|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 14.01.2005
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING OLIY MAJLISI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2002-yil 12-dekabrdagi 435-II-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini amalga kiritish haqida” qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotadi.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining huquqiy maqomi
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi respublikada qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiruvchi oliy davlat vakillik organidir.
Oliy Majlis Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq oʻz vakolatiga berilgan har qanday masalani oʻz muhokamasiga qabul qilish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi bir palatali organdir.
Oliy Majlis hududiy bir mandatli saylov okruglari boʻyicha koʻp partiyalilik asosida saylanadigan 250 nafar deputatdan iborat.
Oliy Majlis faoliyatining doimiy va samarali boʻlishi uning sessiyalari, Oliy Majlis Kengashi, Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari hamda deputatlarning ishi bilan taʼminlanadi.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy Majlis sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va unga muvofiq chiqariladigan boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
(2-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolat muddati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolat muddati — besh yil.
Vakolat muddati tugagach, Oliy Majlis yangi chaqiriq Oliy Majlis ish boshlagunga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining vakolatlari jumlasiga:
1) Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
2) Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini qabul qilish hamda ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish;
Z) Vazirlar Mahkamasining taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish;
4) Oʻzbekiston Respublikasining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari organlari tizimini va vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq belgilash;
5) Oʻzbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash;
6) boj, valyuta va kredit ishlarini qonun yoʻli bilan tartibga solish;
7) maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalarini qonun yoʻli bilan tartibga solish, Oʻzbekiston Respublikasining chegaralarini oʻzgartirish;
8) Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasining budjetini qabul qilish va uning ijrosini nazorat etish, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarni joriy qilish;
9) Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga va mahalliy vakillik organlariga saylov tayinlash; Markaziy saylov komissiyasini tuzish;
10) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq vakolati tugashi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylov kunini tayinlash;
11) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisini va uning oʻrinbosarlarini saylash;
12) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini saylash;
1Z) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudini saylash;
14) Oʻzbekiston Respublikasining Oliy xoʻjalik sudini saylash;
Oldingi tahrirga qarang.
14-1) Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilini va uning oʻrinbosarini saylash;
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuniga asosan 14-1-band bilan toʻldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
15) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisini tayinlash va vazifasidan ozod etish;
16) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Bosh Vazir, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlarini, Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tayinlash va lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
17) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning oʻrinbosarlarini tayinlash va lavozimlaridan ozod etish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
18) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va lavozimidan ozod etish;
19) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklar, davlat qoʻmitalarini va davlat boshqaruvining boshqa organlarini tuzish va tugatish haqidagi farmonlarini tasdiqlash;
20) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik eʼlon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning muddatini uzaytirish va toʻxtatish toʻgʻrisidagi farmonlarini tasdiqlash;
21) xalqaro shartnomalarni va bitimlarni ratifikatsiya (tasdiqlash) va denonsatsiya (barvaqt toʻxtatish) qilish;
22) davlat mukofotlari va unvonlarini taʼsis etish;
2Z) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini va chegaralarini oʻzgartirish;
24) Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish kiradi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati
Oliy Majlis deputati oʻz saylovchilarining, shuningdek uni deputatlikka nomzod etib koʻrsatgan tegishli siyosiy partiya yoki tegishli hokimiyat vakillik organining vakili hisoblanadi.
Deputat oʻz burchlarini ijro etishda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga hamda qonun hujjatlariga amal qiladi.
Oliy Majlis deputatining vakolat muddati besh yil.
Oliy Majlis deputatining vakolatlari:
u vakolatini zimmasidan soqit qilgan;
qonunga koʻra deputatlik vakolatini bajarishiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan;
sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan;
chaqirib olingan;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan;
vafot etgan taqdirda muddatidan ilgari toʻxtatiladi.
Oliy Majlis deputatining vakolatlari qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ham muddatidan ilgari toʻxtatilishi mumkin.
Oliy Majlis deputatining huquqlari, burchlari va faoliyatining kafolatlari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.
