Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 26.10.2024
O‘zbekiston Respublikasining Qonuni
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekistan Respublikasining 2024-yil 25-oktabrdagi O‘RQ-982-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustdagi 524-II-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Vazirlar Mahkamasi — O‘zbekiston Respublikasining Hukumati
Vazirlar Mahkamasi — O‘zbekiston Respublikasining Hukumati — iqtisodiyot, ijtimoiy va ma’naviy sohalarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga, qonunlar ijro etilishiga, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari bajarilishiga rahbarlikni ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasining ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasi davlat boshqaruvi organlari tizimiga va o‘zi tashkil etadigan xo‘jalik boshqaruvi organlariga boshchilik qiladi, ularning hamjihatlik bilan faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga oid bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va mazkur Qonunga muvofiq o‘zining vakolatiga kiruvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvining barcha masalalarini hal etishga haqlidir.
Vazirlar Mahkamasi qonunchilik tashabbusi huquqiga ega.
2-modda. Vazirlar Mahkamasi faoliyatining asosiy prinsiplari
Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatida kollegiallik, demokratiya va qonuniylik, O‘zbekiston Respublikasida yashovchi barcha millatlar va elatlarning manfaatlarini hisobga olish prinsiplariga asoslanadi.
3-modda. Vazirlar Mahkamasining jamoat birlashmalari bilan o‘zaro munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha jamoat birlashmalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq ularga zarur yordam ko‘rsatadi.
II. VAZIRLAR MAHKAMASINING TARKIBI VA UNI TUZISH
4-modda. Vazirlar Mahkamasi tarkibi va uni tuzish tartibi
Vazirlar Mahkamasi tarkibiga Bosh vazir, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi vazirlari, davlat qo‘mitalarining raislari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining rahbarlari kiradilar.
Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, Vazirlar Mahkamasining a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar, keyinchalik bu masala Oliy Majlis tasdig‘iga kiritiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi lavozimi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.
5-modda. Vazirlar Mahkamasining Raisi
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasining Raisi hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining Raisi O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyatiga rahbarlik qiladi hamda uning o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirishi uchun chora-tadbirlar ko‘radi.
III. VAZIRLAR MAHKAMASINING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI VA DAVLAT HOKIMIYATINING BOSHQA ORGANLARI BILAN MUNOSABATLARI
6-modda. Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi bilan munosabatlari
Yangi tuzilgan Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisga ko‘rib chiqish uchun o‘z vakolatlari davridagi faoliyati dasturini taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini, O‘zbekiston Respublikasi budjetining asosiy ko‘rsatkichlarini va unga kiritiladigan o‘zgarishlarni ishlab chiqadi hamda Oliy Majlisning tasdig‘iga taqdim etadi.
Vazirlar Mahkamasi o‘z ishi to‘g‘risida Oliy Majlis oldida hisob berib turadi.
Oliy Majlis Vazirlar Mahkamasi alohida a’zosining o‘zi rahbarlik qilayotgan davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyati masalasi yuzasidan hisobotini eshitishi hamda zarur bo‘lganda uning iste’foga chiqishi to‘g‘risida Prezident ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining a’zolari Oliy Majlis yig‘ilishlarida, uning qo‘mitalari va komissiyalari yig‘ilishlarida qatnashish va axborot berish huquqiga egadirlar.
Oliy Majlisning deputatlari Vazirlar Mahkamasi yoki uning alohida a’zolari faoliyatiga taalluqli masalani qo‘ygan taqdirda, Bosh vazir shu masalalar yuzasidan zarur tushuntirish, izohlarni olish va berish huquqiga egadir.
Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qo‘mitalari va komissiyalarining O‘zbekiston Respublikasi Hukumati faoliyati masalalariga doir tavsiyalari va takliflarini ko‘rib chiqadi va ular yuzasidan chora-tadbirlar ko‘radi. Tavsiyalar va takliflarni ko‘rib chiqish natijalari haqida hamda ko‘rilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlisning tegishli qo‘mitalari va komissiyalariga ular bilan kelishilgan muddatlarda axborot beradi.
