|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 19.05.2020
|
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“ERKIN IQTISODIY ZONALAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 26-mayda qabul qilingan
Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2009-yil 28-avgustda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 17-fevraldagi OʻRQ-604-sonli “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2020-yil 19-maydan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan “Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi 220-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 5-6, 58-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 410-modda; 2006-yil, № 10, 536-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 2-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining erkin iqtisodiy zonalar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi”;
2) 3-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zona Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etiladi. Erkin iqtisodiy zonaning maqomi, shuningdek uning qancha muddatga tashkil etilishi mazkur zonani tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror bilan belgilanadi.
Erkin iqtisodiy zonaning chegaralari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Erkin iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatish muddatini uzaytirish belgilangan muddat tugashidan kamida uch yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi”;
3) 4-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zonaning maqomi:
uni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda belgilangan muddat tugaganidan keyin;
uni tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorda nazarda tutilgan vazifalar bajarilmaganda va maqsadlarga erishilmaganda tugatiladi.
Erkin iqtisodiy zonaning maqomini tugatish toʻgʻrisidagi qaror belgilangan muddat tugashidan kamida uch yil oldin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi”;
4) 7-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin ishlab chiqarish zonalari eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish zonalarini, agropolislarni, tadbirkorlik zonalarini, industrial-iqtisodiy zonalarni va boshqa zonalarni oʻz ichiga oladi”;
5) 9-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9-modda. Yuridik va jismoniy shaxslar huquqlari hamda manfaatlarining kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi erkin iqtisodiy zona hududida faoliyat yuritayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Erkin iqtisodiy zonalarda investorlarning Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan barcha kafolatlari va imtiyozlariga rioya etilishi taʼminlanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan qoʻshimcha kafolatlar va imtiyozlar nazarda tutilishi mumkin.
Davlat organlari va boshqa organlar yoxud mansabdor shaxslarning yuridik va jismoniy shaxslar faoliyatiga asossiz aralashuvi natijasida ularga yetkazilgan zararning oʻrni, shuningdek boy berilgan foyda hamda yetkazilgan maʼnaviy ziyon sud tartibida qoplanishi yoki kompensatsiya qilinishi kerak”;
6) 10-moddaning:
birinchi qismi “Erkin iqtisodiy zona” degan soʻzlardan keyin “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
ikkinchi qismidagi “yuridik shaxslar va fuqarolar (jismoniy shaxslar)ning” degan soʻzlar “yuridik va jismoniy shaxslarning” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
7) 11-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Yuridik va jismoniy shaxslarning alohida huquqiy tartibotni buzish yoʻli bilan olgan daromadi (foydasi) qonun hujjatlariga muvofiq undirib olinadi”;
8) 12-moddaning ikkinchi qismidagi “bojxona xizmati” degan soʻzlar “bojxona organlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
9) 14-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14-modda. Soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlar
Erkin iqtisodiy zona hududidagi xoʻjalik faoliyati qatnashchilari (yuridik va jismoniy shaxslar) mamlakat investorlari va chet ellik investorlar uchun teng shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda qonun hujjatlarida belgilanadigan soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha imtiyozlardan foydalanadi”;
10) 15-moddaning ikkinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zonaga mehnat resurslarini jalb etish qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi”;
11) 17-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zonaning budjeti erkin iqtisodiy zonaning Maʼmuriy kengashi (bundan buyon matnda Maʼmuriy kengash deb yuritiladi) foydalanishi va boshqaruvida boʻlgan er, binolar va inshootlarni ijaraga berishdan, xizmatlar koʻrsatishdan keladigan tushumlardan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantiriladi”;
12) 18-moddaning:
nomidagi “iqtisodiy zonadan” degan soʻzlar “erkin iqtisodiy zonadan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
matnidagi “Nizomda” degan soʻz “qonun hujjatlarida” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
13) 19-moddaning ikkinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasining tegishli sugʻurta organlari va chet el sugʻurta kompaniyalari tomonidan” degan soʻzlar “qonun hujjatlariga muvofiq” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
14) 20-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zonaning faoliyati Maʼmuriy kengash tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Erkin iqtisodiy zona direksiyasi (bundan buyon matnda direksiya deb yuritiladi) erkin iqtisodiy zonaning operativ boshqaruv organidir”;
15) 21-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maʼmuriy kengash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tuziladi.