Oliy Majlis deputatlariga belgilangan tartibda ularning deputatlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar qoplanadi. Oliy Majlisda doimiy ishlaydigan deputatlar oʻz vakolatlari davrida haq toʻlanadigan boshqa biron-bir lavozimni egallashlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari mumkin emas.
Oliy Majlis deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Oliy Majlisning, sessiyalar oraligʻidagi davrda esa — Oliy Majlis Kengashining (navbatdagi sessiyada buni deputatlar eʼtiboriga yetkazish sharti bilan) roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan maʼmuriy jazoga tortilishi mumkin emas.
II bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI IShINING TAShKILIY ShAKLI
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining sessiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ishining tashkiliy shakli sessiya hisoblanadi.
Oliy Majlis sessiyasi uning majlislarida ochiladi va yopiladi.
Oliy Majlis sessiyasi uning majlislaridan, shuningdek Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining, boshqa organlarining sessiya majlislari oraligʻidagi davrda oʻtkaziladigan majlislaridan iborat boʻladi.
Oliy Majlis sessiyalari bir yilda kamida ikki marta chaqiriladi.
7-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining majlislari
Oliy Majlisning saylovdan keyingi birinchi majlisi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovdan soʻng ikki oydan kechiktirmay chaqiriladi.
Oliy Majlis birinchi sessiyasining birinchi majlisi Markaziy saylov komissiyasining Raisi tomonidan ochiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi saylangunga qadar olib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining majlisi uning ishida jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirdagina vakolatli hisoblanadi.
Qonunlar va Oliy Majlisning boshqa qarorlari faqatgina majlislarda qabul qilinadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy Majlis va uning organlari majlisida Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti, Bosh Vazir va Vazirlar Mahkamasining aʼzolari, Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xoʻjalik sudining raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin.
(7-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
8-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining navbatdan tashqari sessiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining navbatdan tashqari sessiyasi Oliy Majlisning Raisi tomonidan uning tashabbusi bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yoxud Oliy Majlis deputatlari kamida uchdan bir qismining taklifi bilan chaqiriladi.
III bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING HUJJATLARI (AKTLARI)
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan hujjatlar qabul qilinishi
Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni, qonunlarni, qarorlar va boshqa hujjatlarni qabul qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Konstitutsiyani oʻzgartiruvchi va toʻldiruvchi qonunlar, shuningdek boshqa konstitutsiyaviy qonunlar Oliy Majlis jami deputatlarining kamida uchdan ikki qismidan iborat koʻpchiligi tomonidan qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga oʻzgartishlar hamda tuzatishlar kiritish toʻgʻrisida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda qonun qabul qilishi mumkin. Agar Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Konstitutsiyaga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisidagi taklifni rad etsa, taklif kamida bir yil oʻtgandan keyin qayta kiritilishi mumkin.
Qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlar Oliy Majlis jami deputatlarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining hujjatlarini eʼlon qilish hamda ularning kuchga kirishi
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini va Oliy Majlisning boshqa normativ hujjatlarini eʼlon qilish ularni qoʻllanishning majburiy sharti hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlisning boshqa normativ hujjatlari ular imzolanganidan keyin uzogʻi bilan bir haftalik muddat ichida eʼlon qilinadi hamda agar, hujjatlarning oʻzida boshqa qoida belgilanmagan boʻlsa, ular eʼlon qilinganidan keyin oʻn kun oʻtgach, kuchga kiradi.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi hujjatlarining ijrosini nazorat qilish
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunlarning va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi boshqa hujjatlarining ijrosini nazorat qiladi.
IV bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING RAISI VA UNING OʻRINBOSARLARI
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi
Oldingi tahrirga qarang.
Oliy Majlisning Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oliy Majlis vakolati muddatiga saylanadi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oliy Majlisning Raisi etib bir shaxsni surunkasiga ikki muddatdan ortiq saylash mumkin emas.
