Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.03.1998
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING 1996-YIL 1 OKTYABRDAGI 342-SON QARORINI QISMAN O‘ZGARTIRISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 31-martdagi 137-sonli “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo faoliyatini erkinlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Import kontraktlari bo‘yicha mablag‘larni konvertatsiya qilishni tartibga solish maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 1-oktabrdagi 342-son qarorini qisman o‘zgartirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
1997-yil 1-fevraldan boshlab iste’mol tovarlari olib kelishga tuzilgan import kontraktlari, ular tuzilgan sanadan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida va vakolatli banklarda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak;
vakolatli banklar Markaziy bank tomonidan iste’mol tovarlarini import qiluvchilarga berilgan litsenziyalar egalariga so‘mlardagi mablag‘larni ro‘yxatdan o‘tkazilgan import kontraktlari taqdim etilgan taqdirdagina erkin muomaladagi valyutaga konvertatsiya qiladilar.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining Bosh bojxona boshqarmasi 1997-yil 1-fevraldan boshlab import iste’mol tovarlarini bojxonada rasmiylashtirishni faqat ro‘yxatdan o‘tkazilgan import kontraktlari bo‘yicha amalga oshirsin.
2. Vakolatli banklar ishlab chiqarish-texnika maqsadlaridagi mahsulotlarni olib kelishga va xizmatlar importiga oid import kontraktlari bo‘yicha so‘mlardagi mablag‘larni erkin muomaladagi valyutaga konvertatsiya qilishga berilgan buyurtmanomalarni, ular bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligining xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda ko‘rib chiqsinlar.
3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi mazkur qaror mazmunini barcha manfaatdor tashkilotlar va tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchilariga yetkazsin.
4. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 1-oktabrdagi 342-son qarori 2-bandining iste’mol tovarlari keltirishga doir import kontraktlariga oid qismi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri O‘.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-yanvar,
28-son