Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.01.2001
oʻzbekiston ssr oliy kengashining
Qarori
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDAGI KORXONALAR TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrimlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni eʼlon qilinishi bilanoq kuchga kiritilsin; 21-moddaning davlat korxonalariga taalluqli boʻlgan 2-bandi 1992-yil 1-yanvardan kuchga kiritilsin.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonuni “Xalq soʻzi” gazetasining 1991-yil 2-martdagi 44-sonida eʼlon qilingan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Kabineti uch oylik muddat ichida:
— Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga moslash haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi oliy Kengashiga taqdim etsin;
— Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holga keltirilsin;
— Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari qabul qilgan va “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga zid boʻlgan normativ hujjatlar vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar tomonidan qayta koʻrib chiqilishini va bekor qilinishini taʼminlasin;
— erkin sotilishi (koʻrsatilishi) man etilgan yoki cheklangan mahsulotlar, ishlar, xizmatlar, ishlab chiqarish chiqindilari turlarining roʻyxatini, shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab etiladigan xoʻjalik faoliyati turlarining roʻyxatlarini, shuningdek litsenziya faoliyat bilan shugʻullanish uchun ruxsatnoma berish va ularni bekor qilish tartibini belgilasin;
— korxonalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun boʻladigan hujjatlarning roʻyxatini belgilasin.
Tegishli qonun hujjatlari qabul qilingunga qadar bir oy muddat ichida:
— 1991-yil uchun jumhuriyat hududidagi barcha turdagi korxonalar xodimlarining mehnatiga toʻlanadigan eng kam haqni;
— bozorda yakkahokimlik qilayotgan korxonalarning mahsulotiga boʻlgan narxni boshqarish tartibini;
— korxonalarning tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shugʻullanish tartibi va shartlarini, shuningdek jumhuriyat va mahalliy budjetga valyuta ajratmalari stavkalarini;
— ittifoq, jumhuriyat, muxtor jumhuriyat, chet el huquqiy shaxslari va fuqarolarning mulki toʻla yoki ulushbay asosida qatnashadigan korxonalarni yaratish va ularning faoliyat tartibini belgilasin.
3. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiqlashtirilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining ushbu Qonunga muvofiq boʻlmagan amaldagi qonun hujjatlari qoʻllanaveradi. Ayni paytda ushbu Qonun kuchga kiritilgunga qadar qabul qilingan, faqat Qonun bilan boshqariladigan masalalar xususidagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari tegishli hujjatlar qabul qilingunga qadar amal qiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Sanoat, xalq isteʼmoli mollari, aholiga xizmat koʻrsatish va savdo qoʻmitasi “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini nazorat qilsin hamda jumhuriyatda uning qanday bajarilayotganligi haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga 1992-yilning yanvar oyida maʼlum qilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi M. IBROHIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
230-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 4-son, 79-modda, 11-son, 273-modda)