Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINING 4-MODDASIGA OʻZGARTIShLAR KIRITISh, ShUNINGDEK OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh MASALALARIGA OID AYRIM QONUN HUJJATLARINI OʻZ KUChINI YOʻQOTGAN DEB TOPISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2005-yil 10-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-fevralda maʼqullangan
2005-yil 10-oktabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2006-yil 25-fevralda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1991-yil 19-noyabrda qabul qilingan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi 425-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 1, 43-modda; 1993-yil, № 5, 236-modda; 1994-yil, № 11-12, 285-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 193-modda; 1998-yil, № 3, 38-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda) 4-moddasining 2 va 3-bandlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Quyidagi davlat mulki obyektlari davlat tasarrufidan chiqarilmaydi va xususiylashtirilmaydi:
1) Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida yer (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno), yer osti boyliklari, ichki suvlar, havo havzasi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi;
2) madaniy meros obyektlari, davlat fondlarini kiritgan holda, shu jumladan kitoblarning, kino, foto va fonohujjatlar, arxivlar va ilmiy-tadqiqot muassasalarining fondlari, muzeylar va muzey boyliklari, shuningdek muhofaza etiladigan tabiiy hududlar;
3) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining, valyuta zaxirasining, davlat maqsadli jamgʻarmalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablagʻlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining oltin zaxirasi;
4) pul muomalasi boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi davlat tashkilotlari, qimmatli qogʻozlarni, ordenlarni, medallarni va pochta toʻlovi belgilarini ishlab chiqarishni taʼminlovchi korxonalar va tashkilotlar;
5) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining, Milliy xavfsizlik xizmatining va Ichki ishlar vazirligining korxonalari, muassasalari va harbiy-texnikaviy mol-mulki (sanoatda qayta ishlov berilguniga qadar, shuningdek sanoatda qayta ishlov berilishi mumkin boʻlmagan mol-mulk);
6) ionlovchi nurlanish manbalaridan foydalanib ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlarini olib boruvchi, rentgen uskunalari, asbob-uskunalar va jihozlarni ishlab chiqish, tayyorlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
7) radioaktiv moddalarni kavlab olish, ishlab chiqarish, tashish, qayta ishlashni, radioaktiv chiqindilarni koʻmish, uran va boshqa boʻlinuvchi materiallarni, shuningdek ulardan yasalgan buyumlarni realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
8) qurol-yarogʻ va oʻq-dorilar, himoya vositalari, harbiy texnika, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va ular uchun asbob-uskunalar, portlovchi moddalar, pirotexnika mahsulotlari, shuningdek ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va uskunalar ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar;
9) ovchilik va sport sohasida foydalaniladigan oʻqotar qurollar va oʻq-dorilar, shuningdek tigʻ qurol (sovgʻa tarzidagi milliy pichoqlar bundan mustasno) ishlab chiqarish, taʼmirlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
10) kuchli taʼsir etadigan zaharlar, giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar ishlab chiqaruvchi, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddalari va zaharli moddalar boʻlgan ekinlar ekuvchi, yetishtiruvchi va ularga qayta ishlov beruvchi korxonalar;
11) Oʻzbekiston Respublikasining davlat zaxiralari. Fuqaro muhofazasi va safarbarlik maqsadidagi obyektlar hamda mol-mulk;
12) atom energetikasi obyektlarini (uskunalari, tizimlari va apparatlarini oʻrnatish) va strategik ahamiyatdagi obyektlarni qurish va montaj qilish ishlarini olib borish, ulardan foydalanish hamda ularni taʼmirlashni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar va tashkilotlar;
13) portlash xavfi boʻlgan va zaharli moddalarni tashishni amalga oshiruvchi ixtisoslashtirilgan korxonalar;
14) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari. Harbiylashtirilgan avtokolonnalar;
15) sanitariya-epidemiologiya stansiyalari. Sud-tibbiy ekspertizasi byurolari. Atrof muhit holatini nazorat qiluvchi hamda tabiatni muhofaza qiluvchi xizmatlar;
16) davolash-ishlab chiqarish ustaxonalari, jazoni ijro etish muassasalarining korxonalari;
17) maxsus vazifalarni bajaradigan korxonalar (Respublika maxsus aloqa uzeli, 15361 raqamli Harbiy qism, Elektromagnit moslik markazi);
18) qabristonlar.
