʻl qoʻyilmaydi |
4. Ish smenasi davomida koʻchiriladigan yuklarning yigʻindi vazni: | |
ishchi yuzadan | 480 |
poldan ortib ketmasligi kerak | yoʻl qoʻyilmaydi |