|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 30.04.2021
|
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TAShQI IQTISODIY FAOLIYATNI YaNADA ERKINLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish jarayonini kuchaytirish, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish mexanizmini soddalashtirish, respublikaga xorijiy sarmoyalar oqimini ragʻbatlantirish va oziq-ovqat mahsulotlari importi sohasida raqobat muhitini vujudga keltirish maqsadida:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasida notarif choralardan tarif asosida tartibga solish choralari sari bosqichma-bosqich oʻtish tashqi iqtisodiy faoliyatni yanada erkinlashtirishning asosiy yoʻnalishi hisoblanadi.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi:
— Oʻzbekiston Respublikasida tashqi savdoni tarif va notarif asosida yoʻlga qoʻyish tartibini belgilovchi Hukumat qarorini bir hafta muddat ichida qabul qilib, bunda meʼyorlanadigan va litsenziyalanadigan tovarlar roʻyxati ancha qisqartirilishini koʻzda tutsin;
— tarif asosida tartibga solish choralari yuzasidan qarorlarni tezkorlik bilan qabul qilish maqsadida bojxona haqi stavkalarini koʻrib chiquvchi idoralararo komissiya tuzilsin. Komissiya zaruriyatga qarab, bojxona haqi stavkalarini oʻzgartirishga oid takliflarni Vazirlar Mahkamasining tasdiqlashi uchun taqdim etsin.
3. 1994-yil 21-yanvardagi 745-son Farmonning tovarlar importidan boj haqi olishni bekor qilishga oid 14-bandining amal qilish muddati 1995-yil 1-oktabrgacha uzaytirilsin.
4. Shu narsa belgilab qoʻyilsinki, davlat ehtiyojlari uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importini nodavlat mulkchilik shakllariga asoslangan tashqi savdo firmalari tender shartlari asosida amalga oshiradilar.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-maydagi PF-5055-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 411-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 16-iyuldagi PF-3276-sonli Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2003-y., 6-7-son, 93-modda)
5. Belgilab qoʻyilsinki, 1994-yil 21-yanvardagi 745-son Farmonning meʼyorlashga, litsenziyalashga, boj haqiga va eksport cheklashlariga taalluqli 3, 4, 5, 6-ilovalarining amal qilishi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori chiqqan paytdan boshlab oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 19-iyul,
PF-1205-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 7-8-son, 160-modda; 2003-y., 6-7-son, 93-modda; 2017-y., 22-son, 411-modda)