3. Quyidagi davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan amalga oshiriladi (ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno):
1) asosiy fondlarining balans qiymati (2005-yil 1-yanvar holatiga koʻra) bir milliard soʻmdan ortiq boʻlgan korxonalar;
2) qimmatbaho, nodir metallar, qimmatbaho toshlarni kavlab olish hamda qayta ishlash korxonalari;
3) sanoatning tayanch tarmoqlari: yoqilgʻi-energetika, konchilik, mashinasozlik va paxtani qayta ishlash majmualarining korxonalari va tashkilotlari. Neft, gaz va koʻmir qazib chiqarish, quduqlar burgʻulash korxonalari va tashkilotlari. Magistral neft quvurlari va gaz quvurlari, neft mahsulotlarini oqizma holda yetkazib beradigan quvurlar, elektr va issiqlik hosil qiluvchi stansiyalar va hududiy qozonxonalar, tizim hosil etadigan elektr tarmoqlari. Avtomobillarga yonilgʻi quyish va gaz toʻldirish stansiyalari;
4) kimyo korxonalari (gerbitsidlar, mineral oʻgʻitlar, sintetik tolalar, qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashda ishlatiladigan zaharli kimyoviy dorilar va shu kabilarni ishlab chiqarish);
5) farmatsevtika sanoati hamda tibbiy-biologik dori-darmonlar sanoati korxonalari;
6) elektr aloqasi korxonalari, televizion, radio qabul qilish va radio uzatish markazlari hamda ularning muhandislik inshootlari;
7) raketa-kosmik majmualari, aloqa tizimlari va ularni boshqarish vositalarini ishlab chiqish, tayyorlash, taʼmirlash va realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi korxonalar va obyektlar;
8) matbaa korxonalari va nashriyotlar;
9) axborot va telegraf agentliklari;
10) shifrlashda ishlatiladigan texnikani ishlab chiqarish, taʼmirlash, realizatsiya qilish va undan foydalanishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
11) standartlashtirish va metrologiya korxonalari hamda tashkilotlari;
12) tavakkalchilik xavfi yuqori boʻlgan obyektlar hamda ichki va tashqi xavf-xatari bor ishlab chiqarish obyektlari (ushbu moddaning 2-bandi 12-kichik bandida koʻrsatib oʻtilgan obyektlar bundan mustasno) qurish hamda ulardan foydalanishni, ular uchun uskunalar, nazorat qilish va falokatlarning oldini olish tizimlarini tayyorlashni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
13) yongʻinga qarshi avtomatika vositalarini, qoʻriqlovchi, yongʻindan ogohlantiruvchi va qoʻriqlash-yongʻindan ogohlantirishga moʻljallangan signal berish vositalarini loyihalash, taʼmirlash, montaj qilish, sozlashni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
14) suv xoʻjaligi hamda melioratsiya tizimlarini loyihalash, qurish, taʼmirlash hamda ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar, avariya-qutqaruv kemalari, gidrotexnika inshootlarini texnik nazorat qilish kemalari;
15) muhandislik infratuzilmasi obyektlari: tuman markazlari va shaharlarning elektr, issiqlik va gaz taʼminoti, vodoprovod-kanalizatsiya xoʻjaligi, tashqi yoritish, tashqi obodonlashtirish obyektlari, shuningdek bunday obyektlarni loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatishni amalga oshiruvchi korxonalar;
16) temir yoʻl, havo va daryo transportida yoʻlovchilar hamda yuklar tashishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
17) shaharda yoʻlovchilar tashishni amalga oshiruvchi korxonalar va tashkilotlar;
18) vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralarning oliy, oʻrta maxsus va kasb-hunar oʻquv yurtlari, shuningdek umumtaʼlim muassasalari;
19) Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazining tashkilotlari. Davlat ilmiy markazlari;
20) davlat naslchilik xoʻjaliklari va fermalari, ot zavodlari, elita-urugʻchilik xoʻjaliklari, urugʻchilik va seleksiya stansiyalari, davlat urugʻchilik inspeksiyalari va qishloq xoʻjalik ekinlarining texnologik sifatini baholash laboratoriyalari, nav sinov stansiyalari va uchastkalari;
21) pochta aloqasi korxonalari;
22) oʻrmon xoʻjaligining, geologiya, kartografiya-geodeziya, gidrometeorologiya xizmati korxonalari va tashkilotlari hamda ularning axborot markazlari;
23) sanoatning qattiq chiqindilari va roʻzgʻor chiqindilari koʻmiladigan maydonlar, binolar, inshootlar va koʻmish uchun kerakli uskunalar, chorva mollar koʻmiladigan joylar;
24) mashina sinash stansiyalari, elevatorlar, muzlatkichxonalar, ombor xoʻjaligi obyektlari;
25) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan davlat sanatoriy-kurort xoʻjaliklari;
26) konsert-tomosha koʻrsatish muassasalarining korxonalari va obyektlari, kinolashtirish obyektlari, shuningdek kutubxonalar va oʻquv zallari;
27) sogʻliqni saqlash muassasalari;
28) veterinariya xizmati, oʻsimliklarni himoya qilish xizmati korxonalari va muassasalari;
29) nogironlar, qariyalar va fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoya etilmagan boshqa toifalari qarovda boʻladigan uylar va internatlar;
30) bolalar, oʻsmirlar va yoshlarning sogʻlomlashtirish muassasalari;
31) marosimlar oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan korxonalar va tashkilotlar”.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1995-yil 31-avgustda qabul qilingan “Ayrim korxonalar va mol-mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning baʼzi masalalari toʻgʻrisida”gi 119-I-sonli Qarori (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, № 9, 194-modda);
Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 26-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 82-II-sonli Qonunining XX boʻlimi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil № 5-6, 153-modda).
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 3-aprel,
OʻRQ-27-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 14-son, 109-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.02.2024-y., 03/24/907/0127-son)