|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.08.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON AVTOMOBIL YOʻLLARI QURISh VA FOYDALANISh DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNI (“OʻZAVTOYOʻL”) TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 19-avgustdagi PF-3292-son “Umumiy foydalaniladigan avtomobil yoʻllari qurish va ulardan foydalanishni boshqarish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish yuzasidan va respublikaning yoʻl xoʻjaligini boshqarishni yanada takomillashtirish, bozor munosabatlari shakllanib borayotgan sharoitda quyi tarkibiy boʻlinmalarga koʻproq mustaqillik berish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Avtomobil yoʻllari vazirligi tugatilsin.
Respublika yoʻl xoʻjaligi tizimidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar mehnat jamoalarining amaldagi qonunlarga muvofiq Oʻzbekiston Avtomobil yoʻllari qurish va foydalanish davlat-aksionerlik konserni (“Oʻzavtoyoʻl”) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzavtoyoʻl” konserni:
xoʻjalik uyushmasi boʻlib, avtomobil yoʻllari, koʻpriklarni hamda loyihalash, qurish, rekonstruksiyalash va foydalanish ishlarini amalga oshiruvchi davlat, davlat-aksionerlik, ijara, jamoa korxonalari va tashkilotlarini, shuningdek tarmoqni rivojlantirishdan manfaatdor boʻlgan boshqa tarmoqlarning korxona va tashkilotlarini hamda xorijiy yuridik shaxslarni ixtiyoriylik asosida birlashtiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining tugatilgan Avtomobil yoʻllari vazirligining huquqiy vorisi hisoblanib, oʻz faoliyatida amaldagi qonunlarga va konsernning Ustaviga amal qiladi.
2. “Oʻzavtoyoʻl” konserni zimmasiga quyidagi asosiy vazifalarni hal qilish yuklansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat istiqbolstat qoʻmitasi bilan birgalikda respublika xalq xoʻjaligi va aholisining yuk tashishga boʻlgan ehtiyojlarini eng koʻp darajada qondirish uchun avtomobil yoʻllarini rivojlantirish konsepsiyasi va istiqbolga moʻljallangan dasturlarini ishlab chiqish;
respublika avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish, foydalanish va takomillashtirish ishida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni oʻtkazish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini loyihalash, rekonstruksiyalash, taʼmirlash va saqlash masalalarini kompleks hal etishni taʼminlash;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari bilan bevosita shartnomalar hamda bitimlar tuzish asosida avtomobil yoʻllari, koʻpriklar va boshqa yoʻl inshootlari qurish hamda oʻzgacha turdagi pudrat ishlarini bajarish;
oʻzaro manfaatli tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xorijiy firmalar bilan qoʻshma ishlab chiqarish va korxonalarni tashkil qilish, MDH davlatlarida va chet ellarda avtomobil yoʻllari qurish.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 26-yanvar,
PF-546-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 91-modda)