|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Tarkibida mis boʻlgan mahsulotlar eksportini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi PQ-5011-sonli “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2021-yil 1-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Raqobatbardosh biznesni rivojlantirish, yakuniy mahsulot ishlab chiqaruvchilarga koʻmaklashish xamda mamlakatning eksport salohiyatini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-3454-son qarori kuyidagi mazmundagi 311-band bilan toʻldirilsin:
“311. TIF TNning 74-guruhiga mansub mis mahsulotlarini chet el valyutasida eksportga realizatsiya qilish oborotiga belgilangan stavka boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi solinadi (bundan “Olmaliq TMK” AJning oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlari mustasno)”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha nol stavkani qoʻllash natijasida yuzaga kelgan salbiy tafovutni qaytarish mexanizmini tartibga solish yuzasidan, ortiqcha summani tashkilotlar tomonidan yaratilgan qoʻshimcha qiymat ulushiga qarab TIF TN kodlari guruhlari asosida qaytarishni nazarda tutgan holda, Hukumat qarori loyihasini;
qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda “Oʻzeltexsanoat” AK korxonalari eksporti prognozlarini kiritilayotgan oʻzgartishlarni inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tarkibida mis boʻlgan mahsulotlar eksportida ularning deklaratsiya qilinayotgan tovarlarga muvofiqligi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchkorov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.S. Otajonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 4-iyun,
PQ-3768-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.06.2018-y., 07/18/3768/1308-son)