Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
HUQUQIY TARBIYANI YaXShILASh, AHOLINING HUQUQIY MADANIYATI DARAJASINI YUKSALTIRISh, HUQUQShUNOS KADRLARNI TAYYORLASh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh, JAMOATChILIK FIKRINI OʻRGANISh IShINI YaXShILASh HAQIDA
Huquqiy demokratik davlat qurilishi, qonunchilikni mustahkamlash va ijtimoiy adolat qaror topishini taʼminlash, maʼnaviy va madaniy rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi mazmun bilan boyitish, aholining huquqiy bilimi va ongini yuksaltirish, jamiyatni siyosiy faolligini oshirish, huquqshunos kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va jamoatchilik fikrini oʻrganish borasidagi ishlarni yaxshilash maqsadida:
1. Aholining huquqiy madaniyatini oshirish va huquqiy tarbiyasini yaxshilash yuzasidan olib borilayotgan ishlar — davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib belgilansin.
Respublikada huquqiy davlat qurilishi yoʻlida olib borilayotgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy islohotlar va bu borada qabul qilingan qonunlar mohiyatini aholi tomonidan chuqur anglab yetishiga har tomonlama koʻmaklashish — davlat boshqaruv, huquqni muhofaza qilish idoralari, oʻquv yurtlari hamda huquqshunos olimlarning eng dolzarb vazifalari ekanligi koʻrsatilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Kamolot” jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasidagi inson huquqlari boʻyicha va boshqa bir qator manfaatdor tashkilotlarning “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazini tuzish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 9-iyuldagi 343-son “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik Markazini koʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(2.1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-fevraldagi PF-5667-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻkotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2019-y., 06/19/5667/2648-son)
2.2. Jamoatchilik fikrini oʻrganish Markaziga “Oʻzbekistonda jamoatchilik fikri” maxsus davriy jurnalini oʻzbek, rus va ingliz tillarida nashr qilishga ruxsat berilsin.
2.3. Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Markaziga xorijdagi shu yoʻnalishda ish yurituvchi tashkilotlar bilan xalqaro aloqalarni amalga oshirish, uning soʻrovlariga muvofiq tegishli axborotlarni taqdim qilish borasida yordam koʻrsatsinlar.
2.4. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish Markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sessiyalari hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari va statistik toʻplamlari majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
3. Toshkent davlat yuridik instituti huzurida huquqiy maʼrifat targʻiboti Markazi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari adliya boshqarmalari huzurida uning mintaqaviy boʻlimlari tuzilsin.
Tuman (shahar) hokimliklari qoshida jamoatchilik asosida huquqiy maʼrifat targʻiboti Markazining boʻlimlari tashkil qilinsin.
3.1. Huquqiy maʼrifat targʻiboti Markazining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari quyidagicha belgilansin:
— mamlakatda huquqiy taʼlimni tashkil qilishga yordamlashish, aholi oʻrtasida huquqiy bilimlarni targʻibot qilish, huquqiy sohadagi taʼlim ishlarini uslubiy jihatdan taʼminlash;
— aholi turli ijtimoiy guruhlarining huquqiy madaniyatini oshirish, huquqiy tarbiya va taʼlimning zamonaviy turlarini tadbiq etish borasida tavsiyalar ishlab chiqish;
— aholining huquqiy bilimini oshirish maqsadida yangi qonunchilik va meʼyoriy huquqiy hujjatlarni davriy umumlashtirilishini amalga oshirish hamda ularni Markazning mintaqaviy boʻlimlariga yetkazish;
— huquqiy taʼlimning holatini umumlashtirish va tahlil qilib borish, ularni yaxshilash yuzasidan takliflarni ishlab chiqish;
— joylarda huquqiy targʻibot ishlarini muvofiqlashtirish.
3.2. Vazirliklar va idoralar oʻzlarining taʼlim borasidagi ishlarini huquqiy maʼrifat targʻiboti Markazi bilan muvofiqlashtirsinlar, uning soʻrovlariga koʻra leksiyalar oʻqish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun tegishli mutaxassislarni ajratib, har tomonlama koʻmak bersinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshida yuristlar malakasini oshirish Markazi tuzilsin, mazkur Markazda adliya, sud, prokuratura, advokatura, davlat boshqaruvi idoralari, mulkchilik turidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xodimlarining oʻqitilishi koʻzda tutilsin.
4.1. Quyidagilar Yuristlar malakasini oshirish Markazining asosiy vazifalari qilib belgilansin:
a) huquqshunos kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
b) huquq sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, huquqshunoslar orasida kadrlar siyosatini takomillashtirish borasida tavsiyalarni ishlab chiqish va taqdim qilish;
v) huquqshunos kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni amalga oshirish.
4.2. Yuristlar malakasini oshirish Markazi faoliyatini moliyaviy taʼminlash respublika budjetining davlat hokimiyati va boshqaruviga ajratilayotgan mablagʻlari hisobiga amalga oshirilsin.
4.3. Markazga oʻquv va tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun respublika va chet el ilmiy markazlarining koʻzga koʻringan olimlarini, tajribali amaliyotchilarni oʻrindoshlik yoki alohida shartnomalar tuzish yoʻli bilan jalb etish huquqi berilsin.
4.4. Yuristlar malakasini oshirish Markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, vazirliklar va idoralarning meʼyoriy hujjatlari va statistik toʻplamlari majburiy ravishda yuboriluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida Adliya vazirligi tizimida fuqarolarning adliya va sud idoralari xodimlarining noqonuniy harakatlari ustidan shikoyat va arizalarini koʻrib chiqadigan alohida boshqarma tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.
6. Adliya vazirligi Davlat matbuot qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralarning respublika aholisi uchun ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlarni nashr qilishni kengaytirish borasida faoliyati dasturini ishlab chiqsin (mavzuli dasturlar ham shu jumladan).
6.1. Aholiga sotiladigan huquqiy ilmiy-ommabop adabiyotlar va koʻrgazmali qoʻllanmalar qiymatining 50 foizi davlat budjeti hisobidan qoplanishi belgilansin.
6.2. Huquqiy maʼrifat targʻiboti Markazi huzurida ilmiy-ommabop huquqiy adabiyotlarni chiqarish boʻyicha idoralararo respublika muvofiqlashtiruvchi uslubiy Kengashi tuzilsin.
6.3. Mazkur Kengashga nashr qilishga tavsiya qilingan huquqiy adabiyotlarni ilmiy-ommabop adabiyotlar maqomiga kiritish huquqi berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda ushbu Farmonning bajarilishi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
25-iyun 1997-y.,
PF-1791-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 7-son, 179-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2019-y., 06/19/5667/2648-son)