Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
XALQ BADIIY HUNARMANDChILIKLARI VA AMALIY SANʼATNI YANADA RIVOJLANTIRIShNI DAVLAT YOʻLI BILAN QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Milliy madaniyatni rivojlantirishda xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy sanʼatining ahamiyatini oshirish, qoʻlda ishlanadigan yuksak badiiy buyumlarni tayyorlash asriy anʼanalarini va oʻziga xos turlarini qayta tiklash hamda xalq hunarmandlariga davlat tomonidan madad koʻrsatish maqsadida:
1. Xonadon sharoitida yuksak badiiy buyumlar ishlab chiqaruvchi xalq hunarmandlariga ularni mahalliy xomashyo, materiallar, asboblar va kichik mexanizatsiya vositalari bilan taʼminlashda, koʻrgazmalar va kimoshdi savdolarini oʻtkazishda, tayyor mahsulotlarni sotish boʻyicha ixtisoslashtirilgan doʻkonlar va kioskalar tarmogʻini tashkil qilishda, yoshlarni xalq sanʼati ustalarining koʻnikmalariga oʻqitib oʻrgatish uchun zarur shart-sharoitlarni vujudga keltirishda amaliy yordam koʻrsatish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining, respublika vazirliklari va idoralarining eng muhim vazifasi deb hisoblansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, xonadon sharoitida xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy sanʼatining mazkur turlardagi buyumlarini ishlab chiqarish bilan band boʻlgan yakka tartibda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlar oʻz mahsulotining narxlarini isteʼmol bozoridagi talab va takliflardan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydilar.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 1-apreldagi PF-3983-sonli Farmoni tahririda — 2008-y., 14-15-son, 96-modda)
3. Badiiy hunarmandchilik va amaliy sanʼatning eng yaxshi namoyondalari xizmatlarini, ularning milliy madaniyatni yanada rivojlantirishga va isteʼdodli yoshlarni tayyorlashga qoʻshgan hissasini ragʻbatlantirish maqsadida “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq ustasi” unvonini taʼsis etish maqsadga muvofiq deb topilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PF-5242-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 06/17/5242/0280-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PF-5242-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 06/17/5242/0280-son)
6. Shu narsa belgilansinki, xalq hunarmandlarining Respublika “Hunarmand” uyushmasi mablagʻlari uyushmaning oʻz tadbirkorlik faoliyati, aʼzolarining badallari, homiylarning, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmish yuridik shaxslar va xalqaro tashkilotlarning mablagʻlari hisobidan shakllanadi.
Uyushmaga bir yoʻla moliyaviy yordam koʻrsatish uchun 150 mln. soʻm, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining mablagʻlari hisobidan — 50 mln. soʻm, Mehnat vazirligining ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish Jamgʻarmasi hisobidan — 50 mln. soʻm, Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan — 50 mln. soʻm ajratib berilsin.
7. “Musavvir” ilmiy-ishlab chiqarish markazi bir oy muddatda:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birga hududiy uyushmalarni tashkil etish va ularning normal ishlashi uchun zarur shart-sharoitlarni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar majmuini amalga oshirsin;
“Hunarmand” uyushmasining taʼsis konferensiyasini oʻtkazsin va uning Nizomini qabul qilsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ushbu Farmonning bajarilishini tashkil etish yuzasidan qaror tayyorlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 31-mart,
PF-1741-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 3-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 96-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2017-y., 06/17/5242/0280-son)