от 22.05.1995 г. №
Соглашение между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Исламской Республики Пакистан
Дата вступления в силу
22.05.1995
Соглашение
между Правительством Республики Узбекистан и Правительством Исламской Республики Пакистан
О сотрудничестве в области туризма
Ташкент, 22 мая 1995 года
(Вступило в силу 22 мая 1995 года)
(подписи)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi hukumati oʻrtasida
Bitim
Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
1995-yil 22-may, Toshkent
(1995-yil 22-maydan kuchga kirgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
1992-yil 27-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati oʻrtasida imzolangan madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, texnika, kadrlar tayyorlash, turizm, sport va ommaviy axborot sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni eʼtiborga olgan holda,
oʻzaro tenglik va manfaatdorlik asosida har ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasini rivojlantirishga intilib,
ushbu sohada ikki yoqlama asosda hamkorlikni istagan holda,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sayyohlarning har ikki mamlakatga tashriflarini ragʻbatlantirish uchun tegishli qulay sharoitlarni kengaytirish yoʻli bilan turizmni ikki yoqlama asosda rivojlantiradilar.
2-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki mamlakatda turizm faoliyatini amalga oshirayotgan firmalar va tashkilotlar oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yoʻli bilan oʻzaro sayyohlar oqimini koʻpaytirishga koʻmaklashadilar. Ular umumiy va ikki yoqlama asoslarda turizmga oid nashrlarni va reklama materiallarini, shu jumladan, kino va televideniyedan foydalanib, ayniqsa, filmlar va audio-vizual materiallarni tarqatishni ragʻbatlantiradilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining elchixonalari orqali turizm sohasiga doir maʼlumotlarni tarqatish maqsadida oʻzaro tegishli sharoitlarni taʼminlaydilar va buning uchun maʼlumotlar, koʻrgazmalar hamda mutaxassislarning delegatsiyalari bilan oʻzaro ayirboshlashga koʻmaklashadilar.
4-modda
Turizmni rivojlantirishni koʻzda tutadigan turistik koʻrgazmalar va filmlarni oʻz ichiga olgan reklama materiallari Ahdlashuvchi Tomonlardan biri imzolagan turistik reklama hujjatlar va materiallarni olib kirishga doir turizm boʻyicha bojxona imtiyozlari toʻgʻrisidagi Konvensiyaning qoʻshimcha Protokoliga muvofiq bojxona soliqlari va importga solinadigan boshqa soliqlardan ozod qilinadi.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki mamlakatda turizmni rivojlantirishning asosiy omili hisoblanadigan mehmonxonalar va boshqa turizm muassasalarini qurish, taʼsis etish hamda ulardan foydalanish sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlarini oʻrganadilar. Har ikkala mamlakatning hukumatlari oʻzlarining tegishli moliyaviy qonunlari doirasida qulay sharoitlarni yaratib berish bilan shu sohadagi oʻzaro hamkorlikni ragʻbatlantiradi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar turizm sohasida sarmoya qoʻyish boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilishning imkoniyatlarini oʻrganadilar va bu maqsadda mutaxassislar bilan ayirboshlashni amalga oshiradilar hamda qoʻyilishi mumkin boʻlgan sarmoyalarni ragʻbatlantiruvchi materiallarni reklama bilan taʼminlaydilar, shuningdek ikkala mamlakatdagi mavjud turizm imkoniyatlarini reklama qiladilar.
Ahdlashuvchi Tomonlar qoʻshma korxonalar tuzish va turizm sohasida boshqa sarmoya qoʻyish loyihalarini amalga oshirishda va vakolatli mahkamalarga manfaatdor tashkilotlarga koʻmaklashadilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro turizm sohasida oʻzaro hamkorlik qilish, jumladan, xalqaro turistik tashkilotlar ishida qatnashish xususida fikr almashib turadilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli mahkamalar va manfaatdor tashkilotlarni jalb etib, turizm sohasini oʻqitish va oʻrgatish, ayniqsa turizm sanoatida band boʻlgan kadrlarni tayyorlash borasida texnikaviy hamkorlikni kengaytirishning imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
9-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi, Pokiston Islom Respublikasi nomidan Madaniyat, sport va turizm vazirligi masʼuldirlar.
Ushbu Bitimning maqsadlarini tegishlicha amalga oshirish uchun ikkala Tomonning vakillaridan iborat boʻlgan qoʻshma ishchi guruhi tashkil etiladi.
Turizm sohasida almashuv va hamkorlikni ragʻbatlantirish boʻyicha foydali tavsiyanomalarni ishlab chiqish uchun qoʻshma ishchi guruhining yigʻilishlari bir yilda kamida bir marotaba har bir mamlakatda navbatma-navbat oʻtkazib turiladi.
10-modda
Ushbu Bitim besh yil muddatda amalda boʻladi va imzolangan kundan eʼtiboran kuchga kiradi. Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni Bitim muddati tugashiga kamida 6 oy qolgunicha uni bekor qilishi toʻgʻrisidagi niyati haqida yozma ravishda xabardor qilmasa, Bitim oʻz-oʻzidan navbatdagi besh yillik muddatga uzaytirilaveradi.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 1995-yil 22-mayda oʻzbek va ingliz tillarida, har biri ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar mazmuni jihatidan bir xil va teng kuchga ega.
(imzolar)