Oliy Majlisning Raisi deputatlarning uchdan ikki qismidan koʻprogʻi yashirin ovoz berishi orqali qabul qilingan Oliy Majlis qaroriga binoan muddatidan ilgari chaqirib olinishi mumkin.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi:
1) Oliy Majlis muhokamasiga qoʻyiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
2) Oliy Majlis sessiyalarini chaqiradi, sessiyaning kun tartibiga doir takliflarni qoʻmitalar va komissiyalarning raislari bilan birgalikda belgilangan tartibga (Oliy Majlis Reglamentiga) muvofiq tayyorlaydi;
(13-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
3) Oliy Majlis va uning Kengashi majlislarida raislik qiladi;
4) Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
5) qonunlarning va Oliy Majlis qarorlarining bajarilishini nazorat qilishni tashkil etadi;
6) parlamentlararo aloqalarni amalga oshirish ishlariga va xalqaro parlament tashkilotlari ishi bilan bogʻliq guruhlar faoliyatiga rahbarlik qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
7) Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlari, Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari raislari etib saylash uchun Oliy Majlisga nomzodlarni taqdim etadi;
(13-moddasi birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
8) qoʻmitalar va komissiyalar raislarining taqdimiga muvofiq Oliy Majlis Kengashi bilan kelishgan holda qoʻmitalar va komissiyalarning rais oʻrinbosarlari hamda kotiblarini tayinlaydi;
9) qoʻmitalar va komissiyalar raislarining taklifiga binoan qoʻmitalar va komissiyalar tarkibini oʻzgartirib, soʻngra bu oʻzgartishlarni Oliy Majlis tasdigʻiga kiritadi;
10) Oliy Majlisning matbuot organlari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi;
11) Oliy Majlis matbuot organlari nizomlarini va tahrir hayʼatlari tarkibini hamda ularning ishlashi uchun zarur xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
12) Oliy Majlisga qarashli matbuot organlari muharrirlarini Oliy Majlis Kengashi bilan kelishilgan holda tayinlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;
13) Oliy Majlis deputatlari va devonining ishlashi uchun zarur xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
14) Oliy Majlis va uning Kengashi qarorlarini imzolaydi.
Oliy Majlis Raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalarni Kengash muhokamasiga kiritishga haqlidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisining oʻrinbosarlari
Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlari Oliy Majlis deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan Oliy Majlis vakolati muddatiga saylanadilar.
Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlaridan biri Qoraqalpogʻiston vakili — Oliy Majlis deputati boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisining oʻrinbosarlari Raisning topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradilar va u yoʻqligida yoki uning oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda Raisning vazifasini bajarib turadilar.
V bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI KENGAShI, UNING TARKIBI VA VAKOLATLARI
15-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashi
Oliy Majlis ishini tashkil etish hamda ushbu Qonunda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish uchun birinchi sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining tarkibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining tarkibiga Oliy Majlis Raisi, Oliy Majlis Raisining oʻrinbosarlari, Oliy Majlis qoʻmitalarining, komissiyalarining (muvaqqatlaridan tashqari) raislari, Oliy Majlis deputatlari fraksiyalarining, bloklarining rahbarlari kiradi.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
17-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashining vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kengashi:
1) Oliy Majlis sessiyasi kun tartibiga va ish tartibiga doir takliflarni tayyorlaydi;
2) Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini hamda qonunlar va Oliy Majlisning boshqa qarorlari ijrosi toʻgʻrisidagi axborotlarni eshitadi;
3) qonun loyihalarini tayyorlash ishini rejalashtirishni uyushtiradi;
4) Oliy Majlis Raisining taklifiga binoan qonun loyihalarini va boshqa hujjatlarni dastlabki tarzda koʻrib chiqadi;
5) Oliy Majlis sessiyasida deputatlar bildirgan taklif va mulohazalarni tahlil etadi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qiladi;
Oldingi tahrirga qarang.
6) sessiyalar oraligʻidagi davrda qonun hujjatlarida belgilangan hollarda va tartibda Oliy Majlis deputatlarini javobgarlikka tortishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masalalarni qarab chiqadi;
(17-modda birinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
6-1) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi aʼzolarini, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisining oʻrinbosarlarini tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
(17-modda birinchi qismining 6—1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
7) Oliy Majlis ishi va deputatlar oʻz vakolatlarini samarali amalga oshirishlari bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni koʻrib chiqadi.
