O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
QarorI
O‘zbekiston Respublikasining davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini chiqarish to‘g‘risida
(qaror nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 705-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
Davlat qimmatli qog‘ozlar bozorini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, davlat budjeti defitsitini inflatsiyasiz qoplash manbalarini ko‘paytirish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bo‘sh resurslaridan samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga 2004-yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasining davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini chiqarishga ruxsat etilsin.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
2. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasining davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlari davlat qimmatli qog‘ozlari hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan hujjatsiz shaklda chiqariladi va O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlar bozorida qonun hujjatlariga muvofiq muomalada bo‘ladi;
(2-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlari tijorat banklari va yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari o‘rtasida joylashtiriladi;
(2-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlari emissiyasi belgilab qo‘yilgan daromad foiziga ega bo‘lgan, bir yildan besh yilgacha muomalada bo‘ladigan muddat bilan alohida-alohida chiqarilgan holda amalga oshiriladi;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini joylashtirishdan olingan mablag‘lar respublika budjetiga tushadi;
(2-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
chiqarilgan davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini joylashtirish va to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi nomidan va davlat budjeti mablag‘lari hisobiga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan amalga oshiriladi.
(2-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga:
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan kelishgan holda, moliya bozori konyunkturasiga va budjet ehtiyojlariga qarab har qaysi chiqarilish hajmini, to‘lovlar davrini va daromad foizini belgilash;
ikkilamchi bozorda davlat o‘rta muddatli g‘azna majburiyatlarini sotib olish operatsiyalarini, shuningdek ularni muddatidan oldin to‘lash operatsiyalarini amalga oshirish huquqi berilsin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 23-sentabrdagi 274-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2015-y., 39-son, 507-modda)
4. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining davlat o‘rta muddatli pul majburiyatlarini chiqarish, ularning muomalada bo‘lishi va ularni to‘lash tartibi bo‘yicha ushbu qarordan kelib chiqadigan normativ hujjatlarni bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari R.S. Azimov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-yanvar,
11-son
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 1-2-son, 16-modda; 2015-y., 39-son, 507-modda)