7-modda. Oliy Majlis deputatlari, qo‘mitalari va komissiyalarining so‘rovlariga javoblar
Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumati a’zosiga Oliy Majlis majlisida deputatlar, deputatlar guruhi, Oliy Majlis qo‘mitalari va komissiyalari O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki unga bo‘ysunuvchi davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatiga doir so‘rov bilan murojaat qilganlarida, ular O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi majlislarida uch kundan kech bo‘lmagan muddatda og‘zaki yoki yozma javob berishga majburdirlar.
8-modda. Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan o‘zaro hamkorlik qiladi, uning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlisning boshqa qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilish masalalari bo‘yicha boshqa aktlarning qanday bajarilayotganligi haqidagi axborotlarini eshitadi;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini ko‘rib chiqadi;
tarmoqlararo va mintaqaviy eng muhim kompleks dasturlarni amalga oshirishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi huquqlariga rioya etilishini ta’minlaydi, bunda kelib chiqadigan nizoli masalalarni hal etadi;
o‘z vakolati doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlarining ijro etilishini to‘xtatib qo‘yish huquqiga egadir.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasini iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va milliy rivojlantirishga, uning milliy boyliklaridan oqilona foydalanishga taalluqli masalalar hal etilayotganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining fikri hisobga olinadi.
Vazirlar Mahkamasi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Doimiy vakolatxonasi bo‘ladi.
9-modda. Vazirlar Mahkamasining mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan munosabatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolati doirasida:
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirishni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining Vazirlar Mahkamasi tomonidan hal etilishini talab kiladigan masalalar bo‘yicha takliflarini ko‘rib chiqadi, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining bajarilishini nazorat qiladi, ularni bajarish yuzasidan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarini taklif etish va ularning axborotini tinglashga haqlidir;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi, bundan kelib chiqadigan nizoli masalalarni hal etadi;
hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi, joylardagi ijro etuvchi hokimiyat apparatining soni va namunaviy tuzilmasini belgilaydi;
viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan qarorlari va farmoyishlarini to‘xtatib qo‘yish va bekor qilishga haqlidir.
IV. VAZIRLAR MAHKAMACINING ASOSIY VAKOLATLARI
10-modda. Vazirlar Mahkamasining iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy rivojlantirish sohasidagi asosiy vakolatlari
Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:
iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy jarayonlarni boshqaradi: mulkchilikning barcha shakllarini uyg‘unlashtirish va ularning tengligi, iqtisodiyotni monopoliyalashtirishdan chiqarish, bozor iqtisodiyotining huquqiy mexanizmini ro‘yobga chiqarish asosida erkin tadbirkorlik uchun shart-sharoitlar yaratadi;
xo‘jalik yuritishning yangi shakllari — konsernlar, konsorsiumlar, tarmoqlararo birlashmalar, turli uyushmalar va boshqa ana shunday tashkilotlarni barpo etishga va mustahkamlashga ko‘maklashadi, xalq xo‘jaligi va aholi talablarini qondirish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ular faoliyatini yo‘naltiradi va muvofiqlashtiradi;
O‘zbekiston Respublikasida pul va kredit tizimini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi, yagona narx siyosatini o‘tkazish, mehnatga haq to‘lash miqdorining belgilangan kafolatlarini va ijtimoiy ta’minot darajasini ta’minlash chora-tadbirlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
respublika budjetini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish istiqbollarini va eng muhim dasturlarini ishlab chiqishni va ularning ijrosini tashkil etadi;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish, O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari, idoralari, davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi takliflarni ishlab chiqadi;
fan va texnikani rivojlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;
fuqarolarni ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, ularning mehnat qilish huquqini ta’minlash chora-tadbirlarini ko‘radi, ijtimoiy ta’minot tizimini takomillashtiradi;
sog‘liqni saqlash, xalq ta’limini rivojlantirish va takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, madaniyatni rivojlantirishga ko‘maklashadi;
O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligini va mudofaa qudratini oshirish, davlat chegaralarini qo‘riqlashni ta’minlash, davlat manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning huquqlari va erkinligini ta’minlash va himoya qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi;
davlat boshqaruv organlarining tabiatni muhofaza qilish tadbirlarini birgalikda o‘tkazish hamda respublika va xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan yirik ekologik dasturlarni amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi, katta avariyalar va falokatlarning, shuningdek, tabiiy ofatlarning oqibatlarini tugatish chora-tadbirlarini ko‘radi;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardagi vakilligini ta’minlaydi, hukumatlararo shartnoma va bitimlar tuzadi, ularni bajarish chora-tadbirlarini ko‘radi;
tashqi iqtisodiy faoliyat, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik sohasida rahbarlikni amalga oshiradi.
