Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
IJARA TOʻGʻRISIDA
I BOʻLIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ijara
Ijara shartnoma asosida yerga, boshqa tabiiy resurslarga, shuningdek xoʻjalik faoliyatini va oʻzga faoliyatni mustaqil ravishda amalga oshirish uchun ijarachiga zarur boʻlgan mol-mulkka haq evaziga muddatli egalik qilish va undan foydalanishdan iboratdir.
Ijara Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida man etilmagan faoliyatning hamma sohasida mulkchilikning barcha shakl va turidagi mol-mulkiga nisbatan qoʻllanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Ijara toʻgʻrisidagi qonunchilik
Ijara munosabatlari ushbu Qonun va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Ijara munosabatlarining obyekti
Quyidagilar ijara munosabatlarining obyektlari boʻlishi mumkin, chunonchi:
korxonalar, ayrim ishlab chiqarishlar, sexlar, fermalar, boshqa boʻlinmalar, tashkilotlar;
ayrim binolar, inshootlar, uskunalar, transport vositalari, inventarlar, asboblar, boshqa moddiy boyliklar;
yer (qishloq xoʻjaligi uchun ajratilgan yerlar ijaraga faqatgina qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirish uchun beriladi) va boshqa tabiiy resurslar.
Ijaraga topshirishga yoʻl qoʻyilmaydigan korxonalar, tashkilotlarning turlari (guruhlari), mulk va tabiiy resurslarning turlari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan belgilab qoʻyiladi.
4-modda. Ijara munosabatlarining subyektlari
Ijaraga beruvchi va ijarachi ijara munosabatlarining subyektlari hisoblanadilar.
Mol-mulk egasi yoki u vakil qilgan idora, shu jumladan chet el yuridik va jismoniy shaxslari mol-mulkni ijaraga berish huquqiga ega boʻlgan ijara beruvchi hisoblanadi.
Yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan sovet va chet el yuridik shaxslari ishtirokidagi qoʻshma korxonalar, xalqaro uyushmalar va tashkilotlar, shuningdek xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar ijarachi boʻlishlari mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Chet el yuridik va jismoniy shaxslarining davlat mulkini ijaraga olishdagi ishtiroki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tartibga solinadi.
(4-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
5-modda. Ijara shartnomasi
Tomonlarning ixtiyoriyligi va toʻla teng huquqliligi asosida maʼlum muddatga tuziladigan ijara shartnomasi ijara munosabatlarining yuzaga kelishiga asos boʻladi. Bunda qishloq xoʻjaligi maqsadlarida foydalanish uchun yerni, boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish uzoq muddatga — kamida 5 yilga moʻljallangan boʻlishi kerak.
Ijara shartnomasi tanlov asosida tuzilishi mumkin.
Ijara shartnomasida:
ijaraga berilayotgan mol-mulkning tarkibi va qiymati, uni ijaraga berish tartibi;
ijara muddati;
ijara haqi shartlari va miqdori, uni toʻlash muddatlari;
ijaraga beruvchi ijarachiga berishi kerak boʻlgan mol-mulkning holati;
ijarachining mol-mulkdan foydalanish shartlari;
Oldingi tahrirga qarang.
shartnoma tugatilganidan keyin ijarachining mol-mulkni ijaraga beruvchiga qanday holatda va qay tartibda qaytarishi;
(5-modda uchinchi qismi yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
ijaraga berilgan mol-mulkni tiklash va taʼmirlash yuzasidan tomonning majburiyati;
toʻla amortizatsiyadan soʻng mol-mulk kimga qarashli boʻlish shartlari;
agar ijaraga olingan mol-mulk keyinchalik sotib olish sharti bilan topshirilayotgan boʻlsa, uni sotib olish shartlari, tartibi va muddati;
ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga berish sharti, tartibi va imkoniyati;
ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga taqdim etadigan axborotning koʻlami va axborotni berish muddatlari;
tomonlarning masʼuliyati koʻzda tutiladi.
Yerni va boshqa tabiiy resurslarni ijaraga olish shartnomasiga tabiiy obyektdan moʻljallangan maqsadga muvofiq holda oqilona foydalanish yuzasidan ijarachining majburiyatlari koʻzda tutilgan qoidalar ham kiritiladi.
Ijara shartnomasida ijaraga beruvchining noishlab chiqarish sohasiga taalluqli mol-mulk obyektlari va ularning qiymati alohida ajratib koʻrsatiladi, tomonlarning ushbu obyektlarga nisbatan majburiyatlari (ularni asrash va saqlab turish) ham aytib oʻtiladi.
Ijara shartnomasiga boshqa shartlar ham kiritilishi mumkin.
6-modda. Ijaraga olingan mulkning qiymati
Oldingi tahrirga qarang.
Ijaraga berilayotgan davlat mulkining qiymati — Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq belgilanadi.
(6-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 35-bandi.
Ijaraga berilayotgan davlatga qarashli boʻlmagan mulkning qiymatini mulkdor belgilaydi.
7-modda. Mol-mulkni ijarachiga berish
Ijaraga beruvchi ijarachiga mol-mulkni u qaysi maqsadga moʻljallagan boʻlsa, shunga mos holatda yoki shartnomada koʻzda tutilgan holatda topshirishi shart.
Ijaraga beruvchi ijaraga topshirilgan mulkdan foydalanishga xalaqit berayotgan undagi nuqsonlar uchun, shu jumladan shartnoma tuzish chogʻida aniqlanmagan nuqsonlar uchun ham javobgardir.
Agar ijaraga beruvchi ijaraga berilgan mulkni ijarachiga foydalanish uchun oʻz vaqtida bermagan boʻlsa, ijarachi undan bu mulkni talab qilib olish xamda ijroni kechiktirib yuborganligi oqibatida yetkazilgan zarar oʻrnini qoplashni talab qilishga yoxud shartnomadan voz kechib, shartnomani bajarmaganlik oqibatida oʻziga yetkazilgan zararni undirib olishga haqli.
8-modda. Ijaraga olingan mol-mulkni ikkilamchi ijaraga topshirish
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va ijara shartnomasida oʻzga shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijarachi ijaraga olingan mol-mulkni, ijaraga beruvchining ruxsati bilan ikkilamchi ijaraga topshirishga haqlidir. Bunda ijaraga oluvchi shartnomaga muvofiq ijaraga beruvchi oldida javobgar boʻlib qolaveradi.
(8-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Yer kodeksining 39-moddasi birinchi qismi 8-bandi, Oʻzbekiston Respublikasining “Qishloq xoʻjaligi kooperativi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan qishloq xoʻjalik kooperativining (shirkat xoʻjaligining) foydalanilmayotgan yerlari boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga ikkilamchi ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga uch yilgacha boʻlgan muddatga yerdan foydalanishni yangi muddatga uzaytirish huquqi bilan berilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
81-modda. Ijara obyektlari boʻyicha huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish)
Ijara munosabatlarining obyektlari boʻyicha huquq va majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari boʻyicha huquq va majburiyatlar faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkin.
Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ushbu obyekt bilan birga mazkur obyekt band etgan hamda undan foydalanish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasi ijarasiga doir huquq va majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga oʻtadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi.
Qonunda belgilangan tartibda elektron onlayn-auksion orqali qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini ijaraga olgan jismoniy va yuridik shaxslar ijaraga olingan yer uchastkalariga nisbatan huquq va majburiyatlarni boshqa shaxsga ijara muddatidan oshmagan muddatga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda ijara shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlar yangi ijaraga oluvchiga oʻtadi.
(81-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
9-modda. Ijaraga berish chogʻida mulkchilik
Mol-mulkni ijaraga berish ana shu mol-mulkka egalik qilish huquqining boshqa kishiga oʻtkazilishiga olib kelmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Basharti, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mulkdan foydalanib tayyorlangan mahsulot va olingan daromad, shuningdek ijaraga olingan mol-mulk orqasidan orttirilgan foyda (daromad) evaziga sotib olingan mol-mulk ijarachiga tegishlidir.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ijarachining ijaraga olingan yer uchastkasida oʻz mablagʻlari va qarzga olgan mablagʻlari hisobidan qurilishning umumiy qoidalariga rioya qilgan holda zarur ishlab chiqarish va noishlab chiqarish binolari, shu jumladan uy-joy qurish huquqi shartnomada koʻzda tutilgan boʻlishi kerak. Ayni paytda ijara shartnomasi tugatilgach, mazkur binolar va inshootlar kimga tegishli boʻlishi qayd etib qoʻyilishi kerak.
(9-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ijozati bilan ijarachining mablagʻlariga qurilgan, boshqa joyga koʻchirish mumkin boʻlmagan binolar va inshootlar, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga beruvchiga tegishli boʻladi. Shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilinganda ijarachi ularning qiymatini ijaraga beruvchidan qaytarib olishga haqlidir.
Ijaraga olingan hududda ijaraga beruvchining ruxsatisiz ijarachi mablagʻiga qurilgan binolar va inshootlar, basharti ularni koʻchirish mumkin boʻlmasa, ijaraga beruvchiga tegishlidir. Agar ijaraga beruvchi ularni buzib tashlashni talab qilsa, ijarachi ularni oʻz hisobidan buzib tashlashga yoki ularni buzib tashlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga majburdir.
Ijaraga olingan korxonaning mol-mulkida korxona mehnat jamoasining aʼzolari, shu mol-mulkni vujudga keltirish uchun oʻz shaxsiy mehnati bilan, shuningdek pul va boshqa mulkiy badallar bilan qoʻshadigan ulushning miqdori korxona ustavida koʻzda tutilgan shartlar va tartib asosida belgilab qoʻyiladi.
Ijaraga olingan korxona mol-mulkiga mehnat jamoasining aʼzosi qoʻshgan ulushning qiymati boʻyicha korxonaning ustaviga muvofiq qimmatli qogʻozlar berilishi mumkin. Mazkur qimmatli qogʻozlarga mehnat jamoasi ishlab chiqarishning pirovard natijalariga va korxonani rivojlantirish vazifalariga qarab belgilaydigan miqdorda dividendlar toʻlanadi. Qimmatli qogʻozlarning haqiqiy qiymati qogʻoz egalariga korxona ustavida nazarda tutilgan hollarda toʻlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Korxona ustavida u bilan mehnat munosabatlarini tugatgan mehnat jamoasi aʼzolariga dividendlar toʻlash tartibi va shartlari belgilab qoʻyiladi.
(9-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
Ijaraga olingan korxona ixtiyorida qoladigan foyda (daromad) ijaraga berilgan korxona jamoasining qaroriga muvofiq taqsimlanadi.
10-modda. Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini chiqarib tashlash
Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini chiqarib tashlash uning koʻrsatmasiga yoki tegishli sudning qaroriga binoan amalga oshirilishi mumkin.
Ijarachining hisoblaridan pul mablagʻlarini muqarrar chiqarib tashlashga faqat Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan hollardagina yoʻl qoʻyiladi.
11-modda. Ijaraga olingan mulkni yaxshilash
Ijarachi, basharti shartnomada oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijaraga olingan mol-mulk tarkibiga uning qiymatini oshiradigan oʻzgartishlarni mustaqil ravishda kiritish, mol-mulkni rekonstruksiyalash, kengaytirish, texnik jihatdan qayta qurollantirishga haqlidir.
Ijaraga olingan mol-mulk, basharti, ijaraga beruvchining ijozati bilan yaxshilangan boʻlib, ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugaganidan soʻng yoki shartnoma bekor qilingach, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlari qaytarilishini talab qilish huquqiga egadir.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlar, agar ularni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlmasa, shartnomaning amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ijaraga beruvchiga tekinga oʻtadi.
Ijaraga beruvchining ruxsatisiz amalga oshirilgan yaxshilashlarni ijaraga berilgan mol-mulkka zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa, ijaraga beruvchi ularning tannarxini toʻlashga rozi boʻlmasa, bunday holda ijarachi ularni oʻziga olishi mumkin.
12-modda. Ijara haqi
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara haqi ijara shartnomasida tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan belgilanadi, bunda davlat mulkida boʻlgan yer uchastkalari va tabiiy resurslar uchun ijara haqi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida koʻrsatilgan tartibda va doirada belgilanadi.
(12-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 28-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining XVI boʻlimi (“Yer soligʻi”).
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara haqi ijaraga olingan mol-mulkning egasiga toʻlanadi. Bunda, basharti davlat mol-mulk ijaraga berilgan boʻlsa, ijara haqi qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanishi lozim.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
Ijara haqi ijaraga olingan butun mol-mulk uchun yaxlit yoki har bir obyekt boʻyicha alohida-alohida natura, pul yoki aralash shakllarda belgilab qoʻyilishi mumkin. Ijara haqini toʻlash shartlari va muddatlari shartnomada belgilab qoʻyiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara haqi miqdori tomonlarning kelishuviga muvofiq shartnomada koʻzda tutilgan muddatlarda oʻzgartirilishi mumkin. Ijara haqining miqdori markazlashtirilgan tartibda belgilab qoʻyiladigan narx-navo, tariflar va yer soligʻi stavkalari oʻzgargan taqdirda hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa hollarda tomonlardan birining talabiga muvofiq muddatidan oldin qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
(12-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
Oldingi tahrirga qarang.
13-modda. Ijara shartnomasi shartlarini oʻzgartirish, uni bekor qilish va tugatish
(13-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara shartnomasi shartlarining oʻzgartirilishiga, uning bekor qilinishiga va tugatilishiga tomonlarning kelishuvi bilan yoʻl qoʻyiladi.
(13-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
Tomonlarning biri shartnoma shartlarini buzgan taqdirda ikkinchisining talabiga koʻra ijara shartnomasi tegishli sudning qarori bilan bekor qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1997-yil 2-maydagi “Xususiylashtirilgan turar joylarga egalik qilish, ulardan foydalanish va ularni tasarruf qilish bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyoti haqida”gi 3-son qarorining 9-bandi,
Oldingi tahrirga qarang.
Ijarachi muomalaga layoqatsiz deb topilgan taqdirda shartnoma Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda va shartlarda tugatiladi. Bu holda ijarachining oila aʼzolaridan biri ijara shartnomasi tuzishda ustun huquqqa ega boʻladi. Ijarachi sodir etgan jinoyati uchun kelgusida shartnomani bajara olishiga imkon boʻlmaydigan usulda jazolangan taqdirda ham ijara shartnomasi tugatiladi.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
14-modda. Ijara shartnomasini davom ettirish
Ijara shartnomasi muddati tugaganidan keyin ham ijarachi ijaraga olingan mulkdan amalda foydalanishni davom ettiraversa hamda ijaraga beruvchi ijara shartnomasi muddati tugaguniga qadar bunga hech qanday eʼtiroz bildirmagan va shartnomada oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, u holda shartnoma xuddi shu muddatga davom ettirilgan hisoblanadi.
Shartnoma muddati tugagach, shartnomadagi oʻz majburiyatlarini lozim darajada bajargan ijarachi shartnomani qayta tiklashda boshqa shaxslarga nisbatan ustun huquqka ega boʻladi.
15-modda. Ijarachi vafot etgan taqdirda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi
Ijarachi vafot etgan taqdirda uning merosxoʻrlaridan biri amal qilib turgan ijara shartnomasi va uning shartlari asosida oʻzini ijarachi deb eʼtirof etishni talab qilish huquqiga egadir.
Amaldagi ijara shartnomasining tuzilishiga vafot etgan ijarachining shaxsiy fazilatlari asos qilib olingan boʻlsa, u holda ijaraga beruvchi merosxoʻrni ijarachi deb eʼtirof etishdan bosh tortishga haqlidir.
16-modda. Mol-mulk boshqa mulkdorga oʻtganda ijara shartnomasi kuchining saqlanib qolishi
Oldingi tahrirga qarang.
Ijaraga olingan mulkka egalik qilish huquqi yoki Oʻzbekiston Respublikasi mulkchilik toʻgʻrisidagi qonunchiligida sanab oʻtilgan huquqlar ijaraga beruvchidan boshqa shaxsga oʻtganda ilgari tuzilgan shartnoma, basharti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa yangi mulk egasiga nisbatan ham oʻz kuchini saqlab qoladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Mulk egasi boʻlmagan yuridik shaxs qayta tashkil etilgan hollarda uning ijaraga beruvchi sifatidagi majburiyatlari va huquqlari, basharti Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, huquqiy vorislarga oʻtadi.
(16-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
17-modda. Mulkni ijaraga beruvchiga qaytarish
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara shartnomasi tugatilgach, ijarachi mulk, yer va boshqa tabiiy resurslarni shartnomada aytib oʻtilgan holatda ijaraga beruvchiga oʻz vaqtida qaytarishga majburdir.
(17-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
Agar ijarachi ijaraga olingan mulkning holatini yomonlashtirgan boʻlsa yoki uni oʻz vaqtida egasiga qaytarmasa, shuning oqibatida yetkazilgan zararni ijaraga beruvchiga toʻlashga majburdir.
18-modda. Ijaraga olingan mulkni sotib olish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijarachi ijaraga olingan mulkni ijaraga beruvchining roziligi bilan toʻla yoki qisman sotib olishi mumkin, bundan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar va boshqa tabiiy resurslar mustasno. Davlat mol-mulki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tarzda sotib olinadi.
(18-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 23-oktabrdagi OʻRQ-871-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-sonli “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-sonli “Davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori.
Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish ijarachining oʻz mablagʻlari, shu jumladan ijara sharoitida xoʻjalik faoliyatini olib borishdan kelgan daromadlar, ijarachiga qarashli mol-mulkni sotishdan tushgan pul, shuningdek kreditlar hamda amaldagi qonunchilikka zid boʻlmagan usullar bilan qoʻlga kiritilgan boshqa moliyaviy mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
(18-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ijaraga olingan mol-mulkni sotib olish uchun davlat budjeti mablagʻlaridan foydalanish mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida ijaraga olingan mulkni sotib olish cheklanadigan yoki bunga ruxsat etilmaydigan hollar koʻzda tutilishi mumkin.
19-modda. Sotib olish shartnomasi
Oldingi tahrirga qarang.
Mol-mulkni sotib olish yuzasidan tomonlarning munosabatlari qonunchilik va shartnoma bilan tartibga solinadi. Sotib olish shartnomasida:
(19-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
— sotib olinayotgan mol-mulkning tarkibi va pul (qiymat) bahosi;
— sotib olish shakllari va manbalari;
— sotib olish tartibi va muddatlari;
— sotib olishda uchinchi shaxslarning, jumladan kreditorlarning qatnashuvi;
— kafolatlar va sotib olinayotgan mol-mulkning sifati;
Oldingi tahrirga qarang.
— Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid boʻlmagan boshqa qoidalar belgilab qoʻyiladi.
(19-modda birinchi qismining yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Sotib olish shartnomasi majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun, shu jumladan shartnomani bir tomonlama oʻzgartirganlik va bekor qilganlik uchun tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida va sotib olish shartnomasida belgilab qoʻyilgan tarzda javobgar boʻladilar.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 237-moddasi va 24-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy xoʻjalik sudi Plenumining 2007-yil 15-iyundagi “Majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun mulkiy javobgarlik toʻgʻrisidagi fuqarolik qonun hujjatlarini qoʻllashning ayrim masalalari haqida”gi 163-son qarori.
Sotib olish shartnomasini tuzish va uni bajarish chogʻida kelib chiqadigan nizolar tegishli sud tomonidan koʻrib chiqiladi.
II BOʻLIM. KORXONALARNI IJARAGA OLISH
20-modda. Ijarachilar jamoasini tuzish
Korxona yoki uning tarkibiy birligi (bundan buyon korxona deb yuritiladi) mehnat jamoasi uning asosida ijara korxonasini barpo etish uchun ijarachilar jamoasini tuzishga haqlidir.
Ijarachilar jamoasi va uning boshqaruv idoralarini tuzish toʻgʻrisidagi qaror mehnat jamoasining qaror qabul qilishga vakolati boʻlgan umumiy yigʻilishi (konferensiyasi)da hozir boʻlganlarning uchdan ikki qismi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi.
