Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston Respublikasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishning barqaror tizimi yaratildi. Mamlakatda salohiyatli ilmiy maktablar yaratildi, ilmiy laboratoriya va kafedralar, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, vazirlik va idoralar hamda respublika miqyosidagi ilmiy-texnik va ekspert kengashlari shaklidagi koʻp tarmoqli ilmiy-tashkiliy infratuzilma faoliyat yuritmoqda
Ayniqsa soʻnggi yillarda ilmiy-tadqiqot faoliyatining moddiy-texnik salohiyatini mustahkamlash va samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bir qator yangi ilmiy-innovatsion tuzilmalar — Genomika va bioinformatika markazi, Xalqaro quyosh energiyasi instituti, Kembridj universiteti ishtirokida Yuqori texnologiyalar markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish tizimida Fanlar akademiyasi haqli ravishda fundamental tadqiqotlar yetakchisi sifatida alohida oʻrin egallaydi. Hozirgi kunda Fanlar akademiyasi tizimida salmoqli intellektual salohiyat mujassamlangan. Shuning uchun ham davlatimiz tomonidan akademik fanning mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishdagi rolini kuchaytirish, Fanlar akademiyasining ilmiy-innovatsion faoliyatini takomillashtirish va mavqeyini oshirish masalalariga katta eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Ushbu eʼtiborning yorqin koʻrinishi sifatida mamlakatimiz Prezidentining davlat rahbari sifatidagi birinchi uchrashuvi aynan ilm hamjamiyati – respublika akademiklari va yetakchi olimlari bilan boʻlganligini taʼkidlash joiz. 2017-yilning 1-yanvaridan boshlab akademiklarga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jismoniy shaxslar daromadiga solinadigan soliqlardan ozod etilgan oylik gonorar belgilandi. Bundan tashqari, ular uchun sanatoriy muassasalarida har yili bepul sogʻlomlashtirish kursidan foydalanish huquqi nazarda tutildi. Akademiklar ilmiy, taʼlim va ishlab chiqarish jarayonlariga keng jalb etilib, ularga yuqori malakali kadrlar tayyorlashda faol ishtirok etishlari uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Shu bilan birga, ilmiy-texnik salohiyatning hozirgi kundagi ahvoli, kadrlar bilan taʼminlanganligi, ilmiy-tadqiqot faoliyatining moddiy-texnika, tajriba va laboratoriya bazalarining rivojlanish darajasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining jadal surʼatlaridan ortda qolmoqda. Qator tadqiqot yoʻnalishlari boʻyicha milliy ilm-fanimiz, ayniqsa akademik fanning raqobatbardoshligini yuqori halqaro darajalarga mos keltirish zarurati ham yuzaga keldi.
Ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini moliyalashtirish tizimida bir qator muammolar mavjud. Natijada, ilmiy faoliyat nufuzi birmuncha pasayib, iqtidorli yoshlarning boshqa sohalarga ketib qolish holatlari kuzatilmoqda, ilmiy kadrlarning oʻrtacha yoshi ortib borishi tendensiyasi saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan, davlat ilmiy-texnika dasturlarini shakllantirish, amalga oshirish va monitoringini yuritish jarayonlarini muvofiqlashtiruvchi yagona tizimning mavqeyi va salohiyatini tiklash, olimlarga keng koʻlamli ilmiy izlanishlarni amalga oshirishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish bugungi kunning hal qilinishi lozim boʻlgan dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Taʼkidlash lozimki, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida ham ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini ragʻbatlantirish, ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini yaratish, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, yuqori texnologiya markazlari va texnoparklarni tashkil etishga taʼlim va fan sohasini rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida alohida eʼtibor qaratilgan.
Bundan tashqari, respublika viloyatlarida boʻlib oʻtayotgan xalq bilan bevosita muloqot paytida Prezidentimiz tomonidan barcha hududlarda ilm-fan salohiyatini tiklash, hududlarning kompleks rivojlanishini taʼminlashda mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berilmoqda. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda ilmiy izlanishlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning real muammolariga yoʻnaltirish, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi uzviy integratsiyani taʼminlash, oʻz navbatida, ishlab chiqarish korxonalari tomonidan olimlarning ilmiy-texnologik ishlanmalarini amaliyotga joriy qilish samaradorligini oshirish mexanizmlarini yaratish masalalari oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur sohada toʻplanib qolgan muammolarni hal etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Fanlar akademiyasi faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan keng koʻlamli miqyosdagi aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Jumladan, qarorga koʻra zamonaviy talablar asosida Fanlar akademiyasining asosiy vazifa va faoliyatining ustuvor yoʻnalishlari belgilab berilgan. Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini yanada mustahkamlash maqsadida Fanlar akademiyasi tarkibida bir qator ilmiy-tadqiqot muassasalari tashkil qilinib, qator muassasalar akademiya tasarrufiga qaytarilgan. Oʻz navbatida, bu tadbirlar Fanlar akademiyasi tomonidan keng koʻlamli fundamental tadiqotlar olib borilishini taʼminlash, turli fan tarmoqlari boʻyicha mavjud ilmiy salohiyatni mujassamlash va ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning dolzarb muammolariga safarbar qilish imkoniyatini yaratadi.
