XALQ DEPUTATLARI BUXORO SHAHAR KENGASHINING
Qarori
Buxoro shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni, “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Soliq Kodeksining 412, 420, 422, 429 va 437-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 3-dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk soligʻini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6121-son, 2024-yil 20-dekabrdagi “Hududlarda yuqori iqtisodiy oʻsish va aholi bandligini taʼminlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish hamda bu borada mahalliy hokimliklarning roli va masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-223-son Farmonlari hamda Xalq deputatlari Buxoro viloyat kengashining 2025-yil 30-dekabrdagi “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-113-2-0-K/25-sonli qaroriga asosan Buxoro shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni tasdiqlash maqsadida Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi qaror qiladi:
1. Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashining 2025-yil 30- dekabrdagi “Buxoro viloyati boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan ayrim soliqlarga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar hamda mutlaq miqdor summalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi VII-21-113-2-0-K/25 Qaroriga asosan Buxoro shahar boʻyicha yuridik shaxslarning qishloq xoʻjaligida moʻljallanmagan yerlari bazaviy soliq stavkasi 1 gektar uchun miqdori 79 288 000 soʻm hamda jismoniy shaxslarga 1 kv.m uchun bazaviy soliq stavkasining miqdori 645 soʻm belgilanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Shahar iqtisodiyot va moliya boʻlimi (Sh.Karimov) hamda shahar soliq inspeksiyasi (A.Gʻafurov)ning mahalla fuqarolar yigʻinlarining iqtisodiy rivojlanganlik darajasi hamda kelgusi yil uchun belgilangan shahar mahalliy budjet prognozidan kelib chiqib, yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda kamaytiriluvchi va oshiriluvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash yuzasidan takliflari inobatga olinsin.
3. Mahalliy soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning stavkalarini aniqlash uchun qonunchilikda belgilangan miqdorlar doirasida:
jismoniy shaxslar boʻyicha (dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallagan yerlardan tashqari) 2026-yilda Buxoro shahar uchun 1 kv.m. yerga belgilangan bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 1- ilovaga;
qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallanmagan yerlarning 1 gektariga yuridik shaxslar boʻyicha 2026-yilda Buxoro shahar uchun belgilangan yer soligʻining bazaviy soliq stavkalariga qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdorlari mahallalar kesimida 2- ilovaga;
2026-yil Buxoro shahri uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 3-ilovaga;
2026-yil Buxoro shahri uchun yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha Soliq kodeksi bilan oʻrnatiladigan soliq stavkalariga nisbatan qoʻllaniladigan koeffitsiyentlar miqdori 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Xalq deputatlari shahar Kengashining 2024-yil 27-dekabrdagi VII-3-012-2-42-K/24-sonli qarori 2026-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Shahar hokimligi ushbu qaror bilan maʼqullangan Buxoro shahar boʻyicha 2026-yilda yuridik va jismoniy shaxslardan undiriladigan yer soliqlarini hisoblab chiqarishda qoʻllaniladigan koeffitsiyentlarni ommaviy axborot vositalarida va shahar hokimligining rasmiy vebsaytida eʼlon qilsin.
6. Xalq deputatlari shahar Kengashining mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar boʻyicha doimiy komissiyasi (B.Maʼmurov) zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror 2026 yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Kengash raisi Q. I. TURSUNOV
Buxoro viloyati, Buxoro sh.,
2025-yil 30-dekabr,
VII-15-104-2-42-K/25-son
Hujjatni ilovasi bilan PDF shaklida tanishish mumkin.