|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 16.12.2025
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BUG‘DOY, UN, GURUCH VA NON-BULKA MAHSULOTLARINI OLIB CHIQIB KETISH HOLLARI USTIDAN NAZORATNI KUCHAYTIRISH VA ULARNING OLDINI OLISHGA OID QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, respublikada ichki iste’mol bozorini oziq-ovqat mahsulotlarining muhim turlari bilan barqaror va kafolatli ta’minlashga yo‘naltirilgan shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, o‘tkazilgan tekshirishlar bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketish taqiqlanishiga qaramasdan, ularni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqib ketishga urinish hollari mavjudligini ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va uning joylardagi bo‘linmalari tomonidan olib chiqib ketish hollari ustidan nazorat va ularning oldini olish zarur darajada ta’minlanmayapti.
Bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketish ustidan nazoratni kuchaytirish va oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar eksport qilinishini rag‘batlantirish va raqobatbardoshligini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 15-dekabrdagi PF-5286-son Farmoni talablarining so‘zsiz bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirsinlar.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-fevraldagi 102-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 09/18/102/0685-son)
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari bilan birgalikda:
(2-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-sentabrdagi 748-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)
O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegaralari bo‘yicha joylashgan chegara yonidagi temir yo‘llar va avtomobil o‘tish joylari hamda aylanma yo‘llar orqali bug‘doy, un, guruch, ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketish hollarini bartaraf etish va ularning oldini olish yuzasidan qattiq tezkor chora-tadbirlar ko‘rsin;
bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida har o‘n kunda Vazirlar Mahkamasiga axborot bersin.
3. O‘zbekiston Respublikasining huquqni muhofaza qilish organlari bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketishga uringan shaxslarni qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortsinlar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini olib chiqib ketayotgan shaxslarni o‘z vaqtida qat’iy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan chora-tadbirlarga so‘zsiz rioya qilinishi ustidan prokuror nazoratini kuchaytirish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalari radio, televideniye va matbuotda respublika tashqarisiga oziq-ovqat tovarlarining muhim turlarini olib chiqib ketishga urinish hollari fosh qilinishini har tomonlama yoritsinlar hamda bug‘doy, un, guruch va ayniqsa non-bulka mahsulotlarini respublika tashqarisiga olib chiqib ketganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida aholi orasida keng tushuntirish ishlarini olib borsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-iyul,
153-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2008-y., 28-son, 271-modda; 2017-y., 28-son, 654-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 09.02.2018-y., 09/18/102/0685-son, 21.09.2018-y., 09/18/748/2024-son)