|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.04.2000
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
TOShKENT MOLIYA-QURILISh KORPORATSIYASI (“TOShKENTUYJOYINVESTQURILISh”)NI TAShKIL QILISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 11-apreldagi PF-2572-son “Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi (“Toshuyjoyinvestqurilish”)ni tugatish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholining va xorijiy sarmoyadorlarning mablagʻlarini jalb etish yoʻli bilan Toshkent shahrida uy-joylar hamda ijtimoiy infrastruktura inshootlari qurilishi hajmlarini koʻpaytirish maqsadida:
1. Toshkent davlat-aksionerlik qurilish korporatsiyasi “Toshkentqurilish” Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi — “Toshkentuyjoyinvestqurilish”ga aylantirilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi:
yuridik shaxs hisoblanadi va ochiq usuldagi aksionerlik birlashmasi shaklida tashkil etiladi;
mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, binokorlik sanoatining qurilish tashkilotlari, korxonalarini, kredit-moliya muassasalarini, investitsiya tashkilotlarini, jumladan ana shunday xorijiy muassasa va tashkilotlarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
uy-joy obligatsiya zayomlarini chiqarish huquqiga ega boʻladi;
ishlab chiqarish-xoʻjalik va moliya faoliyatiga oid masalalarni mustaqil ravishda hal etadi, markazlashtirilgan zaxira, sugʻurta jamgʻarmalari hamda boshqa jamgʻarmalarni tashkil qiladi;
oʻz faoliyatida Toshkent shahar hokimligiga hisobot beradi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi boshqaruvining raisi oʻz lavozimiga koʻra Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari hisoblanadi.
4. Toshkent moliya-qurilish korporatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
uy-joy hamda ijtimoiy infrastruktura qurilishining investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
uy-joy sertifikatlarini chiqarish va sotish yoʻli bilan uy-joylar qurilishi uchun aholi mablagʻlarini jamlash (bunday sertifikatlar ularning egalariga qatʼiyan belgilangan muddatlarda shinam kvartiralarni kafolatli tarzda sotib olish huquqini beradi);
uy-joylar va ijtimoiy infrastruktura inshootlari qurilishi uchun sarmoyalarni jalb etish, jumladan koʻchmas mulk obyektlarini garovga qoʻyib shunday qurilishlarni amalga oshirish.
5. Aholining mablagʻlarini jamlash va ulardan samarali foydalanish, qurilish inshootlarini pul va kredit bilan taʼminlash hamda “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi faoliyatiga moliya-kredit xizmati koʻrsatish bilan bogʻliq boshqa vazifalarni hal qilish maqsadida:
korporatsiyaning tarkibida “Oʻzsanoatqurilishbank”ning qurilish boʻlimi negizida “Toshsotsuyjoybank” aksionerlik-tijorat banki tashkil etilsin;
“Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasiga, “Oʻzsanoatqurilishbank” aksionerlik-tijorat bankiga, “Oʻzbekinvest” Milliy sugʻurta kompaniyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Toshsotsuyjoybank” aksionerlik-tijorat bankining muassislari boʻlish tavsiya qilinsin;
Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki “Toshsotsuyjoybank” tijorat investitsiya bankini tashkil etishda “Toshkentuyjoyinvestqurilish” moliya-qurilish korporatsiyasiga yordam koʻrsatsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 8-fevraldagi 558-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddat ichida ushbu Farmonni amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 23-dekabr,
PF-1026-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 4-son, 47-modda; 2000-y., 4-son, 117-modda)