Oliy Majlis Kengashi oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qiladi, ular belgilangan tartibda eʼlon qilinadi.
VI bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISINING QOʻMITALARI VA KOMISSIYALARI
18-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qoʻmitalari va komissiyalarini saylash
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi birinchi sessiyada deputatlar orasidan oʻz vakolati muddatiga qoʻmitalar, komissiyalarni va ularning raislarini saylaydi. Qoʻmitalar va komissiyalar qonun loyihalari tayyorlash ishlarini olib borish, Oliy Majlis muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda koʻrib chiqish va tayyorlash, qonunlarning va Oliy Majlis boshqa qarorlarining ijrosini nazorat qilib turish uchun tuziladi. Qoʻmitalar va komissiyalarning roʻyxati va miqdor tarkibi Oliy Majlis tomonidan belgilanadi.
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oliy Majlis deputati, qoida tariqasida, Oliy Majlisning faqat bitta qoʻmitasi yoki komissiyasining aʼzosi etib saylanishi mumkin.
Qoʻmita yoki komissiya tarkibiga Oliy Majlis Raisi va uning oʻrinbosarlari saylanishlari mumkin emas.
Qoʻmita, komissiya tarkibiga saylanmagan deputat ular ishida maslahat ovozi bilan ishtirok etishga haqlidir.
Qoʻmitalar va komissiyalarning barcha aʼzolari teng huquqlardan foydalanadilar.
Zarurat boʻlgan hollarda Oliy Majlis yangi qoʻmitalar va komissiyalar tuzishi va saylashi, ilgari tuzilgan qoʻmitalar va komissiyalarni tugatishi va qayta tashkil etishi mumkin.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari Oliy Majlis oldida masʼul va unga hisobdordirlar.
19-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining tarkibi
Qoʻmitalar va komissiyalar Oliy Majlis tomonidan rais va boshqa aʼzolardan iborat tarkibda saylanadi. Qoʻmita, komissiyaning rais oʻrinbosari va kotibi qoʻmita, komissiya raisining taqdimiga muvofiq tegishli qoʻmita, komissiya aʼzolari orasidan Oliy Majlis Raisi tomonidan Oliy Majlis Kengashi bilan kelishilgan holda tayinlanadi.
Qoʻmita, komissiyalarning (muvaqqatlardan tashqari) raislari, rais oʻrinbosarlari va kotiblari oʻz faoliyatlarini, qoida tariqasida, doimiy asosda amalga oshiradilar.
20-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining muvaqqat komissiyalari
Oliy Majlis va uning Kengashi aniq topshiriqlarni bajarish uchun deputatlar orasidan muvaqqat komissiyalar tuzishi mumkin. Muvaqqat komissiyalar oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni bajarib boʻlganlaridan keyin yoxud Oliy Majlis yoki uning Kengashi qaroriga binoan oʻz faoliyatlarini muddatidan ilgari toʻxtatadilar.
21-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining ishini tashkil etish
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari ishni oʻz rejalariga, Oliy Majlis, uning Raisi va Oliy Majlis Kengashi topshiriqlariga hamda tavsiyalariga muvofiq tashkil etadilar.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari zaruratga qarab chaqiriladi va Oliy Majlis majlislari oʻrtasida ham, shuningdek sessiyalar oraligʻidagi davrda ham oʻtkaziladi.
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalarining majlislari, basharti ularda qoʻmita yoki komissiya tarkibining kamida yarmi hozir boʻlsa, vakolatli hisoblanadi.
Oliy Majlis qoʻmitalari, komissiyalarining majlislari, qoida tariqasida, ochiq oʻtkaziladi. Majlislarga davlat organlari va jamoat birlashmalarining, ilmiy muassasalarning vakillari, mutaxassislar va olimlar maslahat ovozi huquqi bilan, shuningdek qoʻmitalar va komissiyalarning faoliyatidan jamoatchilikni keng xabardor qilish uchun matbuot organlari, televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarining vakillari taklif etilishi mumkin.