Maʼmuriy kengashga rais boshchilik qiladi. Erkin iqtisodiy zonaning chegaralari Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birligi (tuman, shahar, shahardagi tuman) chegarasiga toʻgʻri kelgan taqdirda, Maʼmuriy kengash raisining vazifalarini ijro etish tegishli hokim zimmasiga yuklanadi”;
16) 22-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Maʼmuriy kengash:
alohida huquqiy tartibotga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturini ishlab chiqadi;
erkin iqtisodiy zonada joylashtirish uchun investorlar tanlovini amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonaning faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha davlat boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
erkin iqtisodiy zonaga investitsiyalarni jalb etish uchun qoʻshimcha shartlar belgilaydi;
erkin iqtisodiy zonaning har yilgi budjetini koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
Maʼmuriy kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maʼmuriy kengashning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari erkin iqtisodiy zona hududidagi xoʻjalik faoliyati qatnashchilari (yuridik va jismoniy shaxslar) ijro etishi uchun majburiydir”;
17) 23-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Erkin iqtisodiy zona chegaralarida joylashgan davlat mulki obyektlari (er, suv, yer osti boyliklari va boshqa tabiiy resurslar, binolar, inshootlar) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻz vakolatlari doirasidagi qaroriga koʻra operativ boshqarish yoki xoʻjalik yuritish huquqi asosida Maʼmuriy kengashga topshirilishi mumkin.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari Maʼmuriy kengashga topshirilgan er, suv, yer osti boyliklari, boshqa tabiiy resurslar va obyektlardan oqilona foydalanilishi hamda ularning muhofaza qilinishi ustidan nazoratni taʼminlaydi”;
18) 24 va 25-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“24-modda. Erkin iqtisodiy zona direksiyasi
Direksiya yuridik shaxs boʻlib, u qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Direksiya:
alohida huquqiy tartibotning amal qilishini taʼminlaydi;
Maʼmuriy kengash tomonidan tanlab olingan investorlar majburiyatlari lozim darajada bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
erkin iqtisodiy zonani rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini taʼminlaydi;
erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyati qatnashchilarining (yuridik va jismoniy shaxslarning) roʻyxatdan oʻtkazilishini amalga oshiradi;
ekologik holatning yaxshilanishi ustidan nazoratni taʼminlaydi, shuningdek tarixiy-madaniy boyliklarning but saqlanishi uchun javobgar boʻladi.
Direksiya qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Direksiya yuridik va jismoniy shaxslarning operativ xoʻjalik, moliyaviy faoliyatiga hamda boshqa faoliyatiga aralashishga haqli emas, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
25-modda. Erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyati qatnashchilarini roʻyxatdan oʻtkazish
Erkin iqtisodiy zona hududida xoʻjalik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar direksiyada roʻyxatdan oʻtadi.
Erkin iqtisodiy zona tashkil etilishi paytida uning hududida xoʻjalik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar direksiyaga davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning koʻchirma nusxasini taqdim etadi.
Direksiya roʻyxatdan oʻtkazilgan yuridik yoki jismoniy shaxsga erkin iqtisodiy zonada roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida guvohnoma beradi va bu haqda tegishli davlat boshqaruvi organlariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xabar qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, direksiya erkin iqtisodiy zona hududida yuridik yoki jismoniy shaxsning faoliyatini tugatish hamda unga berilgan guvohnomani bekor qilish toʻgʻrisida sudga murojaat qilishga haqli”;
19) 26-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlar qayta tashkil etilgan va tugatilgan taqdirda, mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinayotgan xodimda qonun hujjatlarida belgilangan kafolatlar saqlanib qoladi”;
20) 27-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“27-modda. Nizolarni hal etish
Erkin iqtisodiy zonalar sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi”.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2009-yil 24-sentabrdagi 186 (4849)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 23-sentabr,
OʻRQ-224-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 39-son, 424-modda)