O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
QONUN LOYIHALARINING UMUMXALQ MUHOKAMASI TO‘G‘RISIDA
I BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalariga daxldor qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risidagi qonunchilik
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunchiligi bilan ham tartibga solinadi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasining asosiy prinsiplari
Qonun loyihalari umumxalq muhokamasining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
ixtiyoriylik;
tenglik;
oshkoralik;
hamma uchun ochiqlik;
erkin fikr bildirish.
4-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilari
Fuqarolar, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalari qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilari bo‘lishlari mumkin.
Chet el davlatlari va xalqaro tashkilotlarning ekspertlari O‘zbekiston Respublikasi qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga ushbu Qonunga muvofiq jalb etilishlari mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi to‘rtinchi qismi.
5-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolarning huquqlari
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar quyidagi huquqlarga egadirlar:
qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida erkin ishtirok etish;
Oldingi tahrirga qarang.
qonun loyihalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, boshqa davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga, ommaviy axborot vositalariga takliflar va mulohazalar kiritish;
(5-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi uchun deputatlar bilan, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda va boshqa tadbirlarda qatnashish.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etuvchi fuqarolar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishlari mumkin.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi.
6-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Ommaviy axborot vositalari qonun loyihalari umumxalq muhokamasining borishini yoritadilar, qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini e’lon qilib boradilar.
II BOB. QONUN LOYIHALARINING UMUMXALQ MUHOKAMASIDA FUQAROLARNING ISHTIROK ETISH HUQUQLARI KAFOLATLARI
7-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolar ishtirok etishining ixtiyoriyligi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriydir.
Fuqarolarni qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishga majburlash taqiqlanadi.
8-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolarning teng huquqliligi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolar teng huquqqa egadirlar.
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolarning jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyiga qarab qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etish huquqlarini cheklash taqiqlanadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 20-sentabrdagi O‘RQ-963-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)
9-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini o‘tkazishda oshkoralik
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi oshkora o‘tadi va ommaviy tusga ega bo‘ladi.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga to‘sqinlik qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
10-modda. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasining hamma uchun ochiqligi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi uning hamma ishtirokchilari uchun ochiq bo‘lishi kerak.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishga hech kim monelik qilishga haqli emas.
11-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi jarayonida fuqarolarning erkin fikr bildirish huquqi
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi jarayonida fuqarolar qonun loyihalari bo‘yicha o‘z fikrini erkin bildirish huquqiga ega.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi jarayonida hech kim qonun loyihalari yuzasidan o‘z fikrini bildirishga majbur qilinishi mumkin emas.
III BOB. QONUN LOYIHALARINING UMUMXALQ MUHOKAMASINI TASHKIL ETISH
12-modda. Qonun loyihalarini umumxalq muhokamasiga qo‘yish tashabbusi
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihalarini umumxalq muhokamasiga qo‘yish tashabbusi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan organlar va shaxslarga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qo‘mitalariga tegishlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, o‘z davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Bosh prokurori egadirlar va bu huquq qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan qonun loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi.
(12-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
13-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini tayinlash
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinadi.
(13-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yoki uning Kengashi qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi jarayonida tushadigan taklif va mulohazalarni ko‘rib chiqish ishlarini tashkil etish muddati va tartibini belgilaydi.
(13-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
14-modda. Qonun loyihalarini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilish
Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi uchun “Xalq so‘zi”, “Narodnoye slovo” gazetalarida, ularni umumxalq muhokamasiga qo‘yish haqida qaror qabul qilinganidan keyin o‘n kundan kechiktirmay e’lon etiladi. Ular maxsus nashrlarda, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham chop qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
15-modda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini o‘tkazish bo‘yicha vakolatlari
(15-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qo‘mitalari:
(15-moddaning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
qonun loyihalari yuzasidan tushgan taklif va mulohazalarni hisobga olib boradilar;
tushayotgan taklif va mulohazalarni umumlashtiradilar, o‘rganib chiqadilar va tahlil etadilar;
taklif va mulohazalarni o‘rganib chiqish va tahlil etishga ekspertlar, mutaxassislar va olimlarni jalb qiladilar;
qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bo‘yicha seminarlar, konferensiyalar, davra suhbatlari uyushtiradilar;
taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda qonun loyihalarini maromiga yetkazadilar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini o‘tkazish bo‘yicha qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
(15-moddaning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga doir tadbirlarni tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari va ommaviy axborot vositalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglarida qonun loyihalarining umumxalq muhokamasiga doir tadbirlarni tashkil etadilar.
