|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.10.2007
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON TRANSPORT VA TRANSPORT KOMMUNIKATSIYALARI UYuShMASINI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 23-oktabrdagi PF-3930-sonli “O‘zbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tugatish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Respublika hududida barcha transport turlarining yuk va yo‘lovchilar tashish ishlarini maqbul holga keltirish, samaradorligini oshirish hamda oqilona tashkil etish, transport kommunikatsiyalarini jadal rivojlantirish va barqaror ishlashini ta’minlash, transportda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda transmilliy transport yo‘laklarini rivojlantirish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida:
1. “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “O‘zavtoyo‘l” DAK, transport kommunikatsiyalari qurilishi bilan shug‘ullanuvchi respublika loyiha va qurilish tashkilotlarining O‘zbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasi faoliyatining asosiy vazifalari hamda yo‘nalishlari etib belgilansin:
barcha transport turlari — temir yo‘l, havo, avtomobil va daryo transportining transport tuzilmalari faoliyatini maqbul holga keltirish, respublika hududi va uning tashqarisida yuklar hamda yo‘lovchilar tashish samaradorligi va maqbulligini ta’minlashga qaratilgan hamkorligini muvofiqlashtirish;
iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholining yuk va yo‘lovchilar tashish sohasida muttasil ortib borayotgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda respublikaning Yagona tutash transport tizimini istiqbolda rivojlantirish kompleks dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkil qilish;
transport tarmog‘ini va logistika tizimini rivojlantirish, yangi transport kommunikatsiyalarini jadal sur’atlar bilan barpo etish, ularning yuk va yo‘lovchilar tashish imkoniyatini oshirish hamda samarali foydalanishni ta’minlash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
transport kommunikatsiyalari hamda inshootlari qurish va ularni rekonstruksiyalash, transport vositalarini yangilash va modernizatsiyalash uchun investitsiyalar, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish, shuningdek investitsiya loyihalarining bajarilishi ustidan monitoringni amalga oshirish;
transmilliy transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha takliflarni xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar bilan birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish, xalqaro yuk tashuvchilarga O‘zbekiston hududi bo‘ylab tranzit yuklar tashishni ko‘paytirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, transportda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasida xorijiy davlatlar bilan mustahkam, o‘zaro manfaatli va samarali aloqalar o‘rnatish;
transportda yuk va yo‘lovchilar tashish sohasida hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining manfaatlarini ifoda etish;
respublika transport tizimi faoliyatining barqarorligi va xavfsizligini kuchaytirish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda O‘zbekiston Transport va transport kommunikatsiyalari uyushmasining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.
4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 11-oktabr,
PF-3498-son
(O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 40-41-son, 435-modda)