Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyati va miqdorlari
Sobiq ayolim xorijda. Ikki nafar farzandimni ta’minoti uchun sobiq ayolimdan aliment olsam bo‘ladimi? Alimentni faqat erkaklar to‘laydimi?
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart!
Oila kodeksiga ko‘ra, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota yoki onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.
Ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o‘n to‘rt yoshga to‘lgan bola bir vaqtning o‘zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli.
Bolalarga ta’minot berishda ota-ona majburiyatlarining tengligi.
Voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash tartibi.
Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibini o‘zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment to‘lash tartibi va shakli haqida ota-ona o‘rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo‘lmasligi kerak.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori
Agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi;
ikki bola uchun — uchdan bir qismi;
uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.
Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi belgilangan.