Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.07.1998
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SOVETINING
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING YER TOʻGʻRISIDAGI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston SSR konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mazkur qarorning nomidagi hamda matnidagi “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1998-yil 30-apreldagi 599-I-son “Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuni 1990-yil 1-avgustdan, Qonunning 16-moddasi 1991-yil 1-yanvardan kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining yer haqidagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuniga muvofiqlashtirib olingunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining yer haqidagi amaldagi qonun hujjatlari Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuniga zid kelmasa qoʻllanilaveradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuni mazkur qonun kuchga kiritilgandan keyin, yaʼni 1990-yil 1-avgustdan soʻng paydo boʻlgan yer xususidagi huquqiy munosabatlarga nisbatan joriy etiladi. Qonunning 16-moddasida koʻzda tutilgan huquqiy munosabatlar bundan mustasnodir. Bu huquqiy munosabatlarga nisbatan mazkur modda 1991-yil 1-yanvardan boshlab qoʻllaniladi.
1990-yil 1-avgustgacha paydo boʻlgan huquqiy munosabatlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuni shu qonun kuchga kiritilgandan keyin paydo boʻlgan huquqlarga va vazifalarga nisbatan qoʻllaniladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuni kuchga kiritilgan paytgacha moʻtabar organlar qaror qabul etmagan boʻlsa, yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun ajratib berish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar Qonunning 12-moddasida koʻrsatilgan organlar tomonidan shu Qonunda koʻzda tutilgan tartib va shartlarga rioya etilgan holda hal qilinadi.
Yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisida 1990-yil 1-avgustgacha tegishli organlar tomonidan oʻzlarining huquqlari doirasida qabul etilgan, biroq Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi qonuni kuchga kirgan paytgacha ijro qilinmagan qarorlar ushbu Qonunning talablariga muvofiq ijro etilishi lozim.
5. Belgilab qoʻyilsinki, qishloq xoʻjalik korxonalarining xodimlari boʻlmagan fuqarolar, shuningdek huquqiy shaxslar oʻzlariga 1990-yil 1-avgustgacha vaqtincha foydalanish uchun berib qoʻyilgan yer uchastkalariga ega boʻlsalar, ular yerga egalik qilish yoki yerdan foydalanish huquqlarini rasmiylashtirguncha oʻz huquqlarini saqlab qoladilar. 13-moddaning 10-bandida koʻzda tutilgan muddatni hisoblab chiqish Qonun kuchga kiritilgan paytdan boshlanadi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ministrlar Sovetiga 1990-yil 1-dekabrgacha:
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonunidan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetiga taqdim etish;
Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuniga muvofiq holga keltirish;
Oʻzbekiston Respublikasi ministrliklari, davlat komitetlari va idoralari ushbu Qonunga zid keluvchi normativ hujjatlarini qayta koʻrib chiqishi va bekor qilishini taʼminlash topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti 1991—1993-yillarda:
xalq deputatlari mahalliy Sovetlarining ixtiyoriga topshirish uchun foydalanilmayotgan va oqilona foydalanilmayotgan yerlarni aniqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi Qonuni qoidalaridan kelib chiqadigan yer munosabatlarini tartibga solish masalalari yuzasidan qonun hujjatlarini tayyorlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasining 1970-yil 25-sentabr Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yer toʻgʻrisidagi kodeksi (Oʻzbekiston SSR Oliy Sovetining Vedomostlari, 1970-yil, 27-son, 310-modda; 1977-yil, 32-son, 496-modda; 1978-yil, 16-son, 273-modda; 1980-yil, 16-son, 332-modda; 1981-yil, 16-son, 312-modda; 1988-yil, 4-son, 56-modda; 1990-yil, 6-son, 142-modda) 1990-yil 1-avgustdan eʼtiboran oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining agrar masalalar va suv xoʻjaligi, ekologiya va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalari hamda qonunchilik, qonuniylik va huquq-tartibot masalalari komissiyalariga ushbu qarorda koʻzda tutilgan tadbirlar qanday amalga oshirilayotganligini nazorat qilib turish topshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Raisi M. IBROHIMOV
Toshkent sh.,
1990-yil 20-iyun,
98-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1990-y., 16-18-son, 295-modda; 1991-y., 11-son, 273-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 83-modda)