21-modda. Korxonani ijaraga olish shartnomasini tuzish tartibi
Ijarachilar jamoasi ijara shartnomasi loyihasini ishlab chiqadi va uni korxonani ijaraga berish uchun vakolat olgan idoraga yuboradi. Bu idora shartnoma loyihasini olgach, oʻttiz kunlik muddat ichida uni koʻrib chiqishi va qaror qabul qilishi shart.
22-modda. Ijara korxonasining maqomi
Oldingi tahrirga qarang.
Korxona ijara shartnomasi imzolanganidan, umumiy yigʻilishda (konferensiyada) ustav tasdiqlanganidan keyin ijara korxonasi maqomiga ega boʻladi. Ijara korxonasining ustavida Davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalaridan tashqari korxonaning qarzlari boʻyicha ijara jamoasi aʼzolarining mulkiy javobgarligi koʻzda tutilishi kerak.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrdagi 922-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 329-modda)
Ijara korxonasini tashkil etish, uning faoliyati va uni tugatish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Ijara korxonasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan va korxona mulkini belgilangan tartibda qabul qilib olgandan boshlab yuridik shaxs huquqiga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(22-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 2025-yil 8-maydan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49-moddasi.
Ijaraga olingan korxonaning xoʻjalik faoliyatini ijaraga oluvchi mustaqil yuritadi. Ijara shartnomasi boʻyicha olgan majburiyatlarini bajarish doirasidan tashqarida ijarachi boshqaruvda va oʻz xoʻjalik faoliyatida batamom erkindir. Ijaraga beruvchining ijaraga olingan korxona faoliyatiga aralashishiga, rejalarni, hisobotlarni va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida hamda shartnomada koʻzda tutilmagan boshqa maʼlumotlarni oʻziga berishni talab qilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
(22-moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ijara korxonasini boshqarish “Oʻzbekiston Respublikasidagi korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga va ustavga muvofiq amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-sonli “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori.
23-modda. Korxonalarni ijaraga olishdagi huquqli vorislik
Ijara korxonasi ijaraga olingan korxonaning mulkiy huquqlari va majburiyatlariga, shu jumladan uning yer va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish huquqlariga qonuniy voris boʻlib qoladi. Bunda ijaraga beruvchi korxonaning kreditorlik qarzlarini toʻla yoki qisman toʻlashni oʻz zimmasiga olishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 2025-yil 8-maydan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 2025-yil 8-maydan chiqariladi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
Ijarachi uchun keragidan ortiqcha boʻlgan korxonalar, obyektlar va mol-mulkni ijaraga olishga majburlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 66-bobi (Vorislik toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar)
24-modda. Korxonalar va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga tanlov asosida berish
Korxonalarni va ularning mulkiy komplekslarini ijaraga olish yuzasidan tanlov tegishli mulkni ijaraga berish huquqi boʻlgan mulkdor yoki u vakolat bergan idora tomonidan eʼlon qilinadi.
Tanlovda korxonalarning, ular tarkibidagi boʻlinmalarning mehnat jamoalari, mazkur korxonada band boʻlmagan xodimlarni ham oʻz ichiga oladigan aralash jamoalar hamda boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etishi mumkin.
Boshqa shartlar bir xil boʻlgan taqdirda korxona yoki uning boʻlinmasini ijaraga olishda ularning mehnat jamoalari ustun huquqka ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 7-fevraldagi OʻRQ-1025-sonli Qonuniga asosan 25-moddaning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 8-may — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son)
26-modda. Korxona boʻlinmasining mulkini ijaraga olish asosida ijara korxonasini barpo etish
Korxonalarning ishlab chiqarishlari, sexlari, boʻlinmalari, fermalari va boshqa boʻlinmalari mulkini ijaraga olish asosida oʻsha boʻlinmaning roziligi bilan ishchilarning oʻzlari, oʻzga jamoalar, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan korxonani ijaraga berish vakolati boʻlgan idoraning qaroriga koʻra ijara korxonasi barpo etilishi mumkin.
Ijara shartnomasi mulkining bir qismini ijaraga topshirayotgan korxona bilan tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunday ijara korxonasi amaldagi qonunchilikka muvofiq roʻyxatga olinadi.
(26-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonuni.