Zarurat boʻlganda qoʻmita yoki komissiya yopiq majlis oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
23-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining vakolatlari
Oliy Majlis qoʻmitalari va komissiyalari:
1) Oliy Majlis, uning Raisi, Oliy Majlis Kengashi topshirigʻiga binoan yoki oʻz tashabbuslari bilan tasarruflaridagi masalalar boʻyicha qonunlarning va Oliy Majlis boshqa qarorlarining loyihalarini ishlab chiqadilar;
2) qonun hujjatlarini takomillashtirish bilan bogʻliq masalalarni tayyorlaydilar, Oliy Majlis sessiyasi kun tartibiga doir takliflar kiritadilar;
3) qoʻmita, komissiya ishida ishtirok etish uchun davlat organlari, jamoat birlashmalari vakillarini, mutaxassislar va olimlarni taklif etadilar;
4) qoʻmitaning yoki komissiyaning oʻzi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihalarini ham, qonun chiqarish tashabbusi tartibida tushgan qonun loyihalarini ham ilmiy ekspertizaga yuboradilar, ular yuzasidan Vazirlar Mahkamasining xulosasini, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, jamoat birlashmalari, shuningdek olimlar va mutaxassislarning fikrini soʻraydilar;
5) oʻrganib chiqish uchun oʻzlariga berilgan qonun loyihalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari yuzasidan Oliy Majlisga yoki uning Kengashiga xulosalar, takliflar va mulohazalar taqdim etadilar;
6) Oliy Majlis majlislarida oʻz tasarruflaridagi masalalar boʻyicha maʼruzalar va qoʻshimcha maʼruzalar bilan soʻzga chiqadilar;
7) Oliy Majlisning Raisi yoki Oliy Majlisning Kengashi yoʻllagan respublika budjeti loyihalarini, uning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni, shuningdek davlat strategik dasturlari loyihalarini qarab chiqadilar;
8) oʻz tasarruflaridagi masalalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga takliflar kiritadilar;
9) oʻz tasarruflaridagi masalalar boʻyicha davlat organlari va jamoat birlashmalaridan, mansabdor shaxslardan hujjatlarni, yozma xulosalarni, hisobot maʼlumotlarini va boshqa materiallarni talab qiladilar;
10) qonunlarning va respublika Oliy Majlisi boshqa qarorlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar;
11) vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlarining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlarining qonunlar, Oliy Majlisning boshqa hujjatlari, qoʻmitalar, komissiyalar tavsiyalari bajarilishi yuzasidan axborotlarini eshitadilar.
24-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitalari va komissiyalarining qarorlari
Qarab chiqilayotgan masalalar yuzasidan qoʻmita yoki komissiya tavsiya yoʻsinida qaror qabul qiladi yoxud xulosa beradi. Bir nechta qoʻmita va komissiya tomonidan qarab chiqiladigan masalalar yuzasidan qoʻshma qaror yoki xulosa qabul qilinadi.
Qoʻmita va komissiyalarda barcha masalalar qoʻmita yoki komissiya aʼzolari umumiy tarkibining oddiy koʻpchilik ovozi bilan hal etiladi.
Qoʻmitalar va komissiyalarning davlat organlariga, jamoat birlashmalariga yoʻllanadigan qarorlari ular tomonidan koʻrib chiqilishi shart, natijalar yoki koʻrilgan choralar haqida, basharti qarorda oʻzgacha qoida belgilanmagan boʻlsa, uzogʻi bilan bir oy muddat ichida xabar berilishi lozim.
VII bob. YAKUNLOVChI QOIDALAR
25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Kotibiyati
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi faoliyat koʻrsatishini taʼminlash uchun Oliy Majlis Kotibiyati tuziladi.
Kotibiyatning tuzilishi, shtatlari va ishlash tartibi Oliy Majlis Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
Kotibiyat xodimlarining mehnat munosabatlari Oliy Majlis vakolati muddatiga bogʻliq emas.
26-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xarajatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xarajatlari respublika budjetini tasdiqlash chogʻida nazarda tutiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
27-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Reglamenti
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va uning organlari faoliyati tartiboti Oliy Majlisning Reglamenti bilan belgilanadi.
(27-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-maydagi 82-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-sentabr,
2011-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 10-son, 250-modda; Oliy Majlis Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda)