|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 13.05.2017
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT OʻRMON QOʻMITASINI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QIShLOQ VA SUV XOʻJALIGI VAZIRLIGI HUZURIDAGI OʻRMON XOʻJALIGI BOSh BOShQARMASIGA AYLANTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11 maydagi PF-5041-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻrmon xoʻjaligi sohasida boshqarish tuzilmasini takomillashtirish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy mustaqilligini kengaytirish va oʻrmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasiga aylantirilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi:
ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasi tasarrufiga kirgan oʻrmon xoʻjaligining barcha boʻlinmalariga rahbarlik qiladi va ularni boshqaradi;
qayta tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻrmon qoʻmitasining huquqiy vorisi hisoblanadi.
3. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
oʻrmon xoʻjaligi sohasidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini, oʻrmondan foydalanuvchilarning barchasi uchun majburiy boʻlgan oʻrmon va ovchilik xoʻjaliklarini yuritish boʻyicha meʼyoriy-texnik hujjatlarning ijrosini nazorat qilish;
oʻrmon fondini boshqarish, oʻrmonlardan foydalanish, ularni tiklash, qoʻriqlash va muhofaza qilishni tashkil etish, oʻrmon xoʻjaligi hududida qoʻriqxona va milliy bogʻlar ishini yuritish;
ekologiyani yaxshilash va suv resurslarini koʻpaytirish, qishloq xoʻjaligiga qarashli yerlarning choʻlga aylanishining oldini olish uchun oʻrmon xoʻjaligida oʻrmon boyliklarini har tomonlama kengaytirishga va ulardan oqilona foydalanishga yoʻnaltirilgan yagona texnik siyosat yuritish;
oʻrmon fondini, hayvonot va nabotot olamini hisobga olish va oʻrganish, fan yutuqlari va ilgʻor tajribani oʻrmon xoʻjaligiga joriy etish;
respublikada oʻrmonlarni tiklash va ihota oʻrmonlarini koʻpaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, togʻ yonbagʻirlari, jarliklar va tashlandiq yerlarda eroziyaga qarshi daraxtzorlar barpo etish ishlari bajarilishini tashkil qilish;
oʻrmonlarni yongʻindan, oʻzboshimchalik bilan daraxt kesishdan va boshqa oʻrmon qoidalari buzilishlaridan muhofaza qilish;
qoʻriqxona ishlarini, ovchilik xoʻjaligini yuritish, hayvonlarni qoʻriqlashni taʼminlash hamda ov qilish qoidalari, meʼyorlari va muddatlariga, ovchilik xoʻjaligini yuritish tartibiga va hayvonot olamini qoʻriqlash va undan foydalanishga doir boshqa talablarga rioya etilishini nazorat qilish;
oʻrmon xoʻjaligi korxonalari va tashkilotlarini malakali kadrlar bilan taʼminlash.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida taklif kiritsin.
5. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi faoliyatini tashkil etish masalalari boʻyicha qaror qabul qilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 12-fevraldagi 144-son Farmoni oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 7-fevral,
PF-2536-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 2-3-son, 80-modda)