Qarorda Fanlar akademiyasi boshqaruv apparatining tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratildi, uning tarkibida fizika-matematika va texnika fanlari, kimyo-biologiya fanlari va ijtimoiy-gumanitar fanlar boʻlimlari hamda Fanlar akademiyasining Navoiy boʻlimini tashkil etish koʻzda tutildi. Bu mazkur fan sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish bilan bir qatorda, Navoiy viloyati hududini kompleks rivojlantirishda, mavjud sanoat salohiyatini yanada mustahkamlashda akademik fan imkoniyatlaridan keng foydalanish imkoniyatini beradi.
Shuningdek, qarorga muvofiq Fanlar akademiyasining Qoraqalpogʻiston va Navoiy boʻlimlari hamda Xorazm Maʼmun akademiyasi raislari mavqeyi akademiya vitse-prezidenti darajasiga tenglashtirilishi ham aynan hududlarda ilm-fan salohiyatini tiklash va nufuzini oshirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlarning yaqqol tasdigʻidir.
Samarali ilmiy faoliyatni ragʻbatlantirishga ham qarorda katta eʼtibor qaratilgan. Shu maqsadda, ilmiy-tadqiqot muassasalarining xoʻjalik va tadbirkorlik faoliyatidan tushgan sof foydaning 10 foizi miqdoridagi ajratmalari hisobiga shakllanadigan, ilmiy tadqiqotlar yakunlari boʻyicha salmoqli natijalarga erishgan Fanlar akademiyasi ilmiy xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi tashkil etilmoqda.
Qaror bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida Fan va texnologiyalar boʻyicha davlat komissiyasi tuzilib, uning zimmasiga ilmiy-texnika sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, innovatsion siyosatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash vazifalari yuklanmoqda.
Shuningdek, mazkur komissiyaning ishchi organi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi faoliyati tugatilayotgan Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qoʻmitasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi tashkil etilmoqda. Agentlik zimmasiga iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni bajarishda ilmiy-texnik xizmatlar koʻrsatishga yoʻnaltirilgan davlat topshiriqlarini shakllantirish kabi vazifalar yuklanadi.
Mazkur tadbirlar ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkillashtirish tizimini yangi bosqichga koʻtarishga, mavjud intellektual salohiyatni jipslashtirishga, izlanishlardagi mayda, samarasiz mavzularga va takrorlanishlarga barham berishga xizmat qiladi.
Qaror bilan oʻz yechimini topayotgan yana bir muhim masala Fan va texnologiyalar boʻyicha davlat komissiyasi qoshida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan Ilmiy-texnik faoliyatni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish bilan bogʻliq boʻlib, jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga yoʻnaltirilishi nazarda tutilgan:
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarida yangi tipdagi va zamonaviy yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlangan ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish;
olimlarimiz tomonidan davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida yaratilgan intellektual mulk obyektlarini chet elda roʻyxatdan oʻtkazish (patentlash) xarajatlarini qoplash;
zamonaviy laboratoriyalarning ilmiy asbob va uskunalarini zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan uzluksiz taʼminlash;
ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalarining jahonning yetakchi ilmiy elektron maʼlumotlar bazasidan erkin foydalanishlari uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash;
yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini moliyalashtirish.
Qaror doirasida nazarda tutilgan barcha tadbirlar davlatimiz tomonidan iqtisodiyotning innovatsion taraqqiyotini taʼminlashda ilm-fanning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi boʻlib, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.
Ushbu qaror akademik fan nufuzini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatining kadrlar va intellektual salohiyatini mustahkamlash, uni tashkillashtirish va boshqarish tizimini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot muassasalari moddiy-texnika bazasini tubdan yaxshilash, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga keng jalb qilish va olimlarning sermashaqqat mehnatlarini munosib moddiy ragʻbatlantirishga keng yoʻl ochadi.