|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 23.05.2017
|
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON XORIJIY MAMLAKATLAR BILAN DO‘STLIK VA MADANIY-MA’RIFIY ALOQALAR JAMIYATLARI KENGAShINI QULLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-maydagi PF-5046-sonli “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston jamoatchiligining xalqaro va xorijiy mamlakatlarning nohukumat tashkilotlari bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarini yanada rivojlantirish, axborot almashinuvini kengaytirish va xalq diplomatiyasini faollashtirish maqsadida:
1. Respublikadagi qator jamoat tashkilotlarining O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashini tuzish to‘g‘risidagi tashabbusi ma’qullansin.
2. Kengashning Ustavi belgilangan tartibda Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazilgani va ushbu Kengash o‘zini o‘zi mustaqil boshqaruvchi, mablag‘ bilan ta’minlovchi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiruvchi nohukumat birlashmasi ekanligi inobatga olinsin.
3. Quyidagi vazifalar Kengash faoliyatining asosiy yo‘nalishlari deb belgilanganligi e’tiborga olinsin:
xorijiy mamlakatlar xalqlari va chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni rivojlantirish, do‘stlikni mustahkamlash masalalarida o‘zaro foydali hamkorlik va xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish asosida do‘stlik jamiyatlari va fuqarolarning boshqa jamoat birlashmalari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek chet el jamoatchiligini O‘zbekiston xalqi tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga ko‘maklashish;
xorijiy mamlakatlar jamoatchiligida O‘zbekiston Respublikasi haqida mustaqil demokratik davlat, madaniy, ilmiy va gumanitar aloqalarda munosib faol sherik sifatida tasavvur hosil bo‘lishiga yordam berish;
BMT, YUNESKO va boshqa xalqaro hamda xorijiy mamlakatlar tashkilotlari yo‘li bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar masalalari bo‘yicha munosabatlarni rivojlantirish.
4. Kengashning maqsad va vazifalari keng qo‘llab-quvvatlashga loyiq ekanligini va demokratik o‘zgarishlar ruhiga mos kelishini e’tiborga olib, vazirliklar, idoralar, hududiy organlar Kengash faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratishda har tomonlama yordam ko‘rsatsinlar.
5. Kengash, uning huzuridagi ishlab chiqarish va tadbirkorlik tuzilmalari 2000-yilga qadar Ustav vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha barcha turdagi soliqlardan ozod qilinsin.
O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashiga Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 10 million so‘m ajratilsin.
6. Kengash Kotibiyati O‘zbekiston ko‘chasi, 49a-uyga joylashtirilsin, lozim bo‘lgan xonalar uning tasarrufiga bepul o‘tkazib berilsin.
7. Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki Kengashni tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida ro‘yxatga olsin, milliy va xorijiy valyutalarda pul muomalalarini amalga oshirishi uchun tegishli hisob raqamlarini ochsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 26-may,
PF-1785-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 4-5-son, 166-modda)