Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.04.1999
Oʻzbekiston respublikasi oliy kengashining
Qarori
“OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TADBIRKORLIK TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi 755-I-son “Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish xaqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
 LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 30-sentabrdagi 364-XII-son “Oʻzbekiston SSR konstitutsiyasi (asosiy qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda eʼlon qilinishi bilanoq kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, bundan buyon Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari “Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirilgunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining ushbu Qonunga zid boʻlmagan amaldagi qonun hujjatlari qoʻllanaveradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Kabinetiga quyidagi vazifalar topshirilsin:
— uch oy muddat ichida sotib olinadigan, sotiladigan hamda aksiyador jamiyatga va cheklangan darajada javobgar boʻladigan jamiyatga aylantiriladigan davlat korxonalari va tashkilotlarining mol-mulkini narxlash toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqish;
— bir oy muddat ichida “Oʻzbekiston Respublikasidagi xususiy tadbirkorlik toʻgʻrisida Nizom”ni ishlab chiqish;
— roʻyxatdan oʻtmagan tadbirkorlik tashkilotlari orttirgan daromadlarni davlat foydasiga olib qoʻyish tartibini belgilash;
— 1991-yilning 1-martiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qoʻmitalari bilan kelishilgan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi man etiladigan mansabdor shaxslarning roʻyxatini tasdiqlash;
— 1991-yilning 1-iyuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini “Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirish haqidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga kiritish;
— uch oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini “Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holga keltirish;
— Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining ushbu Qonunga zid normativ hujjatlari qayta koʻrib chiqilishi va bekor qilinishini taʼminlash,
4. Oʻzbekiston Respublikasining xalq deputatlari mahalliy Sovetlari, ularning ijroiya idoralari korxonalar, birlashmalar, tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatiga notoʻgʻri aralashishdan iborat odatni tark etsinlar, tadbirkorlik subyektlari bilan oʻz munosabatlarini amaldagi qonunlar hamda tuzilgan shartnomalar asosida qursinlar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi M. IBROHIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
208-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 4-son, 61-modda)