Norasmiy tarjima
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Qo‘qon to‘qimachilik kombinati” DK mulki hisoblangan qurilishi tugallanmagan kompleks negizida zamonaviy to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”
Yuqori sifatli raqobatbardosh to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni yanada oshirish, jahon standartlariga mos keladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish, zamonaviy yuqori texnologiyali to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida:
1. Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan “Qo‘qon to‘qimachilik kombinati” davlat korxonasining qurilishi tugallanmagan mulk majmuasi negizida zamonaviy yuqori texnologiyali to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha xorijiy investorning aniq majburiyatlarini belgilovchi 2010-yil 30-martda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi nomidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va “Indorama Industry Pte LTD” (Singapur Respublikasi) kompaniyasi o‘rtasidagi imzolangan Investitsiya shartnomasi tasdiqlansin.
2. “Indorama Industry Pte LTD” kompaniyasi Shartnomaga asosan quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olganligini belgilansin:
“Qo‘qon to‘qimachilik kombinati” davlat korxonasining mulkiy kompleksiga 2010 — 2013-yillarda kamida 55 million AQSH dollari, shu jumladan korxonaning o‘z mablag‘lari hisobidan kamida 15 million AQSH dollari miqdorida xorijiy banklarning kredit resurslari hisobidan va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati kafolatisiz loyihalarni moliyalashtirish tamoyillari bo‘yicha — kamida 40 million AQSH dollari investitsiyalarni amalga oshirish;
2013-yil yakuni bo‘yicha yiliga 16 — 20 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash bo‘yicha loyiha quvvatiga erishgan holda, eng yangi yigiruv texnologiyasi bilan jihozlangan to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish;
loyiha quvvatiga yetgandan keyin har yili 26 — 32 million AQSH dollari miqdorida ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti;
tashkil etilayotgan ishlab chiqarish to‘liq loyiha quvvatiga ega bo‘lgandan keyin 450 — 550 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish;
O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida va Investitsiya shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shartlarning bajarilishini ta’minlash.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiya bilan hamkorlikda, xorijiy investor tomonidan Investitsiya shartnomasiga muvofiq majburiyatlarning to‘liq bajarilishini tizimli nazorat qilishni ta’minlasin.
3. Investitsiya shartnomasini amalga oshirish doirasida ta’sischilar o‘rtasida quyidagi ulushlarni taqsimlagan holda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi qo‘shma korxona tashkil etilishi belgilansin:
76% “Indorama Industry Pte LTD” ulushi bo‘lib, texnologik asbob-uskunalar va pul mablag‘lari shaklida qo‘shilgan;
24% O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining naqd pul shaklida kiritilgan ulushidir.
Belgilab qo‘yilsinki, qo‘shma korxonaning 20 million AQSH dollari ekvivalentidagi ustav kapitali belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab uch yil davomida ta’sischilar tomonidan bosqichma-bosqich shakllantiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo‘mitasi “nol” sotib olish qiymatida:
yangi tashkil etiladigan qo‘shma korxona uchun “Qo‘qon to‘qimachilik kombinatining” mol-mulk kompleksini (tugallanmagan 9-qavatli boshqaruv binosi bundan mustasno) xorijiy investor tomonidan Investitsiya shartnomasiga binoan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlari to‘liq bajarilguncha mulkni tasarruf etmaslik sharti bilan shartnoma asosida berilishi;
“O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJga tegishli, Qo‘qon shahrida Birja markazini yaratish uchun investitsiya majburiyatlari doirasida foydalanish uchun ajratilgan, tugallanmagan 9-qavatli boshqaruv binosini (tasarruf qilish huquqisiz) mulk kompleksidan chiqarib berilishi ta’minlansin.
5. Tashkil etilayotgan qo‘shma korxonaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 11-apreldagi PF-3594-sonli “To‘g‘ridan-to‘g‘ri xususiy xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni 1-bandi birinchi xatboshida nazarda tutilgan imtiyozlar tadbiq etilsin.
6. Mulk majmuasini qurish va jihozlash, shuningdek, qo‘shma korxonaning o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kirilayotgan asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar, texnologik jihozlar, butlovchi buyumlar va qurilish materiallari Investitsiya shartnomasining amal qilish muddatiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga muvofiq bojxona to‘lovlaridan ozod etilsin (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno).
7. O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiyot vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tomonidan belgilangan tartibda mazkur loyihani 2010-yil va kelgusi yillarda O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturiga kiritilishini ta’minlasin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining “Qo‘qon to‘qimachilik kombinati” DKning budjet va davlat maqsadli fondlariga to‘lovlar bo‘yicha 98,6 million so‘m qarzini va unga nisbatan hisoblangan 59,0 million so‘m jarimani 2010-yil 1-apreldagi holatga ko‘ra hisobdan chiqarish taklifi qabul qilinsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma korxona taqdimnomaga asosan mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yig‘imlarni undiruvisiz va belgilangan tartibda kirish vizalarini rasmiylashtirishni ta’minlansin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma korxona talabiga binoan belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalarning rasmiylashtirilishi, berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ko‘rsatilgan loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar uchun davlat bojini to‘lamagan holda vaqtinchalik ro‘yxatga olish va vaqtinchalik yashash joyida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tish muddatini uzaytirish ta’minlansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga, “O‘zto‘qimachiliksanoat” assotsatsiyasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma korxona taqdimnomasiga asosan mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarni O‘zbekiston Respublikasiga jalb qilish uchun ruxsatnomalar berish belgilangan tartibda ta’minlansin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 6-may,
PQ-1333-son