O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TASHQI ALOQALARI SOHASIDA KADRLAR TAYYORLASHNI, ULARNI QAYTA TAYYORLASHNI VA ATTESTATSIYADAN O‘TKAZISHNI TAKOMILLASHTIRISHGA OID CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-oktabrdagi 662-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyati ko‘lamining va faolligining o‘sib borayotganligini, uning xalqaro obro‘-e’tibori ortayotganligini va turli mamlakatlar, nufuzli xalqaro siyosiy va iqtisodiy tashkilotlar bilan har tomonlama aloqalarning chuqurlashayotganligini e’tiborga olib, shuningdek, xalqaro ahvol bo‘yicha mutaxassislarni jadallik bilan tayyorlash, qayta tayyorlash va ularni attestatsiyadan o‘tkazish zaruriyatidan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:
bir oy muddatda tashqi siyosiy faoliyat sohasida mutaxassislarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularni attestatsiyadan o‘tkazishni takomillashtirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqsin;
3 oy muddatda turli davlat tuzilmalarida xalqaro faoliyatni amalga oshirish uchun kadrlar zaxirasini to‘ldirishni ta’minlasin;
bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Tashqi ishlar vazirligining yangi tuzilmasini va Nizomini tasdiqlash uchun taqdim etsin, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligining hamda uning chet ellardagi muassasalari ishining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror loyihasini ko‘rib chiqish uchun kiritsin;
bir oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi tizimiga kompyuter orqali test usulidan foydalangan holda shartnoma asosida ishga qabul qilish to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi tizimida kadrlarni davriy attestatsiyadan o‘tkazish va rotatsiyalash (almashtirish) to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin;
ikki oy muddatda zamonaviy kompyuter texnikasidan foydalangan holda maxsus test dasturlari asosida Tashqi ishlar vazirligi xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazsin va ularning natijalariga ko‘ra kontrakt asosida yangi mehnat shartnomasi tuzsin. Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatiga xodimlarning lavozim maoshlariga yuksak malakasi, chet tillarni bilishi va kompyuter texnikasi bilan ishlash malakasiga ega bo‘lganligi uchun belgilangan ish haqi fondi doirasida maxsus ustamalar belgilashga ruxsat etilsin;
xalqaro ahvol bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashda va qayta tayyorlashda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tahliliy ishlarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining, boshqa o‘quv yurtlarining va ilmiy-tadqiqot institutlarining ma’naviy imkoniyatlaridan faol foydalansin;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishgan holda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik kurslarni bitiruvchilarni taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish ishlariga rahbarlikni amalga oshirsin;
(1-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi 397-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.05.2019-y., 09/19/397/3123-son)
boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro ahvol bo‘yicha mutaxassis-kadrlar tayyorlashdagi har yilgi ehtiyojni aniqlasin va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida zarur miqdordagi mutaxassislarni o‘qitish uchun davlat buyurtmalari bersin;
xalqaro ahvol bo‘yicha mutaxassis-kadrlar tayyorlash sohasidagi jahon andazalari asosida, shuningdek, ularga bo‘lgan ehtiyojlarni hamda O‘zbekiston Respublikasining tashqi aloqalari istiqbollarini hisobga olib Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidagi ta’lim saviyasi va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilasin;
chet ellardagi o‘quv va ilmiy markazlar, xalqaro iqtisodiy va siyosiy tashkilotlar hamda muassasalarda Tashqi ishlar vazirligining, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining yosh, istiqbolli mutaxassislarining 1993-1994 o‘quv yilida 15 nafari, 1994-1995 o‘quv yilida 30 nafarining amaliy ish tajribasini oshirishini ta’minlasin. Ularning asosiy e’tibori chet mamlakatlarning tashqi iqtisodiy idoralari ish tajribalarini o‘rganishga, xalqaro shartnoma tuzish tajribasiga, protokol va konsullik xizmatlari faoliyatiga qaratilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Tashqi ishlar vazirligining buyurtmanomalariga ko‘ra zarur bo‘lgan mablag‘lar, shu jumladan, xalqaro ahvol bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga maqsadli valyuta mablag‘lari ajratsin.
2. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bir oy muddatda jahon tajribasi va tashqi siyosiy faoliyatning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimida lavozimlarni egallash uchun zamonaviy kompyuter texnikasidan foydalanib maxsus testlar va malakali test o‘tkazish uslubiyatini ishlab chiqsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatiga rahbarlik qilish uchun shaxsiy mas’uliyat O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri S. Saidqosimov zimmasiga yuklatilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 11-avgust,
405-son