(16-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
17-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini o‘tkazish uchun shart-sharoitlarni ta’minlash
Davlat organlari qonun loyihalarining umumxalq muhokamasini o‘tkazish uchun:
qonun loyihalarini ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish;
qonun loyihalarining muhokamasiga doir tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashish;
qonun loyihalari umumxalq muhokamasining borishi va yakunlari to‘g‘risidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida tarqatish yo‘llari bilan zarur shart-sharoitlarni ta’minlaydilar.
18-modda. Qonun loyihalarini muhokama qilish
Umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihalari davlat organlarining majlislarida, fuqarolar yig‘inlarida, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalarida, harbiy xizmatchilarning yig‘ilishlarida, ommaviy axborot vositalari orqali muhokama qilinishi mumkin.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasi.
19-modda. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalari
Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalari yakka tartibda yoki jamoa tarzida, og‘zaki yoki yozma shaklda kiritiladi.
Qonun loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalarda fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, uning turar joyi, tegishli organning, tashkilotning nomi va pochta manzili ko‘rsatiladi. Qonun loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalar imzolangan bo‘lishi kerak.
Qonun loyihasi yuzasidan belgilangan tartibda kiritilgan taklif va mulohazalar ko‘rib chiqilishi shart. Taklif va mulohazalarni qabul qilib olishni rad etish taqiqlanadi.
Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalari tavsiya va maslahat xususiyatiga ega bo‘ladi.
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi Qonunining 23-moddasi uchinchi qismi.
20-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi bo‘lib o‘tadigan til
Fuqarolar qonun loyihasiga doir taklif va mulohazalarini davlat tilida yoki o‘zlari bilgan istalgan boshqa tilda kiritishga haqlidirlar.
IV BOB. QONUN LOYIHALARINING UMUMXALQ MUHOKAMASI DAVOMIDA TUSHGAN TAKLIF VA MULOHAZALARNI KO‘RIB CHIQISH
21-modda. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini ko‘rib chiqish
Oldingi tahrirga qarang.
Fuqarolar, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalaridan umumxalq muhokamasi davomida qonun loyihasi yuzasidan tushgan taklif va mulohazalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan ko‘rib chiqiladi.
(21-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
22-modda. Qonun loyihalari umumxalq muhokamasi ishtirokchilarining taklif va mulohazalarini umumlashtirish
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qo‘mitalari umumxalq muhokamasi davomida tushgan taklif va mulohazalarni umumlashtiradilar hamda qonun loyihalarini maromiga yetkazadilar.
(22-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
23-modda. Shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini hisobga olish
Oldingi tahrirga qarang.
Qonun loyihalarini maromiga yetkazish paytida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari aholi turli qatlamlarining, jamiyat siyosiy kuchlarining hamda davlatning manfaatlarini har tomonlama hisobga oladilar.
(23-modda O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 4-sentabrdagi O‘RQ-563-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
24-modda. Taklif va mulohazalarni ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida axborot
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qo‘mitalari qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari to‘g‘risida umumlashtirilgan axborot tayyorlaydilar hamda uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari e’tiboriga yetkazadilar.
(24-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
V BOB. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
Oldingi tahrirga qarang.
25-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlarini ko‘rib chiqish
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qonunni qabul qiladi va uni ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboradi yoki qonun loyihasini qo‘shimcha ravishda ishlashga yuboradi yoxud uni rad etadi.
(25-modda O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 3-dekabrdagi 714-II-son Qonuni tahririda — O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda)
26-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlarini e’lon qilish
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi yakunlari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
(27-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 14-dekabr,
166-II-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 14-modda; O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 51-son, 514-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 21.09.2024-y., 03/24/963/0735-son)