Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
MADANIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
2003-yil 6-noyabr, Qohira
(2006-yil 10-fevraldan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Misr Arab Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish va mustahkamlash zaruriyatini eʼtirof etib,
ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona aloqalar va keng hamkorlikning muhimligini anglab,
ikkala davlat oʻrtasidagi madaniy hamkorlik doʻstona aloqalar va oʻzaro hamjihatlikni ragʻbatlantirishi va chuqurlashtirishiga ishongan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzaro tenglik va hamjihatlik asosida oʻz mamlakatlarining tegishli qonuniy hujjatlari va xalqaro huquq qoidalariga rioya qilgan holda, ikkala mamlakatning tegishli muassasalari oʻrtasida madaniyat sohasida almashuv va hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz mamlakatlari madaniy hayoti, shuningdek ikkala mamlakatda uyushtiriladigan xalqaro tadbirlar boʻyicha axborot almashadilar va mazkur tadbirlarda oʻz vakillarining ishtirokini ragʻbatlantiradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala mamlakatning milliy kutubxonalari va muzeylari oʻrtasidagi hamkorlikni, shuningdek oʻzlarining umumiy manfaatlari doirasida nashrlar va mutaxassislar almashuvini ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish va saqlash, oʻrganish va tiklash sohalaridagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar hamda tegishli sohalarda nashrlar va mutaxassislar almashuvini ragʻbatlantiradilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar opera va balet, musiqa va teatr sohalarida hamkorlikning rivojlanishini ragʻbatlantiradilar, shuningdek artistlar, artistlar guruhlari, ijrochilar oʻrtasidagi oʻzaro almashuvni qoʻllab-quvvatlaydilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlikning boshqa qirralarini kitoblar, madaniyat va sanʼat sohalariga oid davriy va boshqa nashrlar bilan almashish yoʻli orqali rivojlantiradilar, hamda tegishli mamlakat hududida uning qonunchiligiga muvofiq oʻtkaziladigan xalqaro kitob yarmarkalarida oʻzaro ishtirok etishni ragʻbatlantiradilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tasviriy va amaliy-bezak sanʼati, shuningdek anʼanaviy va folklor sanʼati koʻrgazmalarini oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kinematografiya sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar hamda ikkala mamlakatda boʻlib oʻtadigan film festivallarida filmlar va delegatsiyalar almashuviga koʻmaklashadilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar madaniyat sohasidagi hamkorlikni YUNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda rivojlantiradilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarish boʻyicha ishchi dasturlar ishlab chiqilishi va madaniy ayirboshlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro maslahatlashuvlari orqali belgilanishi yuzasidan kelishib oldilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlarning mutasaddi tashkilotlari har bir mamlakatdagi oʻz sheriklari bilan tegishli sohalarda alohida dasturlar va shartnomalar ishlab chiqish huquqiga ega ekanliklari haqida kelishib oldilar.
11-modda
Mazkur Bitimning alohida moddalarini talqin qilish yoki amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan barcha kelishmovchiliklar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga oʻzaro kelishuv asosida mazkur Bitimning ajralmas qismi boʻlgan alohida bayonnomalar shaklida rasmiylashtiriladigan zarur qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritishlari mumkin.
13-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida tuzilgan boshqa xalqaro bitimlardan kelib chiqadigan Ahdlashuvchi Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
14-modda
Ushbu Bitimning maqsadlari uchun mutasaddi idoralar quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi;
Misr Arab Respublikasi tomonidan — Misr Arab Respublikasi Madaniyat va taʼlim vazirligi.
15-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan barcha ichki protseduralar bajarilganligi toʻgʻrisida soʻnggi yozma xabarnomani olgandan keyin kuchga kiradi va 5 yil muddatga tuziladi, soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni Bitimning amal qilishini toʻxtatish sanasidan olti oy ilgari yozma xabardor etmasa, keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Mazkur moddaga muvofiq ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan holda, ushbu Bitim asosida imzolangan barcha dastur va loyihalar toʻliq bajarilmaguniga qadar amal qiladi.
Qohira shahrida 2003-yil 6-noyabrda ikki asl nusxada oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha nusxalar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 1-2-son)