11-modda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga rahbarlikning umumiy masalalari
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari haqidagi nizomlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat budjetida bo‘lgan davlat boshqaruvi boshqa organlarining markaziy apparati xodimlarining sonini va ularga sarflanadigan mablag‘lar miqdorini belgilaydi.
Vazirlar Mahkamasi vazirlarning o‘rinbosarlarini, davlat qo‘mitalari raislarining o‘rinbosarlarini, bosh boshqarmalar hamda davlat boshqaruvi boshqa organlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod etadi.
Vazirlar Mahkamasi xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarini va vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hay’atlari a’zolarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tashkil etiladigan xo‘jalik boshqaruvi organlari boshqaruvlari a’zolarini tasdiqlaydi.
Vazirlar Mahkamasi zaruriyat bo‘lganda davlat boshqaruvining o‘z vakolatiga kiruvchi ayrim masalalari hal etilishini, agar bu masalalarning hal etilishi qonunchilik bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining mutlaq vakolatiga kiritilmagan bo‘lsa, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va davlat boshqaruvining o‘ziga bo‘ysunuvchi boshqa organlariga berishi mumkin.
12-modda. Vazirlar Mahkamasining vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyati ustidan nazorati
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi boshqa organlarining aktlari amaldagi qonun hujjatlariga zid bo‘lgan hollarda ularni bekor qilish huquqiga egadir.
V. VAZIRLAR MAHKAMASI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH VA UNING TARTIBI
13-modda. Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislaridagina qaror qabul qilinadigan masalalar
Vazirlar Mahkamasi majlislarida davlat boshqaruvi, xo‘jalik va ijtimoiy-madaniy qurilishning eng muhim masalalari hal etiladi.
Faqat Vazirlar Mahkamasi majlislarida quyidagilar ko‘rib chiqiladi:
O‘zbekiston Respublikasi budjetini tayyorlash va ijro etish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ixtiyoridagi budjetdan tashqari davlat jamg‘armalarini shakllantirish va ulardan foydalanish masalalari;
boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish masalalari, O‘zbekiston Respublikasini va uning ayrim mintaqalarini iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy rivojlantirish dasturlari loyihalari;
davlatning qimmatbaho qog‘ozlarini chiqarish hajmi hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat ichki va tashqi qarzi ko‘lamlari to‘g‘risidagi takliflar;
soliq va davlat bojlarining stavkalarini belgilash va o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflar;
davlat mulki obyektlarini xususiylashtirish dasturlarining loyihalari va xususiylashtirishdan olingan mablag‘lardan foydalanishning asosiy yunalishlari to‘g‘risidagi takliflar;
belgilab qo‘yilgan davlat narxlari qo‘llaniladigan mahsulotlar, tovarlar va xizmatlar ro‘yxati;
qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlisga kiritiladigan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari loyihalari;
davlatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolash to‘g‘risida takliflar.
14-modda. Vazirlar Mahkamasining majlislarini o‘tkazish tartibi
Vazirlar Mahkamasining majlislari yilning har choragida kamida bir marta o‘tkaziladi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga binoan Bosh vazir o‘tkazadi.
Vazirlar Mahkamasining majlislarini tayyorlash va o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun 1999-yil 2-fevraldagi 47-son O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ish tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
15-modda. Bosh vazir
Bosh vazir Vazirlar Mahkamasining ishini tashkil etadi.
Bosh vazir:
Bosh Vazirning o‘rinbosarlari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi, keyinchalik bu masala Vazirlar Mahkamasining Raisi tomonidan tasdiqlanadi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan ish ko‘radi hamda hukumatlararo shartnomalar va bitimlarni imzolaydi;
Vazirlar Mahkamasining majlisida ko‘rib chiqish talab etilmaydigan davlat va xo‘jalik boshqaruvi masalalari bo‘yicha qarorlar qabul qiladi;
Vazirlar Mahkamasi Raisining topshirig‘i bo‘yicha boshqa masalalarni ham hal etadi.
