O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON AXBOROT AGENTLIGI (O‘ZTAG)NI — O‘ZBEKISTON MILLIY AXBOROT AGENTLIGI (O‘ZA)gA AYLANTIRISh TO‘G‘RISIDA
“O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalari haqida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq hamda O‘zbekiston Axborot agentligini qayta tashkil etish maqsadida:
1. O‘zbekiston Axborot agentligi (O‘zTAG) — O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA)ga aylantirilsin.
2. O‘zAagentligi O‘zbekiston Axborot agentligining to‘la huquqli vorisi deb hisoblansin hamda uning faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari:
— mustaqil O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jumhuriyat ichki va tashqi siyosati, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining faoliyati haqidagi axborot olish huquqlarini ta’minlash;
— O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy bayonotlari va axborotlarini tarqatish;
— mustaqil davlatlarning, xorijiy mamlakatlarning davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston Respublikasining ichki hamda tashqi siyosatiga doir, mintaqaga xos ijtimoiy-siyosiy va boshqa voqealar xususida axborot materiallari berish;
— O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini og‘ishmay amalga oshira borib, jumhuriyat iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy turmushidagi voqealarni haqqoniy va oshkora yoritish, respublika aholisini bir-birlariga nisbatan teng va hurmat bilan munosabatda bo‘lish, xalqlar o‘rtasida totuvlik, do‘stlik va tinchlikni mustahkamlash ruhida tarbiyalash;
— mustaqil davlatlar va xorijiy mamlakatlarda o‘zining axborot markazlarini, muxbirlar manzilgohlarini tashkil etish, xorijiy agentliklar hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan bitimlar tuzish asosida barcha turdagi axborotlarni to‘plash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yishdan iborat qilib belgilansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 5-fevral,
PF-327-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 4-son, 183-modda)