|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.09.1994
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI “OʻZOZIQOVQATSANOAT” KONSERNINI OʻZBEKISTON DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 26-sentabrdagi PF-945-son “Oziq-ovqat sanoatining “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konsernini qayta tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Bozor munosabatlariga oʻtish sharoitida oziq-ovqat sanoati korxonalarining iqtisodiy mustaqilligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirishda ularning tashabbuskorligi va tadbirkorligini rivojlantirish, shuningdek respublika aholisini oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashni yanada yaxshilash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi huzuridagi oziq-ovqat sanoati “Oʻzoziqovqatsanoat” konserni tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konserni Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserniga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni:
tarmoqni ishlab chiqarish jihatidan va ilmiy-texnikaviy rivojlantirish sohasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishni, korxonalar hamda tarkibiy boʻlinmalarning moliyaviy, investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyati, jumladan vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro munosabatlar, davlat ehtiyojlari uchun topshiriqlarni bajarish, markazlashtirilgan tartibda ajratiladigan moddiy-texnika resurslari va kapital mablagʻlarni taqsimlash masalalari muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi;
barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan boshqa yuridik shaxslarni aksiyadorlik prinsiplari asosida birlashtiradi;
yuridik shaxs hisoblanadi va oʻz faoliyatini amaldagi qonunlar hamda konsernning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Ustavi asosida tashkil qiladi;
oʻzining amaliy ishida Oʻzbekiston Respublikasining Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qiladi, tarmoqni rivojlantirishga oid istiqboldagi vazifalar masalalari xususida esa oʻz faoliyatini vazirlik bilan muvofiqlashtiradi.
3. “Oʻzoziqovqatsanoat” davlat-aksionerlik konserni faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari quyidagilardan iborat qilib belgilansin:
tarmoqni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbol rejalarini, aniq maqsadga qaratilgan ilmiy-texnikaviy dasturlarini ishlab chiqish, sarmoyalar sohasida yagona strategiyani amalga oshirish;
oziq-ovqat tarmogʻi inshootlari kengaytirilishini, qayta qurilishi va texnika bilan qayta qurollantirilishini taʼminlash, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning meʼyoriy va texnologik tartib-qoidalarini ishlab chiqish;
konsernga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarning bozor munosabatlariga oʻtishida, ularni ijara, jamoa, aksionerlik hamda boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga aylantirishda yordam berish;
oziq-ovqat mahsulotlari bozorining konyunkturasini oʻrganish, firma savdosini rivojlantirish, xorijiy sheriklar bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy aloqalarni yanada rivojlantirish hamda takomillashtirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi 20 kun muddat ichida Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati “Oʻzoziqovqatsanoat”davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish hamda uning faoliyatiga oid masalalar yuzasidan qaror qabul qilib, tuzilmasi va Ustavini tasdiqlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 24-maydagi 245-son “Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati (“Oʻzoziqovqatsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish va uning faoliyati masalalari” qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 30-avgustdagi 435-sonli “Oʻzbekiston oziq-ovqat sanoati davlat-aksionerlik konserni (“Oʻzoziqovqatsanoat”)ning Ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 5-may,
PF-602-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 4-son, 182-modda)