Bosh vazir bo‘lmagan hollarda uning vazifalarini birinchi o‘rinbosar bajaradi.
16-modda. Bosh vazirning o‘rinbosarlari
Bosh vazirning o‘rinbosarlari vazifalar taqsimotiga muvofiq o‘zlari rahbarlik qiladigan tarmoqlardagi ishlarning ahvoli uchun javob beradilar, ular tegishli vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvining boshqa organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni, ularning ishini nazorat qilishni amalga oshiradilar va ularga topshiriq beradilar, Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan takliflarni hamda qaror va farmoyishlar loyihalarini dastlabki tarzda ko‘rib chiqadilar.
17-modda. Vazirlar Mahkamasining a’zolari
Vazirlar Mahkamasining a’zolari:
o‘zlariga topshirilgan faoliyat sohasi uchun javob beradilar;
Vazirlar Mahkamasi majlislarida masalalarni ko‘rib chiqishda ishtirok etadilar;
Vazirlar Mahkamasining vakolatiga kiruvchi masalalarni ko‘rib chiqish haqida takliflar kiritishlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlarini ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatishlari mumkin;
korxonalarda, muassasalarda va tashkilotlarda boshqa pul to‘lanadigan lavozimni egallash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega emaslar.
18-modda. Vazirlar Mahkamasining Rayosati
Vazirlar Mahkamasining doimiy organi sifatida Bosh vazir va uning o‘rinbosarlaridan iborat tarkibdagi Vazirlar Mahkamasining Rayosati faoliyat ko‘rsatadi. Vazirlar Mahkamasi Raisining qaroriga binoan Vazirlar Mahkamasi Rayosatining tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining boshqa a’zolari ham kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasi Rayosatining hujjatlari qarorlar, farmoyishlar va bayon qarorlar shaklida chiqariladi.
19-modda. Vazirlar Mahkamasining doimiy, vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari
Vazirlar Mahkamasi doimiy komissiyalarni tuzadi va ularning vazifalari, vakolatlari hamda faoliyat tartibini belgilaydi.
Davlat va xo‘jalik boshqaruvining alohida masalalari bo‘yicha takliflar tayyorlash, Vazirlar Mahkamasining qarori loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining alohida topshiriqlarini bajarish uchun Vazirlar Mahkamasining vaqtinchalik komissiyalari va boshqa ishchi organlari tuzilishi mumkin.
20-modda. Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari
Vazirlar Mahkamasi amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining butun hududida barcha organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi yoki juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari shaklida chiqariladi.
Shoshilinch va boshqa joriy masalalar bo‘yicha hujjatlar Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari shaklida chiqariladi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari Vazirlar Mahkamasining Raisi yoki uning topshirig‘iga binoan Bosh vazir tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari Vazirlar Mahkamasining Raisi, Bosh vazir yoki uning birinchi o‘rinbosari tomonidan imzolanadi.
Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, agar ularda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
Vazirlar Mahkamasi o‘zi qabul qilgan qarorlarning bajarilishi ustidan bevosita yoki vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari orqali nazoratni amalga oshiradi.
Vazirlar Mahkamasining normativ tusdagi qarorlari O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari to‘plamida e’lon qilinadi, keng ommaga darhol yetkazish zarur bo‘lgan taqdirda esa — ommaviy axborot vositalari orqali ma’lum qilinadi.
21-modda. Vazirlar Mahkamasining apparati
Vazirlar Mahkamasi va uning Rayosati majlislarini tayyorlash, tegishli qarorlar loyihalarini, tahliliy, axborot va boshqa materiallarni tayyorlash, Vazirlar Mahkamasi qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda tekshirib borish uchun Vazirlar Mahkamasining apparati faoliyat ko‘rsatadi.
Vazirlar Mahkamasining apparati va uning bo‘limlari to‘g‘risidagi nizom Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining apparati asosiy tarkibiy bo‘linmalarining rahbarlari Bosh vazirning taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasining Raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Tashkent sh.,
1993-yil 6-may ,
818-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 202-modda)