27-modda. Xoʻjalik ichidagi ijara pudrati
Korxona oʻz boʻlinmalarining xodimlariga mol-mulkni xoʻjalik ichidagi ijara pudrati shaklida ijaraga berishi mumkin.
Korxona bilan ana shunday ijarachi jamoa oʻrtasidagi munosabatlar shartnomada belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer va boshqa tabiiy resurslarni xoʻjalik ichida ijaraga olish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va shartnoma bilan tartibga solib turiladi.
(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasiga qarang.
28-modda. Jamoat birlashmalari va tashkilotlariga qarashli mulk asosida ijara korxonalarini barpo etish
Jamoat birlashmalari, tashkilotlari oʻzlari belgilaydigan va ushbu Qonunda koʻzda tutilgan shartlar asosida oʻz korxonalarini va ularning boʻlinmalarini ijaraga berishga haqlidirlar.
III BOʻLIM. MULKNING FUQAROLAR TOMONIDAN IJARAGA OLINISHI
29-modda. Ijarachilarning yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olishdagi huquqlari
Ijarachilar yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olganda ushbu Qonunda va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida koʻzda tutilgan huquqlarga ega boʻladilar.
30-modda. Yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarni ijtimoiy sugʻurtalash va ijtimoiy taʼminlash
Yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijaraga olish sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar ishchi va xizmatchilar bilan bir qatorda ijtimoiy sugʻurta qilinishi va ijtimoiy jihatdan taʼminlanishi kerak.
Ijarachilarning sugʻurta badallari toʻlab turilgan davr mobaynidagi ishi ularning mehnat stajiga qoʻshiladi.
IV BOʻLIM. NIZOLARNI HAL QILISH, IJARA MUNOSABATLARI, SUBYEKTLARINING JAVOBGARLIGI
31-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Ijara shartnomasini tuzish, bajarish va tugatish masalalari yuzasidan ijarachilar bilan ijaraga beruvchilar oʻrtasidagi nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda tegishli sud tomonidan hal etiladi, bunda davlat aktivlarini ijaraga berish boʻyicha tuzilgan shartnomalar doirasida yuzaga keladigan nizolar va daʼvolarga nisbatan mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilishi mumkin.
(31-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 17-martdagi OʻRQ-1122-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)
32-modda. Ijara munosabatlari subyektlarining javobgarligi
Quyidagi hollarda:
Shartnoma tuzish tartibi va shartlarini buzishda;
Shartnoma majburiyatlarini bajarmaslikda;
Shartnomani bir tomonlama oʻzgartirishda yoki bekor qilishda;
Oldingi tahrirga qarang.
Shartnomani oʻzgartirish va tugatish tartibi hamda shartlarini buzishda aybdor boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar, davlat idoralarining mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
(32-modda birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 18-martdagi OʻRQ-922-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1591-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida ijara toʻgʻrisidagi qonunchilikni oʻzgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik koʻzda tutilishi mumkin.
(32-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1591-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlari yetkazgan zararni, shu jumladan boy berilgan foydani Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda jabrlanuvchiga toʻlashlari shart.
(32-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1591-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijarachi ijaraga olingan korxonaning qarzlari boʻyicha:
oʻz mol-mulki bilan (davlat mulkiga asoslangan ijara korxonalari uchun);
Oldingi tahrirga qarang.
oʻz mol-mulki hamda ijarachi jamoa aʼzolarining shaxsiy mol-mulki bilan (jamoa mulkiga, xususiy mulkka asoslangan ijara korxonalari uchun, shuningdek yakka tartibda yoki guruh boʻlib ijara sharoitida mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslar uchun), ular yetarli boʻlmagan taqdirda esa — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilanadigan tartibda va hajmlarda javobgar boʻladi.
(32-modda toʻrtinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 19-noyabr,
427-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-y., 1-son, 45-modda; 1993-y., 9-son, 329-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-y., 5-6-son, 153-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 25.10.2023-y., 03/23/871/0797-son; 19.03.2024-y., 03/24/922/0224-son; 07.02.2025-y., 03/25/1025/0116-son; 17.03.2026-y., 03/26/1122/0250-son)