Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2026-yil 7-iyulda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 2-oktabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2026-yil 2-oktabrda maʼqullangan
Keyingi yillarda mamlakatimizda kamsitishlarning oldini olish, mehnat munosabatlarida tenglik va adolat prinsiplarini taʼminlash hamda xalqaro mehnat standartlarini milliy amaliyotga izchil joriy etish borasida keng koʻlamli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish orqali mehnat sohasidagi huquqiy baza bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda.
Mazkur Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga “terisining rangi” va “siyosiy qarashlari” kabi belgilar mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitish sifatida baholanadigan holatlar hisoblanishini, shuningdek mehnat va mashgʻulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yoʻl qoʻyilmasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilmoqda.
Ushbu Qonun mehnat sohasida barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishga, har qanday koʻrinishdagi kamsitishlarning oldini olishga hamda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 28-oktabrda qabul qilingan OʻRQ-798-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2022-yil, 10-songa ilova; 2023-yil, № 4, 265-modda, № 11, 923-modda; 2024-yil, № 2, 111-modda, № 7, 627-modda, № 9, 964-modda; 2025-yil № 2, 193-modda, № 6, 730-modda, № 11, 1233-modda, № 12, 1321, 1329-moddalar; 2026-yil, № 6, 621-modda) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 4-modda ikkinchi qismining ikkinchi jumlasidagi “Jinsi, yoshi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi” degan soʻzlar “Jinsi, yoshi, irqi, terisining rangi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi, siyosiy qarashlari, qarindoshlarida sudlanganlikning mavjudligi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
2) quyidagi mazmundagi 81-modda bilan toʻldirilsin:
“81-modda. Mehnat va mashgʻulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yoʻl qoʻymaslik
Mehnat va mashgʻulotlar sohasida shahvoniy shilqimlikka yoʻl qoʻyilmaydi.
Mehnat va mashgʻulotlar sohasida shahvoniy shilqimlik deganda shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul boʻlgan hamda uning shaʼni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega boʻlgan harakatlarni sodir etish tushuniladi.
Ish beruvchi mehnat jamoasida shahvoniy shilqimlikdan xoli muhit yaratish uchun barcha zarur choralarni koʻrishi shart”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
4-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 13-noyabr,
OʻRQ-1189-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.11.2026-y., 03/26/1189/1128-son)