Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “YANGI OLIY O‘QUV YURTLARINI TASHKIL QILISH TO‘G‘RISIDA” 1992-YIL 28-FEVRALDAGI FARMONINI BAJARISH CHORALARI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi oliy o‘quv yurtlarini tashkil qilish to‘g‘risida” 1992-yil 28-fevraldagi Farmonini amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Bir oy muddat ichida quyidagi binolar, inshootlar, o‘quv-moddiy bazalari, 1992-yil taqsimoti rejalarida ko‘zda tutilgan moddiy-texnika resurslari, transportga limitlar hamda kapital qurilish va joriy tuzatish uchun amaldagi normativlar balansdan-balansga bepul o‘tkazilsin:
dorilfununlarga aylantirilgan, Xalq ta’limi vazirligiga qarashli tugatiladigan davlat pedagogika institutlari — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga;
Melioratsiya va suv xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari institutining Qarshi dehqonchilik-iqtisodiyot institutiga aylantirilgan Qarshi filiali — Qishloq xo‘jaligi vazirligiga.
2. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent davlat dehqonchilik dorilfununining Nukus filialini tashkil etish uchun Nukus davlat dorilfununi dehqonchilik fakultetining moddiy-texnika bazasini, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash fakultetini va iqtisodiyot fakultetining tegishli qismini vaqtincha Qishloq xo‘jaligi vazirligi ixtiyoriga o‘tkazsin.
3. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va Aloqa vazirligi yangidan tashkil qilingan o‘ziga qarashli oliy o‘quv yurtlarining ustav va tuzilmalarini, filiallar uchun — Nizom va tuzilmalarini bir oy muddat ichida ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar. Tugatilayotgan o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilarining o‘qishni tugatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilsin.
4. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda yangidan tashkil qilingan o‘quv yurtlarini malakali va tajribali professor-o‘qituvchi kadrlar bilan mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rsin, mutaxassislar tayyorlashning yuqori saviyada bo‘lishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi taraqqiyot istiqbolini belgilash qo‘mitasi, “O‘zshartnomasavdo”, Moliya vazirligi, “Soyuztorgoborudovaniye” ishlab chiqarish-savdo korxonasi mutaxassislar tayyorlash, budjet, kapital mablag‘lar rejasiga tegishli o‘zgartishlar kiritsinlar, yangidan tashkil qilingan va qaytadan tuzilgan o‘quv yurtlarini saqlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar va moddiy-texnika resurslari ajratishni nazarda tutsinlar.
6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlarning hokimliklari bir oy muddat ichida yangi tashkil qilingan institutlar va oliy o‘quv yurtlari bo‘limlarini joylashtirish, shu maqsadda xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalarining bino va inshootlaridan foydalanmagan holda, qo‘shimcha maydonlar ajratish masalasini hal etsinlar, moddiy-texnika bazasini, shu jumladan, o‘quv jarayonini normal tashkil qilish maqsadida o‘quv-maslahat punktlariga doimiy amaliy yordam ko‘rsatsinlar. Doimiy ishlash uchun yuboriladigan professor-o‘qituvchi kadrlarga turar joy ajratish nazarda tutilsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qashqadaryo viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Toshkent davlat dehqonchilik dorilfununining Nukus filialiga va Qarshi dehqonchilik-iqtisodiyot institutiga o‘quv-tajriba xo‘jaligi uchun bittadan sovxoz ajratsinlar.
8. Yangidan tashkil qilinishi, qayta tashkil etilishi va respublikaning huquqiy tasarrufiga berilishi hisobiga o‘quv yurtlari tarmoqlarining anchagina kengayishini hisobga olib Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 8-yanvardagi 3-son qarorining 11-moddasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tatbiq etilmasin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 11-mart,
125-son